AQSH va Eron prezidentlari urushni tugatishga oid memorandum imzolanganini tasdiqladilar

Neyrotarmoq yordamida shakllantirilgan fotosurat

Eron va Qo‘shma Shtatlar dastlabki tinchlik shartnomasini imzoladilar. Eron prezidenti Masud Pezeshkian bu haqda X (sobiq Twitter) sahifasida e’lon qildi va memorandumni “tarixiy hujjat” deb atadi. Oq uyning Reuters agentligiga ma’lum qilishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp ham kelishuv imzolanganini tasdiqlagan.

Pezeshkian hujjat tinchlikka “o‘zaro hurmat evaziga” erishish mumkinligi haqidagi xabarni yetkazayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron o‘zining “sharafi va mustaqilligini” saqlab qolgan holda, global tinchlik, taraqqiyot, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlikka sodiq qoladi.

Imzolash marosimi dastlab Shveysariyada bo‘lib o‘tishi kutilgan edi. Biroq, Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Esmoil Bagai Eron davlat televideniyesiga bergan bayonotida alohida marosim o‘tkazilmasligini ma’lum qildi, chunki prezidentlar hujjatni oldindan imzolagan va u allaqachon kuchga kirgan.

Memorandum matni 14 banddan iborat. Unga ko‘ra, barcha frontlarda, jumladan Livan hududida ham harbiy operatsiyalarni darhol va doimiy ravishda to‘xtatish nazarda tutilgan. Shuningdek, tomonlar yangi urush boshlamaslik va bir-biriga qarshi kuch ishlatmaslik majburiyatini olgan.

AQSH va Eron bir-birining suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, ichki ishlariga aralashmaslik bo‘yicha ham kelishib olgan. Hujjatga ko‘ra, 60 kun ichida tomonlar yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi kerak. Bu muddat o‘zaro kelishuv asosida uzaytirilishi mumkin.

Eng muhim bandlardan biri Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq. Qo‘shma Shtatlar dengiz blokadasini bekor qilishni boshlashi va jarayonni 30 kun ichida to‘liq yakunlashi lozim. Eron, o‘z navbatida, tijorat kemalarining bo‘g‘ozdan 60 kun davomida bojsiz xavfsiz o‘tishini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Neft narxlari kelishuvga allaqachon pasayish bilan javob qaytargan. Reuters agentligining xabar berishicha, Neftning Brent va WTI markalari narxi urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushgan: Brent1,28% ga pasayib, bir barrel uchun 78,53 dollarni tashkil etgan, WTI esa 1,93% ga pasayib, 75,31 dollarni tashkil etgan. Bozor Hormuz bo‘g‘ozi orqali ta’minotni tiklash va Tehronga qarshi sanksiyalarni yumshatish fonida narxlarni belgilamoqda.

Hujjatda AQSH memorandum amal qilish muddati davomida Eronga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llamasligi va shuningdek, Eron nefti, neft mahsulotlari va unga bog‘liq moliyaviy operatsiyalarni eksport qilish uchun vaqtinchalik ruxsatnomalar berishi belgilangan. Sanksiyalarni bekor qilish yakuniy kelishuvning bir qismi sifatida muhokama qilinishi kerak.

Yadroviy masalaga kelsak, Eron yadroviy qurol ishlab chiqarmasligini yoki sotib olmasligini tasdiqlagan. Tomonlar boyitilgan uran zaxiralarining taqdirini kelishilgan mexanizm orqali, hech bo‘lmaganda XAEA nazorati ostida Eron hududida materiallarni aralashtirish orqali hal qilishga kelishib oldilar.

XAEA direktori Rafael Grossi memorandumni olqishladi va uni amalga oshirish bo‘yicha texnik ishlar endi boshlanganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, agentlik Amerika va Eron tomonlari bilan birgalikda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan aniq choralarni belgilash uchun ishlaydi.

Kelishuvga izoh berarkan, Tramp agar Eron kelishuvni buzsa, AQSH zarbalarni qayta boshlashi mumkinligini aytdi, deb xabar beradi Reuters. Shuningdek, u 60 kunlik muzokaralar Yaqin Sharqda kengroq kelishuvga va neft narxining pasayishiga olib kelishiga umid bildirdi.

Isroil pozitsiyasi bahsli masala bo‘lib qolmoqda. Isroil muzokaralarda ishtirok etmagan, ammo memorandum Livanni qamrat oladi va u yerda harbiy harakatlarni to‘xtatish va mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish talab qilinadi.

Reuters agentligining xabar berishicha, Isroil “Hizbulloh”ga qarshi kuch ishlatish huquqini talab qilishda davom etmoqda va memorandum imzolangandan so‘ng, Livan janubiga hujumlar uyushtirgan. Tramp Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan Livan bo‘yicha «kichik nizo» borligini aytdi va Isroilni «yumshoqroq» harakat qilishga chaqirdi.

Memorandum BMT, Yevropa, Xitoy, Rossiya va Markaziy Osiyo tomonidan olqishlandi. Pokiston hujjatni tayyorlashda muhim rol o‘ynadi: Bosh vazir Shahboz Sharif imzolashdan oldin AQSH va Eron tinchlik shartnomasining yakuniy matni bo‘yicha kelishib olganini va Islomobod keyingi qadamlar ustida ikkala tomon bilan ishlayotganini ma’lum qildi. Keyinchalik Sharif tomonlar asosli hujjat bo‘yicha kelishib olganini va Pokiston elektron imzo va texnik muzokaralarni tayyorlayotganini ochiqladi.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya va boshqa bir qator davlatlar rahbarlari qo‘shma bayonotda kelishuvni “diplomatik yutuq” deb atashdi va Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha aniq va tasdiqlanadigan qadamlariga javoban tegishli sanksiyalarni bekor qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen ham kelishuvni olqishlab, uni tez va to‘liq amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, Hormuz bo‘g‘ozida kemalar erkinligini tiklash mintaqaviy barqarorlik va global iqtisodiyot uchun muhimdir.

Xitoy kelishuvlarni qo‘llab-quvvatladi va Pokistonning vositachilik sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan Pekin memorandumning birinchi bosqichi tasdiqlanganini olqishlayotganini va tomonlar muammolarni muloqot va muzokaralar orqali hal qilishiga umid qilayotganini ta’kidladi, deb xabar beradi China Daily.

Markaziy Osiyoda Qozog‘iston va Tojikiston prezidentlari kelishuvni ochiqchasiga olqishladilar.

Rossiya ham memorandum imzolanishiga munosabat bildirdi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ikki mamlakat prezidentlari tomonidan masofaviy formatda AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy mojaroni tugatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni olqishlashini bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi tomonlar vaziyatning yanada keskinlashishiga yo‘l qo‘ymasligi muhim ekanini ta’kidladi.