Toliblar Afg‘oniston bo‘ylab har qanday namoyishlarni qonunan taqiqladi

«Toliblar namoyishni tarqatmoqda» — afg‘onistonlik ayollar aksiyalaridan lavhalar. Reuters fotosurati

Afg‘onistonda «Tolibon» harakati hokimiyati tomonidan qabul qilingan yangi politsiya to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi. Hujjat mamlakat hududida har qanday namoyishlar o‘tkazilishini to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlaydi va ayni vaqtda xavfsizlik kuchlarining vakolatlarini kengaytiradi.

Afg‘oniston Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, «Shurta to‘g‘risidagi qonun» «Tolibon» rahbari Haybatulla Oxundzoda tomonidan tasdiqlangan va 20206 yil 22 avgust kuni 1496-sonli rasmiy gazetada e’lon qilingan. Qonun 53 ta moddadan iborat bo‘lib, uning ijrosi uchun mas’uliyat Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan.

Hujjatning 50-moddasida: «Afg‘oniston hududida har qanday namoyish o‘tkazish taqiqlanadi», deb belgilangan. Qonunning ushbu moddasida namoyishlar o‘tkazishga ruxsat berilishi mumkin bo‘lgan hech qanday istisno yoki maxsus shartlar nazarda tutilmagan.

Ayni vaqtda hujjat «Tolibon» hokimiyati politsiya o‘rniga «shurta» deb ataydigan kuchlarning vakolatlarini ham batafsil belgilab beradi. Qonun ularning shaxslarni aniqlash, gumon qilingan shaxslarni chaqirish va ushlash, tintuv o‘tkazish hamda gumon qilinuvchilar ustidan nazorat olib borish huquqlarini tartibga soladi.

Alohida qoidalar kuch ishlatish masalalariga bag‘ishlangan. Qonunning e’lon qilingan matniga ko‘ra, «shurta» ixtiyorida, jumladan, suv purkagich mashinalar, qalqonlar, rezina tayoqlar, to‘siqlar, qurol-yarog‘, shuningdek, portlovchi moddalar mavjud. 39-modda xodimlarga qurol ishlatishga ruxsat beriladigan holatlarni belgilaydi.

Shu tariqa, yangi qonun namoyishlarga nisbatan avvaldan mavjud bo‘lgan cheklovlarni shunchaki rasmiylashtirib qo‘ymay, balki «Tolibon» hokimiyatining normativ hujjatida namoyishlarni to‘liq taqiqlashni birinchi marta qonuniy jihatdan mustahkamlaydi.

Afg‘oniston ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, harakat 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan buyon namoyishlar, ayniqsa, ayollar aksiyalari muntazam ravishda tarqatib yuborilgan va ishtirokchilari esa qo‘lga olingan.

«Shurta to‘g‘risidagi qonun» Afg‘onistonda jamoatchilik va fuqarolik faoliyati ustidan nazoratni yanada kuchaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.