O‘zbekiston Markaziy banki 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan fintexni rivojlantirish milliy strategiyasini ishga tushirdi. Bu haqda 24 avgust kuni Silk Road Finance & Technology Forum forumida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi. Bu haqda Spot.uz xabar berdi.
Strategiya innovatsion fintex-xab va ixtisoslashtirilgan venchur fondini tashkil etishni nazarda tutadi. Shuningdek, regulyator Markaziy bank raqamli valyutasi (CBDC) bo‘yicha «oq kitob» (white paper) e’lon qiladi va uni tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazadi.
Ishmetovning ta’kidlashicha, fintex sektori jahon moliya tizimining muhim qismiga aylangan. O‘tgan yili sohaga qariyb 500 milliard dollar yo‘naltirilgan va u 22 foizga o‘sgan. Bu an’anaviy moliyaviy kompaniyalarning o‘sish sur’atlaridan to‘rt baravar yuqori. Shu bilan birga, eng yirik fintex kompaniyalarining 75 foizi allaqachon foyda keltirmoqda.
Markaziy Osiyo hozircha jahon fintex investitsiyalarida kichik ulushga ega — 2023 yilda mintaqada venchur moliyalashtirish hajmi qariyb 320 million dollarni tashkil etgan. Biroq Ishmetov mintaqaning yosh aholi va raqamlashtirish jarayonlarining jadal o‘sishi tufayli katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Markaziy bank raisi ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda to‘lovlarning 57 foizi allaqachon naqd pulsiz amalga oshirilmoqda va bu ko‘rsatkich o‘sishda davom etmoqda. Iqtisodiyotning yarmidan ko‘prog‘ini kichik va o‘rta biznes tashkil etadi, shuning uchun tadbirkorlarning moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
2030 yilga qadar fintex sohasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejalashtirilmoqda.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maqsadga erishish uchun Markaziy bank fintex sohasini rivojlantirish bo‘yicha birinchi milliy strategiyani ishlab chiqdi va uning asosidagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlamoqda.
“U sohani innovatsiyalarga, mutanosib tartibga solishga, zamonaviy moliyaviy infratuzilmaga, iqtidorlar va kapitalga yo‘l ochishga yo‘naltirilgan yagona milliy tizim doirasida birlashtiradi hamda O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda fintexning o‘sishi uchun darvoza sifatida namoyon etadi”, — dedi Ishmetov.
Markaziy bank raisi rivojlanishning beshta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi:
▪️ birinchisi — Bozor, ya’ni tadbirkorlar va innovatsiyalar uchun shunday sharoitlar yaratishki, bunda dasturchilar o‘z yechimlarini bozorga tezroq olib chiqib, ilk mijozlarini topa olsin.
▪️ ikkinchisi — Silk Road corridor. Bu mintaqaviy moliyaviy bog‘liqlikni rivojlantirish demakdir: Markaziy bank Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi to‘lov aloqalarini kuchaytirish va chegaralar osha moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish niyatida. Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, raqamli moliya geografik masofaning ahamiyatini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.
▪️ uchinchisi — Saroy, ya’ni zamonaviy moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish. O‘zbekistonda allaqachon UzQR milliy QR-tizimi faoliyat yuritmoqda, ochiq banking va to‘lov standartlari uchun API yaratilmoqda.
▪️ to‘rtinchisi — Observatory — raqamli aktivlar va pulning yangi shakllarini o‘rganish. Markaziy bank hozircha ushbu yo‘nalishda tadqiqot bosqichida turibdi;
▪️ beshinchisi — Madrassa — kadrlar tayyorlash. O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi qariyb 29 yoshni tashkil etadi, shuning uchun inson kapitaliga investitsiya kiritish zarur.
2030 yilga qadar Markaziy bank fintex sohasida 5000 nafar mutaxassis tayyorlashni rejalashtirmoqda. Birinchi guruh 2026 yil oxiriga qadar Singapur universitetlari va Global Finance & Technology Network (GFTN) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan dastur bo‘yicha o‘qishni boshlaydi. Dastur akademik tayyorgarlikni moliyaviy texnologiyalar sohasidagi amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtiradi.
Innovatsion xab 2026 yilning to‘rtinchi choragidan boshlab birinchi rezidentlarni qabul qiladi. Xab loyihalarni inkubatsiya bosqichidan bozorga chiqishga qadar qo‘llab-quvvatlaydi.
Ishmetov ayollarning moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi taraqqiyotni ham alohida ta’kidladi: O‘zbekistonda bank hisob raqamiga ega ayollar ulushi 39 foizdan 61 foizga oshgan.
Forum doirasida regulyator Markaziy bank raqamli valyutasi (CBDC) bo‘yicha «oq kitob»ni e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Hujjatda CBDCdan foydalanish ssenariylari, arxitektura variantlari va uning moliya tizimiga ta’siri ko‘rib chiqiladi.
«Olingan natijalar tajriba bosqichini boshlash uchun foydali bo‘ladi. Uning maqsadi — eng maqbul yondashuvni sinab ko‘rish va O‘zbekistonda innovatsiyalar hamda raqamli iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun raqamli valyutani qo‘llash imkoniyatlarini baholash», — deya xulosa qildi Ishmetov.
Silk Road Fin&Tech Forum 24–27 avgust kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Forumning birinchi kunida 74 davlatdan delegatsiyalar — moliya va fintex sohasida faoliyat yurituvchi 6000 dan ortiq mutaxassis, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar fintexdagi yangi tendensiyalar, innovatsion yechimlar, raqamli moliyaviy xizmatlar, moliya sektoriga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilmoqda.



