O‘zbekistonda pensiya yoshiga yetgan aholining qariyb uchdan ikki qismi to‘liq pensiya olish uchun zarur bo‘lgan to‘liq mehnat stajiga ega bo‘lmagan. Bu haqda Pensiya jamg‘armasining rasmiy Telegram kanali xabar berildi.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2010 yilda yangi pensiyaga chiqqanlar orasida to‘liq mehnat stajiga ega bo‘lmaganlar ulushi 6 foizni tashkil etgan. 2025 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 61 foizga yetgan.
Pensiya oluvchilarning umumiy tarkibida ham bunday fuqarolar ulushi sezilarli darajada oshgan. Agar 2010 yilda bu ko‘rsatkich 3 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilda 39 foizga yetgan.
Amaldagi qonunchilik to‘liq pensiya tayinlash uchun aniq talablarni belgilagan. Erkaklar 60 yoshga to‘lganda kamida 25 yillik mehnat stajiga, ayollar esa 55 yoshga to‘lganda kamida 20 yillik mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak. Belgilangan minimal stajga yetmagan fuqarolarga pensiya mavjud mehnat stajiga mutanosib ravishda tayinlanadi.
Jamg‘armadagi ma’lumotlarga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyatning asosiy sabablari quyidagilar:
▪️ norasmiy ishlash;
▪️ ish haqini «konvertda» olish;
▪️ ijtimoiy soliqni to‘lamasligi;
▪️ vaqtincha ishsiz qolish;
▪️ mehnat faoliyatini tasdiqlovchi hujjatlarni arxivga topshirmaslik.
Idora ta’kidlashicha, norasmiy bandlik nafaqat bugungi daromadga, balki kelajakdagi pensiya miqdoriga ham ta’sir qiladi. Pensiya miqdori bevosita rasmiy mehnat staji, ish haqi va to‘langan ijtimoiy soliq miqdoriga bog‘liq. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda pensiya oluvchilarning 47 foizi 820 ming so‘mdan ($68) 1 million so‘mgacha ($83) miqdorda pensiya oladi.
Jamg‘arma ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 iyul holatiga mamlakatda pensiya oluvchilar soni 4 361 432 nafarga yetgan. Pensiyaning o‘rtacha miqdori 1 688 061 so‘mni ($140) tashkil etgan.
Yoshga doir pensiyani 3,6 million kishi oladi, bu barcha pensiya oluvchilarning 83 foizini tashkil etadi. Nogironlik pensiyasini 482 200 kishi yoki 11 foiz oladi. Yilning olti oyi davomida mamlakatda 154 180 nafar yangi pensiya oluvchi shaxs ro‘yxatga olingan.



