O‘zbekiston hukumati 2030 yilga borib mamlakatda muhim minerallar ishlab chiqarish hajmini kamida 2,7 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Buning uchun respublikada qazib olinadigan tegishli foydali qazilmalar ro‘yxati 16 tagacha kengaytiriladi. Bu haqda 5 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga tog‘-kon sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdim etilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Xususan, «O‘zbekiston texnologik metallar kombinati» (O‘TMK) oldiga katta maqsadlar qo‘ygan. Korxona besh turdagi muhim mineral — volfram, molibden, selen, tellur va reniy ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan. Endi yana 11 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Biroq, Mirziyoyev matbuot xizmati xabarida faqat o‘nta mineral nomi keltirilgan: nikel, kobalt, grafit, surma, qalay, marganes, platina, vanadiy, simob va mis.
Prezident sohaga ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish va foydali qazilmalarning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash muhimligini ta’kidladi.
Volframni chuqur qayta ishlash loyihalari alohida muhokama qilindi. Ularni amalga oshirish uchun 1,1 milliard dollarlik investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Bu 2030 yilga borib ishlab chiqarish hajmini qariyb 2,2 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Yig‘ilishda bugungi kunda muhim minerallar va metallarga bo‘lgan talab jadal sur’atlarda oshib borayotgani qayd etildi. Agar an’anaviy metallarga talab yiliga o‘rtacha 1 foizga o‘ssa, muhim minerallar bozorida bu ko‘rsatkich 10 foizni tashkil etadi.
Vujudga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda, O‘zbekiston hukumati mahalliy korxonalar, jumladan, O‘TMKni jadal rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Bunda geologiya-qidiruv ishlari va qazib olishdan tortib, boyitish, xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Kombinat rahbariyati prezidentga joriy yil oxirigacha 12 ta investitsiya loyihasini ishga tushirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar turini kengaytirish, shuningdek, o‘ta toza selen va tellur ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda «Navoiyuran» korxonasi faoliyatini takomillashtirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Korxona vakillarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda uran xomashyosiga bo‘lgan talab 10–20 foizga oshgan. Prognozlarga ko‘ra, 2030 yilgacha bu ko‘rsatkich 28 foizga yetadi. Shu bois o‘zbek kompaniyasi yangi konlarni o‘zlashtirish orqali mazkur foydali qazilma turini qazib olish hajmini oshirishi va ishlab chiqarish samaradorligini ko‘tarishi zarur.
Bu vazifalarni hal etish uchun joriy yilda geologiya-qidiruv ishlari va burg‘ilash ko‘lamini kengaytirish, kombinat infratuzilmasini rivojlantirish hamda qo‘shimcha sorbsiya qurilmalarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Mahsulot ishlab chiqarish jarayonida kimyoviy reagentlar muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan «Navoiyuran»ga mahalliy korxonalar tomonidan texnik oltingugurt, sulfat va nitrat kislotasi yetkazib berish hajmini oshirish kutilmoqda. Shu bilan birga, prezident oltingugurt kislotasi o‘rnini bosuvchi reagentlar ulushini 2030 yilga borib 40 foizga yetkazish imkonini beradigan muqobil texnologiyalarni joriy etishni topshirdi.
Joriy yilda Navoiyda uran ishlab chiqarish hajmi 7,5 ming tonnani tashkil etadi. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich ikki barobarga — 15 ming tonnaga yetkaziladi. Uranning qidirib topilgan zaxiralari hajmi esa 200 ming tonnaga yetkaziladi.



