O‘zbekistonda 1991 yildan buyon ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta hosili yetishtirildi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining arxiv fotosurati

O‘zbekistonda 5 million tonnadan ortiq paxta terib olindi. Bu 1991 yilda mustaqillikka erishilganidan buyon mamlakat tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir. Bu haqda respublika prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrik maktubida ma’lum qildi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Mirziyoyev ushbu natijani «Yangi O‘zbekiston paxtachiligining mo‘jizasi» deb atadi hamda dehqonlar, fermerlar, agronomlar, mexanizatorlar va klasterlar xodimlariga minnatdorlik bildirdi.

Prezidentning eslatishicha, 1980 yillarda respublikada paxta yetishtirish uchun qariyb 2 million gektar yer ajratilgan, o‘rtacha hosildorlik esa gektariga 30 sentnerdan oshmagan. 2000 yilda paxta maydonlari 1,4 million gektarni, yalpi hosil esa 3 million tonnani tashkil etgan. So‘nggi yillarda ekin maydonlari 38 foizga qisqartirildi, ayni paytda o‘rtacha hosildorlik gektariga 21 sentnerdan 56 sentnergacha, ya’ni 2,7 barobar oshdi. Qariyb 400 ming gektar maydonda o‘rtacha hosildorlik 70 sentnerga, yana qariyb 70 ming gektarda esa 100–110 sentnerga yetdi. Prezident hosildorlik bo‘yicha peshqadamlar sifatida Paxtakor tumanidan Anorboy Eshmatov va Jarqo‘rg‘on tumanidan Ulug‘bek Supiyevni tilga oldi. Ular har gektardan 110 sentnerdan paxta hosili olgan.

Mirziyoyev mexanizatsiya masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Joriy yilda hosilning 85 foizi 3 mingdan ortiq paxta terish mashinasi yordamida 30–35 kun ichida yig‘ib olindi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida mexanizatsiya darajasi 100 foizga yetkazildi.

Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bu yilgi natijalarga erishishda Paxtachilik kengashining tashkil etilishi, olimlar tomonidan noan’anaviy texnologiyalarning qo‘llanilishi, raqamlashtirish va dronlardan foydalanish orqali xarajatlarning ikki barobar qisqartirilishi asosiy omillar bo‘ldi. Davlat tomonidan ajratilgan moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish, to‘lov intizomini yaxshilash, subsidiyalash tizimini takomillashtirish va sug‘urta tizimini yaratish ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Kutilishicha, joriy yilda paxtakor fermerlar 13–14 trillion so‘m (1 milliard dollardan ortiq) sof foyda oladi. Kelgusi yil uchun esa yuqori hosildor navlarni ekish maydonlarini kengaytirish, agrodronlar, suv tejovchi texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish hisobiga o‘rtacha hosildorlikni gektariga 65–70 sentnerga yetkazish maqsadi qo‘yilgan.

Prezident bir necha yil avval paxtaga davlat buyurtmasini bekor qilish va sohadagi monopoliyani tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini, shuningdek, o‘qituvchilar, talabalar va budjet tashkilotlari xodimlarini dala ishlariga jalb qilish amaliyoti to‘xtatilganini eslatdi. Tabrik maktubida yaqinda Toshkentda Butunjahon paxta kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan forumda 30 dan ortiq mamlakat olimlari va mutaxassislari O‘zbekistonda Jahon paxta markazini tashkil etishni taklif qilgani ta’kidlangan.

▪️ Shavkat Mirziyoyev paxta yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni 2020 yil mart oyida imzolagan edi. Avvalgi davlat xaridlari tizimi o‘rnini paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan shartnomaviy munosabatlar egalladi. Ishlab chiqaruvchilar paxtani birja mexanizmlari orqali sotish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shunga qaramay, sohada ishlab chiqarish bo‘yicha prognoz va shartnomaviy ko‘rsatkichlar saqlanib qolmoqda. 2026 yil uchun bunday mo‘ljal 4,5 million tonna paxta hosili etib belgilangan edi.