Vashington, sizlarni Qobulda kutishmoqda

Qobul diplomatik tan olinish va sarmoya evaziga Trampga mamlakat resurslarini taklif qilmoqda
Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy. The New York Times fotosurati

G‘arb qo‘llab-quvvatlagan Afg‘oniston hukumati qulagani va AQSH qo‘shinlari mamlakatdan chiqib ketganidan besh yil o‘tib, «Tolibon» harakati shakllantirgan Afg‘oniston hukumati AQSH bilan munosabatlarni tiklashni ochiq ravishda taklif qildi. Gap harbiy kontingentni qaytarish haqida emas, balki elchixonani qayta ochish, diplomatlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, infratuzilma va foydali qazilmalarni o‘zlashtirishga investitsiya kiritish haqida bormoqda. The New York Times xabariga ko‘ra, bunday taklif bilan Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Qobuldagi intervyusida so‘z yuritgan.

«Biz urush bobi yakunlangan, deb hisoblaymiz. Endi o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar, shuningdek, ijobiy hamkorlikning yangi bosqichini istaymiz», — degan Muttaqiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Afg‘oniston poytaxtidagi elchixonasini qayta ochishi, diplomatik huzurini tiklashi, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, to‘g‘onlar va avtomobil yo‘llarini qurishga mablag‘ kiritishi mumkin.

Bu chaqiriq ikki tomon munosabatlarining yaqin tarixini hisobga olganda, ayniqsa e’tiborli ko‘rinadi. 2021 yil avgust oyida AQSH va NATO kuchlarining olib chiqilishi fonida toliblar shiddatli hujumdan so‘ng yana hokimiyat tepasiga qaytdi. AQSHning Kobuldagi elchixonasi yopildi, diplomatlar va AQSH fuqarolari evakuatsiya qilindi. Bundan oldingi yigirma yil davomida Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari harbiy amaliyotlar, avvalgi hukumatni qo‘llab-quvvatlash, yo‘llar, energetika, ta’lim va davlat institutlarini tiklash uchun milliardlab dollar sarfladi. «Tolibon» esa o‘sha davrda G‘arb koalitsiyasiga qarshi qurolli kurash olib bordi va, jumladan, barpo etilayotgan infratuzilma obyektlariga ham hujumlar uyushtirgandi.

Endi Afg‘onistonning amaldagi hukumati o‘zini isyonkor harakat sifatida emas, balki xavfsizlik va biznes yuritish uchun sharoitlarni kafolatlay oladigan hukumat sifatida ko‘rsatishga urinmoqda.

Qobulda ta’kidlanishicha, urush tugaganidan so‘ng mamlakatda korrupsiya darajasi pasaygan, davlat boshqaruvi yanada markazlashgan, investorlarga esa toliblar barqaror va oldindan prognoz qilish mumkin, deb atayotgan sharoitlarda ishlash imkoniyati yaratilgan.

Ayni paytda mustaqil xalqaro tashkilotlar va G‘arb davlatlari hukumatlari toliblar ma’muriyatini Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida tan olmayapti.

Muttaqiy Vashington bilan munosabatlarni ehtimoliy tiklash xorijiy harbiylar bo‘lishini anglatmasligini alohida ta’kidladi. Uning ta’kidshicha, afg‘onlar mamlakat hududida boshqa davlat qo‘shinlarining joylashtirilishiga rozi bo‘lmaydi. Bu fikr, jumladan, avvalroq Bagrom aviabazasi ustidan Amerika nazoratini qaytarish zarurligi haqida ochiq gapirgan AQSH prezidenti Donald Trampga qaratilgan. Qobuldan shimolda joylashgan ushbu obyekt qariyb 20 yil davomida AQSHning Afg‘onistondagi eng muhim harbiy bazasi bo‘lgandi.

Тoliblar AQSH ma’muriyatining boshqa talablarini ham bajarishga rozi bo‘lmadi: Afg‘onistonda qoldirilgan Amerika qurol-yarog‘larini qaytarish va 2022 yilda Qobulda bedarak yo‘qolgan AQSH va Afg‘oniston fuqarosi Mahmud Habibini ozod qilish. Vashington Habibini Afg‘oniston maxsus xizmatlari qo‘lga olgan, deb hisoblaydi, ammo Qobuldagi hukumat buni rad etmoqda.

Shu vaziyatda Oq uy ham so‘nggi bir yil ichida «Tolibon»ni siyosiy jihatdan tan olishga yaqinlashmadi, aksincha, Afg‘oniston bilan munosabatlarga qo‘shimcha cheklovlar joriy qildi: afg‘on fuqarolariga viza berishni to‘xtatdi, ularning AQSHga kirishini taqiqladi va «Tolibon»ni amerikaliklarni noqonuniy ushlab turish bilan bog‘liq tuzilmalar ro‘yxatiga kiritdi.

AQSH Davlat departamenti esa The New York Times nashriga bergan izohida toliblar bilan munosabatlarni normallashtirish masalasini ko‘rib chiqmayotganini bildirdi. Departament fikricha, Afg‘onistonning amaldagi hukumati xavfsizlikni ta’minlash va xalqaro terrorchilik guruhlariga qarshi kurashish bo‘yicha bergan va’dalarini bajarmagan.

Amerika tomoni, shuningdek, Afg‘oniston hududi yana mamlakat tashqarisida amalga oshiriladigan hujumlarga tayyorgarlik ko‘rish bazasi sifatida ishlatilishidan xavotirda. Davlat departamenti «Tolibon» bilan aloqalar faqat AQSH manfaatlariga javob bergan taqdirdagina mumkin bo‘lishini ta’kidladi.

Ayni paytda Kobuldagi hukumat Vashington va Yevropa davlatlarining tan olishini kutmasdan, tashqi aloqalarini kengaytirishga harakat qilmoqda. The New York Times ta’kidlashicha, so‘nggi bir yil ichida Afg‘oniston Rossiya bilan mudofaa sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuv tuzdi, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston bilan o‘nlab savdo kelishuvlarini imzoladi, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlari bilan aloqalarni saqlab kelmoqda.

Yevropa bilan migratsiya diplomatiyasi ham alohida yo‘nalishga aylandi. Afg‘oniston hukumati Germaniya, Fransiya va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari bilan boshpana so‘rovi rad etilgan afg‘onlarni, shuningdek, jinoyat sodir etgani uchun sudlangan migrantlarni vatanga qaytarish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Iyun oyida besh nafar afg‘on diplomati Bryusselda Yevropa Ittifoqining 15 davlatidagi 20 dan ortiq vakil bilan uchrashdi. Tomonlar boshpana berish rad etilgan shaxslar va Afg‘oniston fuqarolarini repatriatsiya qilish mexanizmini muhokama qildi.

Yevropa hukumatlari uchun bu aloqalar, avvalo, amaliy migratsiya masalalari bilan bog‘liq bo‘lib, «Tolibon» rejimini tan olishni anglatmaydi. Yevropaning hech bir davlati Afg‘onistonning amaldagi ma’muriyatini qonuniy hukumat sifatida tan olmagan. Afg‘onistonning o‘zi esa amalda BMT va Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi asosiy xalqaro institutlar faoliyatidan chetlatilgan. AQSH ham Afg‘oniston Markaziy bankining milliardlab dollarlik aktivlarini muzlatib qo‘ygan, bu esa Qobulning to‘laqonli moliyaviy va iqtisodiy siyosat yuritish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Shunga qaramay, toliblar AQSHning Afg‘oniston yer osti boyliklariga qiziqishi yangi kelishuv uchun asos bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda.

Afg‘oniston litiy, mis, temir rudasi, kamyob yer elementlari va boshqa resurslarning katta zaxiralariga ega. Ular elektronika, akkumulatorlar, energetika uskunalari va mudofaa sanoatida ishlatiladi. AQSH va Xitoy o‘rtasida strategik ahamiyatga ega xomashyoga kirish imkoniyati uchun raqobat kuchayib borayotgan bir paytda, Qobul Amerika kompaniyalariga konlarni o‘zlashtirishda ishtirok etishni taklif qilmoqda.

Biroq, avvalgi tajriba Afg‘oniston resurslarini o‘zlashtirish jiddiy xatarlar bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. 2004 yildan 2021 yilgacha AQSH ushbu mamlakatda qazib olish sanoatini rivojlantirish uchun qariyb 1 milliard dollar yo‘naltirgan, ammo AQSHning Afg‘onistonni tiklash bo‘yicha maxsus bosh inspektori hisobotiga ko‘ra, bu sezilarli natija bermagan. To‘siqlar qatorida urush, davlat institutlarining zaifligi, korrupsiya, infratuzilmaning yetishmasligi, murakkab logistika va xavfsizlik muammolari qayd etilgan. Toliblar hokimiyatga kelganidan keyin tog‘-kon sanoati sohasidagi kelishuvlarni Xitoy, Eron va Qatar kompaniyalari tuzdi.

Ayrim amerikalik tahlilchilar va sobiq diplomatlar Vashington Qobul bilan faqat mahbuslar almashinuvi va «Islom davlati» guruhiga qarshi kurash masalalarini emas, boshqa yo‘nalishlarni ham muhokama qilishi kerak, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, Afg‘onistonda diplomatik vakolatxonaning bo‘lishi AQSHga mamlakatdagi vaziyat haqida ishonchliroq ma’lumot olish, Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni saqlash, Rossiya va Xitoy ta’sirini jilovlash hamda strategik ahamiyatga ega minerallar bilan bog‘liq loyihalarda ishtirok etish imkonini berishi mumkin.

Biroq, asosiy to‘siq toliblarning ichki siyosati bo‘lib qolmoqda. Xalqaro jinoyat sudi harakatning oliy rahbari Haybatulla Oxundzodaga ayollar va qizlarni ta’qib qilish bilan bog‘liq insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, hibsga olish orderini bergan. Hokimiyatga qaytganidan so‘ng «Tolibon» qizlarning o‘rta maktab va universitetlarda o‘qishini taqiqladi, ayollarning mehnat qilishi, erkin harakatlanishi va jamoat hayotida ishtirok etishini keskin chekladi. Bu choralar G‘arb davlatlarining Afg‘oniston hukumatini tan olishga tayyor emasligining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Muttaqiy intervyu davomida ayollar va qizlarni kamsitish xalqaro tan olinishga to‘sqinlik qilayotgan-qilmayotgani haqidagi savolga to‘g‘ridan to‘g‘ri javob bermagan. Avvalroq u qizlarning o‘rta ta’lim olishini taqiqlashni vaqtinchalik chora, deb atagan edi. Biroq, toliblar 1996–2001 yillardagi birinchi hukmronligi davrida ham, 2021 yilda hokimiyatga qaytganidan so‘ng ham xuddi shunday bayonotlardan foydalangan, ammo keyinchalik taqiqlarni bekor qilmagan.

Shunday qilib, Qobulning AQSHga taklifi toliblarning ichki siyosatini o‘zgartirishga tayyorligidan ko‘ra, jiddiy yon berishlarsiz investitsiyalar, diplomatik kanallar va qisman legitimlikka ega bo‘lishga urinishini aks ettiradi. Vashington foydali qazilmalar, xavfsizlik va Xitoy hamda Rossiya bilan raqobat nuqtayi nazaridan manfaatdor bo‘lishi mumkin. Biroq, to‘laqonli yaqinlashuv uchun toliblar eng qattiq cheklovlarni, avvalo, ayollarga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni o‘zgartirishiga to‘g‘ri keladi. Hozircha bunday tayyorlik belgilari ko‘rinmayapti.