Xitoy kompaniyasi Surxondaryo gaz konidagi avariyani bartaraf etishga kirishdi

Boysundagi avariya yuz bergan quduq. «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati fotosurati

Xitoy Milliy neft va gaz korporatsiyasi (CNPC) Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi «25 yil mustaqillik» (M-25) gaz konida avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarga kirishdi. Bu yerda 2024 yil sentyabridan buyon gaz chiqishi davom etmoqda. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi Mo‘min Ibodov ma’lum qildi.

Ishlar 2026 yil 15 avgustda boshlandi. Shu kuni «O‘zbekneftgaz» boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov, Boysun tumani hokimi Baxodir Shukurov va CNPC vakillari kon yaqinida joylashgan Qafrun qishlog‘i aholisi bilan uchrashdi. Tomonlar avariyali quduqni yopish rejasi va xavfsizlik choralarini muhokama qildi.

Ishlarni CNPCning «CCDC» (Chuanqing Drilling Engineering Company Limited) sho‘ba korxonasi amalga oshirmoqda. Xitoylik pudratchini tanlash Rossiya («Rosneft»), AQSH (Schlumberger) va Janubiy Koreya kompaniyalarining takliflari o‘rganib chiqilganidan so‘ng amalga oshirildi. «O‘zbekneftgaz» rahbari Abdug‘ani Sanginovning so‘zlariga ko‘ra, texnik yechim nuqtayi nazaridan CNPC taklifi eng maqbul deb topilgan. Sanginov xitoy kompaniyasi bilan hisob-kitoblar moliyaviy asosda amalga oshirilishini, buning uchun tabiiy resurslar berilmasligini ta’kidladi.

«O‘zbekneftegaz» ma’lum qilishicha, 2026 yil oxiriga qadar Xitoy va boshqa davlatlardan Boysunga 40 dan ortiq maxsus texnika birligini olib kelish rejalashtirilgan. Ular orasida tarkibida vodorod sulfidi miqdori yuqori bo‘lgan gaz bilan ishlash imkoniga ega burg‘ilash qurilmalari ham bor. Burg‘ilash ishlarini 2027 yil yanvar oyida boshlash va qo‘shimcha to‘rtta quduq qazish rejalashtirilmoqda.

Avariyaviy quduqni to‘liq yopish 2027 yil iyul oyiga qadar yakunlanishi kutilmoqda.

2026 yil fevral oyi oxirida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamkorlar bilan birgalikda avariyani bartaraf etish bo‘yicha ilmiy yechim topilganini ma’lum qilgandi. «Biz avariyani ham to‘xtatamiz, Surxondaryo iqtisodiyotiga kuchli turtki beradigan loyihani ham boshlaymiz», — degan edi davlat rahbari.

M-25 koni O‘zbekistonda hali o‘zlashtirilmagan eng yirik gaz koni hisoblanadi. Uning zaxiralari 150–170 mlrd kub metr gazga baholanadi, uning katta qismida vodorod sulfidi yuqori konsentratsiyada mavjud. Konni o‘zlashtirish gazni qayta ishlash majmuasini qurishni nazarda tutadi.

Obyekt Boysun shahridan 20 km uzoqlikda joylashgan. Uning o‘zlashtirilishiga O‘zbekiston hukumati 2017 yil aprel oyida investorlar konsorsiumi bilan mahsulot taqsimoti to‘g‘risida bitim imzolagandan so‘ng kirishilgan. Aksiyadorlar — Altmax Holding (Kipr), «O‘zbekneftegaz» va Gas Project Development Central Asia (Rossiya). Operator vazifasini Surhan Gas Chemical Operating Company bajaradi.

Loyihaning umumiy qiymati 5,8 mlrd dollarga baholangan. Faqat gaz-kimyo majmuasiga qariyb 2 mlrd dollar investitsiya kiritish rejalashtirilgan. 2021 yilda Rossiyaning VEB.RF va «Gazprom» kompaniyalari Surxondaryodagi kon infratuzilmasi uchun texnika va xizmatlar yetkazib berishga 900 mln dollar miqdorida kredit ajratgan.

Kondagi avariya 2024 yil 1 sentyabrda yuz bergan. №604-quduqda burg‘ilash ishlari vaqtida tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gaz sizib chiqa boshlagan. Yaqin hududlarda yashovchi aholi evakuatsiya qilingan. Avariyani bartaraf etish ishlari 15 sentyabrga qadar davom etgan, ammo 17 sentyabr kuni gaz chiqishi yana boshlangan. Keyin yuz bergan portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi jarohat olgan.

2025 yil mart va may oylarida konning boshqa — №202-qudug‘ida tarkibida vodorod sulfidi yuqori bo‘lgan gaz chiqishi qayd etilgan. Gaz tarqalishining oldini olish uchun uni nazorat ostida yoqish ishlari olib borilgan. O‘sha paytda Energetika vaziri lavozimida ishlagan Jo‘rabek Mirzamahmudov voqeani O‘zbekiston tarixidagi eng yirik oltita texnogen avariyadan biri, deb atagandi.