Xorazm viloyatida Urganch aeroportidan Xiva vokzaligacha bo‘lgan temir yo‘l ishga tushirildi

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Xorazm viloyatida Urganch xalqaro aeroportidan Xiva temir yo‘l vokzaligacha bo‘lgan temir yo‘l ishga tushirildi. Yangi yo‘nalishni prezident Shavkat Mirziyoyev Xivaga elektropoyezdda yetib kelgan holda ko‘zdan kechirdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.

Loyihaning qiymati 225 milliard so‘mni (18,7 million dollar) tashkil etadi. Uzunligi 11 kilometr bo‘lgan temir yo‘l liniyasida stansiya, ko‘prik, avtomobil yo‘llari bilan kesishmalar va 25 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.

Yo‘nalishning hisob-kitob qilingan o‘tkazish quvvati yiliga qariyb 650 ming yo‘lovchini tashkil etadi. Ularning asosiy qismini sayyohlar tashkil qilishi kutilmoqda. Xiva va Urganch o‘rtasidagi yo‘l vaqti 80 daqiqadan 40 daqiqaga qisqardi.

Bu O‘zbekistonda aeroportni temir yo‘l tarmog‘i bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lash bo‘yicha amalga oshirilgan birinchi loyihadir. Yo‘nalishda Xitoyda ishlab chiqarilgan CR200J elektropoyezdi qatnaydi. Olti vagondan iborat poyezd qariyb 400 nafar yo‘lovchini sig‘dira oladi va soatiga 160 kilometrgacha tezlikda harakatlanadi. Poyezdda VIP, biznes va ekonom-klass o‘rinlari, bepul Wi-Fi, qurilmalarni quvvatlash uchun rozetkalar va iqlim nazorati tizimi mavjud. Harakatlanishi cheklangan yo‘lovchilar uchun ham zarur sharoitlar yaratilgan.

Xivada prezidentga Urganch aeroportidan Xiva vokzaligacha bo‘lgan xuddi shu yo‘nalishda harakatlanadigan yangi trolleybuslar ham namoyish etildi. O‘nta zamonaviy trolleybus iyul oyida Xitoydan olib kelingan. Ular avtonom harakatlanish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, elektr tarmog‘iga ulanmasdan 100 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Ushbu trolleybuslarni xarid qilish g‘oyasi Mirziyoyevning o‘tgan yili Xorazm viloyatiga tashrifi ortidan paydo bo‘lgandi. O‘shanda u turli transport turlarini integratsiya qilish zarurligini ham ta’kidlagan edi. Prezidentning aytishicha, bunday yondashuv yo‘lda sarflanadigan vaqtni qisqartirishi va hududning sayyohlik jozibadorligini oshirishi kerak.

So‘nggi besh yilda Xorazm viloyatiga kelayotgan xorijiy sayyohlar soni o‘n barobarga oshdi, mehmonxona fondi esa to‘rt barobar ko‘paydi. Viloyatda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi barpo etildi, 11 ta yangi sayyohlik obyekti ishga tushirildi. Shuningdek, maydoni 12,3 gektar bo‘lgan sayyohlik shaharchasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.