Qirg‘izistonda maxsus xizmat rahbari ishdan ketganidan so‘ng, MXDQ xodimlariga qarshi 500 dan ortiq shikoyat kelib tushdi

economist.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbariyati iste'foga chiqqanidan so‘ng, prokuraturaga ko‘mita xodimlariga nisbatan 500 dan ortiq shikoyatlar kelib tushgan. Bu haqda Kaktus.media nashri xavfsizlik idoralaridagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Shikoyatlar mualliflari tadbirkorlar va turli darajadagi amaldorlardan iborat. Ular MXDQ xodimlarini mansab vakolatlarini suiiste'mol qilishda ayblaydilar.

Avvalroq, 16 fevral kuni Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) sobiq a'zosi Ishoq Masaliyev idoralararo komissiya tuzish orqali so‘nggi besh yildagi shov-shuvli jinoiy ishlarni qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan edi.

«Natijalar kutilmagan bo‘lishi mumkin, ammo bu qadam zarur — ham jamiyat, ham prezident uchun», — dedi Masaliyev.

O‘z navbatida, MXDQ konstitutsiyaviy tamoyillarga asoslanib, idoralararo komissiya tuzish taklifini rad etdi. Qo‘mitaning rasmiy bayonotida aytilishicha, hukmlar va boshqa sud qarorlari faqat sud organlari tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi va qayta ko‘rib chiqilishi mumkin, tergov qonuniyligini nazorat qilish yeea prokuratura zimmasiga yuklatilgan.

«Shu munosabat bilan, jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish uchun har qanday komissiyalarni tuzish taklifi konstitutsiyaviy tamoyillarga ziddir, chunki qonunchilik tergov va sud faoliyatiga aralashishni aniq taqiqlaydi», — deb ta'kidlaydi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi.

Shu bilan birga, maxsus xizmat prezident ko‘rsatmasi bilan ko‘mita o‘z ishining deyarli barcha sohalari va usullariga ta'sir qiluvchi islohotlarni amalga oshirayotganini ta'kidladi. Islohot zamonaviy tahdidlarga moslashish, razvedka va kontrrazvedkani kuchaytirish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, korruptsiya va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda mamlakatning axborot va iqtisodiy xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan. Matbuot bayonotida MXDQ Konstitutsiya bilan kafolatlangan fuqarolarning huquq va erkinliklarini hurmat qilgan holda qat'iy qonun doirasida faoliyat yuritishiga ishontiradi.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat rahbariga bevosita hisobot beradigan Tergov qo‘mitasi tashkil etilishini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda IIV va MXDQ rahbarlari tergovchilar ishlarni asosan tezkor xodimlarning xohishiga ko‘ra qo‘zg‘atishlarini talab qilishlari mumkin.

«MXDQ va IIVda TQX (tezkor-qidiruv xizmati) bor va tergovchilarga ega. Va ularning barchasi bitta vazirga bo‘ysunadi. Masalan, tezkor xodim, aytaylik, nohaq ish materiallarini olib keladi — aytaylik, ular kimnidir ayblab, qamashmoqchi bo‘ladi. Ish tergovchiga topshirilganda, tergovchi: «Bu ish sudga yetib bormaydi»», deya uni qabul qilishdan bosh tortadi. Shunda vazir trgovchiga qo‘ng‘iroq qiladi va buyuradi: «Ishni qabul qil va jinoyat ishi qo‘zg‘at!». Tergovchining bunga bo‘ysunishdan boshqa chorasi qolmaydi», — deb tushuntirdi prezident.

ℹ️ 2026 yil 10 fevralda Japarov Kamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va MXDQ raisi lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qo‘mitani Tashiyev o‘rinbosarlaridan biri Jumgalbek Shabdanbekov boshqara boshladi. MXDQ raisining boshqa o‘rinbosarlari ishdan ketdi. Shu bilan birga, tarkibiy islohotlar amalga oshirildi. Chegara xizmati MXDQ tasarrufidan chiqarildi. Qo‘mitaning 9-xizmati asosida mamlakat Prezidenti huzuridagi Davlat muhofazasi xizmati tashkil etildi.