Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat rahbariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobot beradigan Tergov qo‘mitasini tuzish rejasini ma'lum qildi, deb xabar beradi «Kabar» axborot agentligi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, barcha tergov funktsiyalari qo‘mitaga o‘tkaziladi, bu esa tergovlar mustaqilligi va fuqarolar huquqlari himoyasini ta'minlaydi.
«Bosh prokuratura va Harbiy prokuratura barcha idoralar faoliyati qonuniyligini nazorat qiladi. Agar siz nima uchun Tergov qo‘mitasini yaratishimiz kerak deb so‘rasangiz, biz davlatning kelajagi va barqarorligi haqida o‘ylashimiz kerak, deb javob beraman», — deb tushuntirdi prezident «Kabar»ga bergan intervyusida.
Japarov mamlakatda adolatsiz tergov holatlari sodir bo‘layotganini tan oldi, chunki Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbarlari tergovchilar tomonidan «oyog‘idan chalingan» odamlarga qarshi ish ochishni talab qilishlari mumkin.
«Tergov qo‘mitasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga hisobot beradi. U shunchaki tezkor xodimlar yoki vazirlar tomonidan qo‘zg‘atilgan «xom» yoki uydirma ishlarni qabul qilmaydi. Jinoyat ishlari qo‘zg‘atilmaydi. Adolatsizlikka uchragan fuqarolar, albatta, panjara ortiga tushmaydilar — ular darhol ozod qilinadi. Bu inson huquqlariga hurmat ko‘rsatilishini ta'minlashning yagona yo‘li, agar 100% bo‘lmasada, kamida 95%. Bu kelajak avlodlar xavfsizligini ta'minlaydi», — deb tushuntirdi Japarov.
Islohot kelasi yili boshlanishi rejalashtirilgan.
«Biz binolar va texnik infratuzilmani tayyorlaymiz. Farmon chiqariladi, tegishli qonun loyihalari Jogorku Keneshga (Qirg‘iziston parlamenti) taqdim etiladi va ular qabul qilingandan so‘ng tashkiliy ishlar boshlanadi», — dedi Japarov.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga kelsak, u faqat o‘zining asosiy funktsiyalariga: razvedka va kontrrazvedka, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish va terrorizm, ekstremizm, banditizm va giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashga e'tibor qaratadi.
«Qo‘mita aynan sohalarda tergov vakolatlarini saqlab qoladi. Ular iqtisodiyotga aralashmaydi. Hech kim MXDQ nima bilan shug‘ullanayotganini yoki uning xodimlari kimligini bilmasligi kerak. Islohotdan so‘ng, u KGBga (SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi – «Farg‘ona» izohi) o‘xshash haqiqiy maxsus xizmat bo‘ladi», — deb ta'kidladi Qirg‘iziston prezidenti.
ℹ️ Tergov qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha muhokamalar fevralь oyining o‘rtalarida, Kamchibek Tashiyev boshchiligidagi MXDQ rahbariyatining iste'fosi va Qirg‘iziston huquqni muhofaza qilish organlarini tizimli ravishda «qayta ishga tushirish» zarurligi haqidagi bayonotlar fonida boshlandi. Bir qator mutaxassislar yangi organni tashkil etish bilan bog‘liq potentsial xavflarga ishora qiladilar.
Advokat Kanat Xasanov Tergov qo‘mitasi g‘oyasi 2017 yildan oldin ham muhokama qilinganini va tegishli qonun loyihasi ustida ishlar allaqachon boshlanganini eslatadi. Uning fikricha, Tergov qo‘mitasining o‘zi zarur, ammo ko‘p narsa uning modeliga bog‘liq. Agar yangi organga faqat xizmat vakolatlari borasidagi jinoyatlar yuklansa, u holda mazkur organ siyosiy bosim vositasiga aylanishi mumkin, deya ogohlantiradi huquqshunos.
Respublikaning sobiq Bosh vaziri Feliks Qulov Tergov qo‘mitasini tashkil etish g‘oyasini qiziqarli deb atadi, ammo shoshma-shosharlikdan ogohlantiradi. Uning fikricha, barcha tergov funktsiyalarini bir vaqtning o‘zida bitta idoraga o‘tkazish ham tashkiliy, ham moliyaviy jihatdan juda qiyin masala. Sobiq Bosh vazir hududiy bo‘limlarga ega prezident huzurida tergov xizmatini tashkil etishni va ayrim toifadagi lavozimga oid jinoyatlarni tergov qilish mas'uliyatini unga o‘tkazishni taklif qiladi. Qulov davlatga xiyonat, josuslik va davlatga qarshi boshqa jinoyatlar ishlarini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi yurisdiksiyasida qoldirishni to‘g‘ri deb biladi. Umum jinoyatlar IIV tomonidan, soliq jinoyatlari esa ushbu tashkilot ichidagi ixtisoslashgan bo‘linmalar tomonidan tergov qilinishi kerak. Sobiq Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, bunday bosqichma-bosqich yondashuv tizimning ortiqcha yuklanishiga yo‘l qo‘ymaydi va boshqaruv tartibsizliklarining oldini olishga yordam beradi.



