Qirg‘izistonda 14 iyun kuni Markaziy Osiyodagi eng yirik quyosh (fotoelektrik) elektr stansiyasi — ROX Issiqko‘lning birinchi bosqichi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Marosimda respublika prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi, deb xabar beradi davlat rahbari matbuot xizmati.
Elektr stansiyasi Qizil-O‘ruk qishlog‘ida Vetnamning ROX Group xoldingi tomonidan qurildi. Loyihaning birinchi bosqichi quvvati 175 MVtni tashkil etadi. Qurilish ishlariga ajratilgan 131 million dollar investitsiyaning 80 million dollardan ortig‘i o‘zlashtirilgan.
«Loyihaning birinchi bosqichi qurilishida 250 nafardan ortiq fuqaromiz ishtirok etdi. Stansiya to‘liq foydalanishga topshirilgandan so‘ng taxminan 150 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi va ularning asosiy qismini mahalliy mutaxassislar egallaydi», — dedi Sadir Japarov.
Davlat rahbari ma’lum qilishicha, stansiya Qirg‘izistonning yagona energetika tizimiga muvaffaqiyatli ulangan va hozirgacha tarmoqqa 28,7 million kVt/soat elektr energiyasi yetkazib bergan. Birinchi bosqich to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng yillik ishlab chiqarish hajmi taxminan 295 million kVt/soatni tashkil etadi. Bu esa har yili To‘qtog‘ul suv omborida 362 million kub metrgacha suvni tejash imkonini beradi.
Sadir Japarovning ta’kidlashicha, mazkur loyihaning asosiy o‘ziga xos jihati ishlab chiqarilgan elektr energiyasini belgilangan hajmda to‘plash (saqlash) va keyinchalik uni zarur vaqtda Yagona energetika tizimiga uzatish imkoniyati hisoblanadi.
«Shu tariqa, ushbu quyosh elektr stansiyasi Qirg‘iziston uchun alohida ahamiyatga ega. U energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilishga, energiya manbalarini diversifikatsiya qilishga va gidroenergetikaga bo‘lgan qaramlikni kamaytirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, suv resurslari qisqarayotgan sharoitda quyosh energetikasini rivojlantirish energetik barqarorlikni ta’minlashning asosiy omillaridan biriga aylanmoqda», — dedi davlat rahbari.
Qizil-Oruk qishlog‘ida FES loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya bitimi 2025 yil iyulida RECA LLC – ROX ENERGY GLOBAL kompaniyasi bilan imzolangan bo‘lib, u ROX Groupning «sho‘basi» hisoblanadi. Loyiha doirasida quvvati 1900 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini qurish nazarda tutilgan. Qurilish ishlarini 2027 yilda yakunlash rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy investitsiya hajmi taxminan 1,5 mlrd AQSH dollariga baholanmoqda.
“ROX Issiqko‘l” FES to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng yillik taxminan 3,3 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, To‘qto‘g‘ul GESidan keyin hajmi bo‘yicha ikkinchi yirik stansiyaga aylanadi.
ROX Group yer uchastkasidan foydalanish solig‘idan tashqari, Issiqko‘l viloyatining Toru-Ayg‘ir va Tamchi qishloqlari budjetlariga ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotishdan olingan daromadning 1 foizini o‘tkazib boradi.



