Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida Bishkekdagi Yurak jarrohligi va a’zolar transplantatsiyasi ilmiy-tadqiqot institutida (YUJATITI) vafot etgan 33 nafar bolaning aksariyati hayot bilan mos kelmaydigan og‘ir tug‘ma nuqsonlarga ega bo‘lgan. Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi komissiyasining tibbiyot muassasasida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, asosiy xulosa shunday. Bu haqda vazir o‘rinbosari Nurbek Bukuyevga tayanib, «AKIpress» nashri xabar berdi.
Mulozimning ta’kidlashicha, institutning jarrohlik jamoasi og‘ir tug‘ma nuqsonlari bo‘lgan bir nechta bolaning hayotini ham saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
«Tibbiy yordam ko‘rsatildi. Menimcha, bir bolaga ahvoli og‘irligi tufayli hatto yordam ko‘rsatishga ham ulgurishmadi. Qolganlarga yordam berildi, ammo tibbiyot har doim ham hayotni saqlab qola olmaydi», — deya tekshiruv natijalarini xulosaladi Bukuyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, muassasa jamoasining o‘zi faoliyatini o‘rganishni so‘ragan markaz direktori Jalil Sheyshenov o‘z xohishi bilan lavozimidan ketgan. Hozirda rahbar vazifasini bajaruvchi shaxs tayinlangan, Sog‘liqni saqlash vazirligi esa YUJATITI direktori lavozimiga boshqa nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda.
Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, shuningdek, komissiya 2025 yilda sodir bo‘lgan yong‘indan keyin institut binosini ta’mirlash jarayonida tashkiliy kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqlaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Bukuyev ta’kidlashicha, tibbiyot markazi jamoasiga bemorlar hayotini saqlab qolish va xalqqa xizmat qilishdek umumiy maqsad atrofida birlashish tavsiya etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil sentyabr oyi oxirida YUJATITI jamoasi institut direktori Jalil Sheyshenov faoliyatini tekshirishni so‘rab, Qirg‘iziston hukumatiga murojaat qilgan edi. Bunga u rahbarlik qilgan to‘qqiz oy davomida kichik yoshdagi bemorlar orasida o‘lim holatlari 33 taga yetgani sabab bo‘lgan. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p: o‘shanda 18 nafar bola vafot etgan.
Sheyshenovning o‘zi vaziyatni bolalar muassasaga og‘ir ahvolda olib kelingani bilan izohlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 26 nafar bola operatsiyadan keyin vafot etgan, yana yetti nafari esa jarrohlik amaliyotigacha yashab qolmagan.
Biroq, jarrohlar ishiga 2025 yil fevral oyida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatlari ham ta’sir ko‘rsatgan. Favqulodda hodisa natijasida o‘sha paytda o‘pkaning sun’iy ventilyatsiyasi apparatlariga ulangan ikki nafar bola halok bo‘lgan — ularni yonayotgan binodan zudlik bilan evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lmagan. Yana bir necha kishi is gazidan zaharlangan.
Hodisadan keyin markazda sifatli ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Yurak jarrohligi amaliyotlarini o‘tkazish uchun Qirg‘izistonga missiya tashkil qilgan amerikalik anesteziolog Alisher Dadabayev uning jamoasi yong‘in sodir bo‘lgan binoda ishlashga majbur bo‘lganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muassasada mutlaqo sanitariya talablariga rioya qilinmagan, shuningdek, asbob-uskunalar, sterilizatsiya uchun avtoklavlar, dori-darmonlar va sarf materiallari yetishmagan. Natijada rejalashtirilgan 40–50 ta operatsiyadan faqat 22 tasini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lingan. Infeksiyalar va sepsis kabi asoratlar tufayli uchta operatsiya o‘lim bilan yakunlangan. Bu natijalar fonida respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi missiya faoliyatini to‘xtatgan. Vaholanki, avvalroq aynan shu jarrohlar O‘zbekistonda 120 nafar bolani operatsiya qilgan va bemorlar orasida birorta ham o‘lim holati qayd etilmagan.



