Inqilobdan ayri bo‘lgunga qadar

Qirg‘izistonning «parda ortidagi rahbari» nima uchun ishdan bo‘shatilgani va bundan so‘ng nimalar sodir bo‘lishi mumkinligi haqida
Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarov 2020 yili. kloop.kg sayti fotosurati

2026 yil 10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov kutilmaganda siyosiy hamrohi va yaqin do‘sti Kamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimlaridan ozod qildi. Shef ortidan uning o‘rinbosarlari ham ishdan ketdi. Bundan tashqari, prezident yuqori lavozimli amaldorlar va muhim ob'ektlar xavfsizligini ta'minlashni MXDQ tasarrufidan chiqardi va Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘tkazdi va o‘zining bevosita nazorati ostiga oldi.

Tashiyev va Japarov shunchaki do‘st emas, balki siyosiy ittifoqchilar, 2020 yilgi inqilobdagi sheriklardir. Ular birgalikda avvalgi rejimni ag‘darishdi, shundan so‘ng Tashiyev prezidentning «o‘ng qo‘li»ga aylandi, MXDQni boshqardi va mamlakatning butun xavfsizlik apparatini samarali nazorat qildi. Ularning tandemi har doim umumiy manfaatlarga asoslangan edi. Biroq, metin do‘stlik ostida kelishmovchiliklar yashiringan edi, bu esa munosabatlar darz ketishiga olib keldi.

Birinchidan, shaxsiy ambitsiyalar va raqobat. Tashiyev o‘z ta'sirini yashirmasdi: u millatchilar, xavfsizlik xodimlari vamamlakat janubidagi elita orasida mashhur edi. So‘nggi yillarda u tobora ko‘proq muqobil kuch markazi sifatida harakat qilib, vazirlarni ochiqchasiga tanqid qildi va iqtisodiy masalalarga aralashdi. Konstitutsiyaviy tuzatishlar va muxolifatni bostirish orqali o‘z hokimiyatini mustahkamlagan Japarov, ayniqsa, Tashiyev 2027 yili o‘z prezidentligi uchun zamin yaratayotgani haqidagi mish-mishlar fonida uni tahdid sifatida ko‘ra boshladi. Qirg‘iz siyosatida do‘stlik toj uchun kurash boshlanadigan joyda tugaydi. Japarov, pontentsial raqibining o‘ta kuchayib ketmasidan avval yo‘q qilishga qaror qilganga o‘xshaydi.

Ikkinchidan, muhim masalalar borasida kelishmovchiliklar. Ularning umumiy pozitsiyasiga qaramay, Tashiyev va Japarovning yondashuvlari turlicha edi. Tashiyev radikalroq edi: uning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi muxolifatni faol ravishda «tozaladi», shu bilan birga prezidentning o‘ziga yaqin klanlari manfaatlariga ham ta'sir qila boshladi. Tojikiston bilan chegara masalasida Tashiyev qattiq pozitsiyada turib oldi, bu esa mojarolar va yo‘qotishlarga olib keldi, Japarov esa xalqaro obro‘si uchun murosaga kelgan bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy keskinliklar ham mavjud edi: Tashiyevning korruptsiyaga qarshi kampaniyalari prezident oilasi yoki ittifoqchilarining biznes manfaatlariga ta'sir qilgan bo‘lishi ham mumkin. Qirg‘izistonning bir nechta Telegram-kanallarida paydo bo‘lgan ichki ma'lumotlarning sizib chiqishi infratuzilma shartnomalarini taqsimlash bilan bog‘liq janjalga ishora qilardi — Tashiyev go‘yoki Japarovni o‘ragan kimsalarga foyda keltiradigan sxemalarni to‘sib qo‘ygandi. Xulosa qilib aytganda, so‘nggi patlar bu endi do‘stlik emas, balki choklari so‘kilib borayotgan alьyans edi.

Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarov 2024 yili

Uchinchi omilTashiyevning sog‘lig‘i va uning mamlakatda yo‘qligi. Farmon u Germaniyada davolanayotgan paytiga to‘g‘ri keldi (rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, u 2026 yil yanvar oyining oxiridan beri u yerda kardiologik muammolari tufayli davolanyapti) va bu tasodif emas, balki oldindan hisobga olingan rejadek ko‘rinadi. Japarov Tashiyevning jismonan qarshilik ko‘rsata olmaydigan yoki tarafdorlarini safarbar qila olmaydigan paytni tanladi. Bu avtoritar rejimlarning klassik taktikasi: raqib zaif bo‘lgan paytda uni yo‘q qilish. «Zaharlanish» yoki «majburiy davolanish»ga oid mish-mishlar urchib o‘tibdi, ammo dalilsiz ular shunchaki taxminlar bo‘lib qolmoqda. Biroq, fakt aniq: iste'fo sirtdan rasmiylashtirilgan va bu holat MXDQ ichidagi alg‘ov-dalg‘ovlar oldini olish maqsadida shoshiling va xavotir sabab yuz berganiga ishora qiladi.

Tashiyevning uch nafar o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida ishdan bo‘shatildi, bu esa xavfsizlik xizmatlaridagi «Tashiyev» fraktsiyasi tozalanganidan dalolat beradi. Jumgalbek Shabdanbekovning rais vazifasini bajaruvchi etib tayinlanishi vaqtincha, Japarovga loyal bo‘lgan va sobiq rahbar xarizmi va mustaqilligidan benasib shaxsga ishonch bildirilganini anglatadi.

Bular nima uchun kerak bo‘ldi? Iste'fo Japarovga o‘z hokimiyatini mustahkamlashi uchun zarur edi. U saroy to‘ntarilishi oldini olish uchun juda ta'sirli bo‘lib qolgan «do‘sti»dan qutuldi. Tashiyev sog‘lig‘ining yomonlashuvi qulay bahona bo‘ldi. Agar u Germaniyada bo‘lmaganida, loyal xavfsizlik xodimlari yoki mediaga tayanib, qarshilik ko‘rsatishi mumkin edi.

Prognoz. Tashiyev iste'fosi — Japarov rejimini vaqti kelib tortlatuvchi bomba bo‘ldi. Kelgusi oylarda xavfsizlik kuchlari ichida keng ko‘lamli tozalashlar kutilmoqda. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi barcha hokimiyat tarmoqlari ustidan nazoratning asosiy vositasi bo‘lib, Japarov butunlay sodiq odamlarni tayinlaydi. Biroq, bu Tashiyevga sodiq zobitlar orasida norozilikka sabab bo‘lishi mumkin. Potentsial qo‘zg‘olonni oldini olish uchun Ichki ishlar vazirligi va armiyada hibsga olishlar yoki «ixtiyoriy» iste'folar boshlanishi mumkin.

Agar Tashiyev Qirg‘izistonga qaytsa (ehtimol, obro‘sini saqlab qolish uchun ham qaytib keladi), u muxolifatga qo‘shilishi mumkin. Janubda — O‘sh va Jalolobodda mashhurligi bilan u norozilik namoyishlarini uyushtirishi mumkin. 2020 yilni eslash kerak: Tashiyev uni Japarov bilan birga hokimiyatga keltirgan inqilob yetakchilaridan biri edi va endi esa u «rejim qurboni» bo‘lishi xavfi ostida. Agar Japarov hibsga olish yoki korruptsiya ayblovlari orqali qattiqqo‘llik qilsa, Tashiyev undan oldingi ko‘plab qirg‘iz muxolifati vakillari kabi emigratsiyaga yuz tutishi mumkin.

Ijtimoiy norozilik kuchayib bormoqda: inflyatsiya, korruptsiya va ommaviy axborot vositalarining bostirilishi. Tashiyev iste'fosi qutblanishni kuchaytiradi — millatchilar bunda xiyonatni ko‘rishsa, muxolifatchilar esa buni rejim avtoritar ekaniga isbot sifatida ishlatadi.

Daniil Kislov, Fergana.Media xalqaro axborot agentligi direktori

Men Kamchibek Tashiyev bilan 2010–2011 yillari shaxsan bir necha bor suhbatlashganman. O‘shanda ham u menga hokimiyatdan osongina voz kechadigan odam emasdek taassurot qoldirgandi. Shuning uchun, menimcha, ikkita variant bor. Yoki uning ishdan bo‘shatilishi u va Japarov o‘rtasidagi kelishuv natijasi bo‘lgan — bu holda Tashiyev katta miqdorda tovon haqi olgan va hech narsa bo‘lmaydi. Yoki bu Tashiyevning o‘zi uchun kutilmagan holat bo‘lgan — bu holda u qattiq xafa bo‘ladi va Japarovga oson bo‘lmaydi. Ikkinchi holatda barchasi navbatdagi «inqilob» bilan yakunlanishi mumkin.

Lekin yana bir kutilmagan vеrsiya bor: rokirovka (joy almashtirish). Bir necha kun oldin, fevralь oyi boshida Qirg‘izistondagi 75 nafar taniqli shaxs — olimlar, sobiq bosh vazirlar, sobiq parlament a'zolari va jamoat arboblari — muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirishdi. Ularning argumenti quyidagicha: Japarov 2021 yil yanvar oyida olti yillik muddatni belgilovchi eski konstitutsiyaga binoan saylangan, ammo uch oy o‘tgach, prezidentlik muddatini besh yilgacha qisqartiradigan yangi konstitutsiya qabul qilindi. Tashabbuschilarning fikriga ko‘ra, muddatidan oldingi saylovlar «turli xil talqinlar, jamoatchilik muhokamalari va Konstitutsiyaviy sudga murojaatlarni chetlab o‘tish» va «Qirg‘iziston rivojlanishiga yangi turtki berish» uchun zarur.

Shunday qilib, Bishkekdagi mish-mishlarga ko‘ra, Japarov va Tashiyev hamma narsani oldindan kelishib olgan: ikkinchisi prezidentlikka nomzodini qo‘yadi va, ehtimol, g‘alaba qozonadi — texnik jihatdan hech qanday ma'muriy resurslarsiz, ya'ni katta farq bilan. Endi Tashiyev prezident, Japarov esa uning Bosh vaziri bo‘ladi. Do‘stlik ham, tandem ham davom etaveradi.

Daniil Kislov