24 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bosh vazir o‘rinbosari va Suv rеsurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Torobayev va Sog‘liqni saqlash vaziri Qanibek Do‘smambetovni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Bu haqdagi ma'lumotlar davlat rahbari saytida joylashtirildi.
Rеspublika rahbari shuningdеk, ishdan boʻshatilgan vazirlar oʻrniga boshqa odamlarni tasdiqladi, ular hozircha vazifasini bajaruvchi maqomida ishlashmoqda. Damirbеk Osmonov Sogʻliqni saqlash vaziri, Erlist Akunbеkov esa Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari va Suv rеsurslari, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi rahbari etib tayinlandi.
Ishdan bo‘shatish sabablari aytilmagan, biroq shu narsa ma'lumki, kuni-kecha ijtimoiy tarmoqlarda ikkala sobiq vazir ishtirok etgan audioyozuv tarqalgan edi. Torobayev va uning jiyani, hozirda AQShda yashovchi sobiq parlament deputati Erkin Joldoshaliyev (Torobayev) o‘rtasidagi suhbat internetda joylashtirilgan.
Erkin tog‘asiga bir necha yil oldin Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Kamchibek Tashiyevning o‘g‘li Tay-Murasga yer uchastkasini sotishni rejalashtirganini aytgan. Yer egasi uni 1 million dollarga baholagan, ammo oxir-oqibat atigi 460 ming dollar olishga muvaffaq bo‘lgan. Bundan tashqari, tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Tay-Muras Tashiyev o‘sha yerda joylashgan zavodni «siqib chiqargan». Boshqacha qilib aytganda, o‘sha paytdagi maxsus xizmatlar rahbarining o‘g‘li ob'ektni qulflab qo‘ygan, bu esa sotuvchiga metall va uskunalarni olib chiqishga imkon bermagan. Erkinning qo‘shimcha qilishicha, uning 500 kvadrat metrlik do‘konini ham xuddi shunday tortib olishgan.
Jiyan tog‘asiga shikoyat qilib, agar u vatanga qaytsa, go‘yoki ular «qamoqqa olishni» rejalashtirishganini, garchi hali jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa-da, u ta'qiblardan qo‘rqib qaytishga jazm qilmayotganini aytadi. Bosh vazir o‘rinbosari, o‘z navbatida, qarindoshiga yordam berishga va uni tinch qo‘yishlariga erishishga va'da beradi.
Suhbatda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Do‘smambetov tilga olinadi, u Erkinning kichik Tashiyev bilan kelishuvi paytida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Jalolobod viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbari bo‘lib ishlagan. Joldoshaliyevning so‘zlariga ko‘ra, zavodni musodara qilishda aynan shu ofitser ishtirok etgan.
Tay-Muras Tashiyev vaziyatga izoh berib, 2022 yili Erkin Torobayevdan faqat yerni sotib olganini, u yerda zavod bo‘lmaganini aytgan. Maxsus xizmatlar sobiq rahbari o‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, biznesmen o‘z metallini olib ketgan, shundan so‘ng uchastkaning yangi egasi yerni «Barselona» futbol akademiyasi va maktab qurilishi uchun tayyorlagan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, narx bo‘yicha muzokaralar jarayonida u Bakit Torobayev bilan bog‘lanib, jiyanini yer narxini pasaytirishga ko‘ndirishini so‘ragan. Oxir-oqibat, xaridorga chegirma berilgan. Kichik Tashiyev yer bilan birga u yerda joylashgan uylar va do‘konni sotib olganiga aytadi. Biroq, u zavod reyderlar tomonidan bosib olinganini rad etgan va Erkin Torobayevni yolg‘on gapirishda ayblagan.
Keyinchalik Bakit Torobayev jiyani bilan suhbat yozuvining haqiqiyligini tasdiqlagan, ammo ommaviy axborot vositalaridan internetda tarqalgan suhbatni siyosiylashtirmaslikni so‘ragan.
ℹ️ Bakit Torobayev to‘rtinchi chaqiriq Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) deputati bo‘lgan, parlament spikerining o‘rinbosari va «Ata-Jurt Qirg‘iziston» fraktsiyasi rahbari bo‘lib ishlagan. 2009 yildan 2010 yilgacha u respublika Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ishlagan. 2022 yil mart oyida u Bosh vazir o‘rinbosari etib tasdiqlangan va 2023 yil dekabridan u parallel ravishda Suv rеsurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vazirligi rahbari lavozimida ishlagan.
ℹ️ Qanibek Do‘smambetov o‘tgan yil oxirida Sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangan edi. Bungacha u uzoq vaqt Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida ishlagan. Xususan, u Korruptsiyaga qarshi kurashish departamentini boshqargan, keyin ko‘mitaning korruptsiyaga qarshi kurashish xizmati direktorining o‘rinbosari va MXDQning 6-boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. So‘nggi ikki yil ichida, Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlanguniga qadar, u maxsus xizmatning Jalolobod boshqarmasini boshqargan.



