Qirgʻiziston TIV RF armiyasiga tushib qolgan vatandoshi sababli Rossiyaga nota yubordi

Elistan Toktogulovning qarindoshlari Videodan lavha

Qirgʻiziston Tashqi ishlar vazirligi RF qurolli kuchlarining harbiy qismlaridan biriga tushib qolgan respublika fuqarosi E.T.ni zudlik bilan vataniga qaytarish masalasida rossiyalik hamkasblariga nota yubordi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlikning bildirishicha, qirgʻizistonlik fuqaro «nomaʼlum shaxslarning firibgarlik harakatlari oqibatida» Rossiya qurolli kuchlari safiga tushib qolgan. TIV notadan tashqari, RF vakolatli organlariga mazkur holat yuzasidan tekshiruv oʻtkazish, aybdorlarni aniqlash va ularni qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish iltimosi bayon etilgan xatlar ham yoʻllagan.

Qirgʻizistonning Moskvadagi elchixonasi vaziyatni alohida nazoratga olgan va E.T.ning yaqinlari bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi.

Shu bilan birga, Qirgʻiziston TIV salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida fuqarolarga shartnomalar va boshqa bitimlarni imzolashdan oldin ularning mazmunini sinchkovlik bilan oʻrganib chiqishni tavsiya qiladi. Idorada oʻz zimmasiga olinayotgan majburiyatlar toʻgʻrisidagi bandlarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Vazirlik E.T.ni uyga qaytarish boʻyicha saʼy-harakatlar ijtimoiy tarmoqlarda uning taqdiri haqida xabarlar tarqalganidan soʻng boshlanganini tan oldi. Bunda TIV faqat qirgʻizistonlikning bosh harflarini koʻrsatgan boʻlsa-da, internetda eʼlon qilingan videolavhalardan gap 21 yoshli Elistan Toktogulov haqida ketayotgani oydinlashadi.

Bir necha kun oldin uning qarindoshlari Manas shahrida (2025 yil sentyabrigacha — Jalolobod) Qirgʻiziston rasmiylariga videomurojaat yozib olishdi. Unda aytilishicha, yigit Instagram orqali Rossiyada ishlash haqidagi eʼlonni topib, u yerdagi Qirgʻiziston fuqarosi bilan bogʻlangan. U Elistanga 110 ming rublgacha (qariyb $1350) maosh vaʼda qilib, yuk mashinasi haydovchisidan tortib xavfsizlik xizmati xodimigacha boʻlgan bir nechta boʻsh ish oʻrnini taklif qilgan.

Elistan taklifga qiziqib, RFga yetib borgan. Biroq ishga joylashtirish oʻrniga uni harbiy qismga joʻnatishgan. Qirgʻizistonlikning yaqinlari taʼkidlashicha, ayni paytda Toktogulov Voronej viloyatidagi poligonda boʻlib, u yerda Ukrainadagi urushga yuborilishidan oldin harbiy tayyorgarlikdan oʻtmoqda.

Joriy yilning oktyabr oyida Qirgʻiziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev uning idorasi Rossiyada boʻlib turgan vatandoshlarni urushda qatnashishga majburlash holatlaridan xabardor ekanini maʼlum qilgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday hollarda TIV mehnat migrantlarini vataniga qaytarishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, mulozim frontga joʻnatilishining oldi olingan yoki jangovar harakatlar hududidan olib chiqilgan qirgʻizistonliklarning aniq soniga oydinlik kiritmagan.

Ukrainaning «Yashashni xohlayman» loyihasining 2026 yilgi maʼlumotlariga koʻra, Ukrainaga qarshi RF qoʻshinlari safida Markaziy Osiyo davlatlarining 12,5 mingdan ziyod vakili jang qilgan. Yollanma askarlarning eng koʻpi Oʻzbekiston va Tojikiston hissasiga toʻgʻri keladi. Qirgʻiziston ushbu roʻyxatda uchinchi oʻrinni egalladi: urushda mazkur mamlakatning 1,5 mingdan ortiq fuqarosi ishtirok etmoqda.