16 dan 17 fevralga o‘tar kechasi xitoyliklar taqvimi bo‘yicha Yangi yil kirib keladi. Uning homiysi Ot hisoblanadi, asosiy elementi — olov va rangi — qizil. Shuning uchun u Qizil olovli ot yili deb ataladi. Astrologlar kelayotgan yilni energiya, dinamizm va keskin o‘zgarishlar davri sifatida ta'riflaydilar. Bu davr, bir tomondan, faol harakatlarni, boshqa tomondan, anglash va zukkolikni talab qiladi. U ichki intizom va boshqalarga hurmatni saqlab, oldinga intiladiganlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shunday qilib, astrologiya bilan har navi nimadir oydin, ammo xitoyliklar uchun madaniy ma'noda ot jonivori nimani anglatadi?
Taqalar ustidan qadam bosgan kelin
Xitoyliklarning asosiy yoki boshqacha qilib aytganda, titul etnik guruhi — Xanlar o‘troq xalq hisoblanadi. Biroq, shunisi ayonki, xitoyliklar qadim zamonlardan beri otlar bilan tanish. Ming yillar davomida turli xalqlar otlarni yuk tashish, yer haydash uchun ishlatganlar. Biroq, an'anaviy Xitoyda vaziyat biroz boshqacha bo‘lgan. Dalalardaqo‘toslar ishlagan, eshaklar esa yuklarni tashigan. Biroq, otlar qadimgi davrlarda alohida rol o‘ynagan. Aytish joiz bo‘lsa, ot serviqor maqomga ega jonivor bo‘lgan.
Otlarning asosiy joyi — harbiy harakatlar va paradlar bo‘lgan. Masalan, Chjou sulolasi davrida (miloddan avvalgi 1046–221 yillar) Xitoyda urushlar ancha tartibli bo‘lgan. Raqiblar bir-biriga tektaklar kabi ur-sur qilib, qilichlarini silkitib tashlanmagan va o‘qlar yog‘dirishmagan. Aristokratlar uchun urush, bayram bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda katta tadbir hisoblangan. Urush marosim bilan olib borilgan, qo‘mondonning jang maydoniga chiqishiga alohida o‘rin berilgan. Qadimgi xitoyliklarning fikriga ko‘ra, buyuk jangchi uchun eng muhimi kuch, jasorat yoki jang maydonidan tez qochib qolish emas, balki chiroyli qilich va ajoyib ot bo‘lgani ajablanarli emas.
Asrlar va ming yilliklar o‘tdi, ammo Xitoy madaniyatidagi ot hech qachon o‘zining ramziy vazifasini yo‘qotmadi. Bu qisman Xitoyning ko‘chmanchi qabilalar — jurenlar, mo‘g‘ullar va manjurlar tomonidan muntazam ravishda bosib olinishi va qisman an'anaviy xitoyliklarning bu olijanob hayvonning nafisligi va xarakteriga qoyil qolishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Tan sulolasi (618–907) davrida yashagan imperator Syuan-tszunning saroy arxivlarida uning barcha sevimli otlarining nomlari saqlanib qolgan. Sin (1644–1912) davri tantanali portretida imperator to‘liq harbiy regaliyada, chiroyli otda o‘tirgan holda tasvirlangan. Kuzda poytaxt chekkasida ko‘riklar va harbiy paradlar majburiy bo‘lib, chavandozlar otlari to‘siqlar ustidan sakrab o‘tishlari tomoshaning katta qismini tashkil etgan.
Yaralangan ot ko‘ksidan nayzani sug‘urib olayotgan jangchi. Sianidagi imperator Tay-tszun maqbarasidagi relef, 637 yil. artyx.ru sayti fotosurati
Turgan gap, ot kabi ajoyib hayvon harbiy soha bilan cheklanib qolmasligi kerak edi. Ot Xitoy adabiyotida ham muhim o‘rin tutgan. To‘rtta klassik xitoy romanining eng mashhuri «G‘arbga sayohat» bo‘lib, unda rohib Syuantszanning buddaviylik ta'limotlari mohiyatini ochib beruvchi muqaddas sutralarni olish uchun Hindistonga qilgan sayohati haqida hikoya qiladi.
Shuni ta'kidlash lozim, Syuantszan haqiqiy tarixiy shaxs, yettinchi asrda yashagan va Xitoyda buddaviylik dini tarqalishiga katta hissa qo‘shgan rohib va tarjimon bo‘lgan. Biroq, adabiyot baribir adabiyot va kitobga ko‘ra, Syuantszan Buddaning tug‘ilgan joyiga oq otda sayohat qiladi, unga sehrli yordamchilar, jumladan, Osmonga teng donishmand sifatida ham tanilgan mashhur maymunlar qiroli Sun Ukun hamrohlik qiladi. Bu donishmand o‘zini juda rasvo tutadi: har qadamda janjallashadi, ko‘rgan har bir kishi bilan mushtlashadi, lekin baribir rohibning o‘z manziliga yetib borishiga yordam beradi.
Darvoqe, maymunlar Qiroli osmonda deyarli ajoyib martaba qozonadi. Ko‘pchilik, ehtimol, xitoyliklarning «Samoviy saroydagi to‘polonlar» multfilmini eslasa kerak. U Sun Ukun hayoti bilan bog‘liq afsonaga asoslangan. Maymunlar qiroli osmonga ko‘tariladi va Samoviy imperatorning otlariga g‘amxo‘rlik qiluvchi etib tayinlanadi. Ammo Sun Ukunning notinch tabiati uning sokin yashashiga to‘sqinlik qiladi va u samoviy otlarni ozod qiladi, shu tariqa tarixdagi birinchi hayvonlar huquqlarini himoya qiluvchi faolga aylanadi.
Biroq, G‘arbga sayohatda Sun Ukunning asosiy vazifasi Hindistonga ketayotgan rohib Syuantszanni himoya qilish bo‘ladi va u odatda bunga erishadi ham. Shunisi e'tiborga loyiki, ortga qaytishda oq ot Syuantszanni emas, balki qiyinchiliklar evaziga qo‘lga kiritilgan sutralarni ko‘tarib qaytadi. Shunday qilib, Xitoy madaniyatida sutralar kabi qimmatbaho buddaviylar xazinasi ot tasviri bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, sutralar ko‘pincha xitoy rasmlarida aynan ot ko‘tarib yurgandek tasvirlangan. Bir paytlar bu olijanob hayvonning tasviri sutralarning va ular orqali butun buddaviylik ta'limotining ramziga aylanadi.
Xitoyda otlar, shuningdek, nikoh marosimi bilan ham bog‘liq. An'anaviy Xitoyda kelin kuyovning uyiga yopqichli o‘rindiq yoki otda kelgan. Biroq, ostonaga yetib kelganida, u yerga oyoq qo‘ymasdan kirishi kerak bo‘lgan. Agar kelinning oyog‘i bir lahzaga bo‘lsin yerga tegsa, u muqarrar ravishda biron bir yovuz ruhni poshnasi ostida kuyovning uyiga olib kirishiga ishonishgan. Lekin u qanday qilib yerga oyoq qo‘ymasdan tushishi mumkin edi? Xitoyliklar aqlli yechim topganlar: kelin qadam qo‘yadigan yo‘lakka ot taqalari to‘shalgan va u uyga ularni bosib kirgan.
Turgan gar, shu o‘rinda ruslarning omad uchun uy devoriga taqa osib qo‘yish an'anasi esga tushadi. Qizihi shundaki, xitoyliklarda bunaqa udum yo‘q. Biroq, Xitoyda yashovchi ba'zi xalqlar orasida taqa emas, balki ot dumi tumor hisoblanadi va uyning kirish qismida osib qo‘yiladi.
Qon bilan terlaydigan Samoviy otlar
Yuqorida aytilganlarning barchasiga qaramay, xitoyliklarning otlarga bo‘lgan munosabati doimo ijobiy bo‘lmagan. Qadimgi davrlarda Xitoy millatining beshigi hisoblanmish Yantszi va Xuanxe daryolari vodiylarida otlar boqilmagan. Biroq, xitoyliklar to‘rt oyoqli hamrohlarining qadrini tezda anglab yetganlar va xitoyliklar an'anaviy ravishda vahshiy va yovvoyi deb hisoblagan shimoliy xalqlardan otlar sotib olishni boshlaganlar.
Yovvoyi xalqlar bunday savdo foydali bo‘lishi mumkinligini tezda anglab yetganlar. Ko‘chmanchi qabilalar xitoyliklar uchun maxsus otlarni boqishni, ularning zotini yaxshilash bilan shug‘ullana boshlaganlar. Ishlar shu tarzda davom etishi mumkin edi, lekin Xan sulolasi davrida (miloddan avvalgi 202 — milodiy 220 yillar) xitoylarning o‘zlari sunnu deb atagan xunlar bilan cheksiz urushlar davom etgan. O‘sha paytdagi Xitoy Xan imperiyasining barcha qudratiga qaramay, xitoyliklar, ochig‘ini aytganda, unchalik muvaffaqiyatli kurasholmaganlar va birin -ketin mag‘lubiyatga uchray boshlaganlar.
Xitoyga xos ayyorlik bilan, O‘rta davlat ayonlari o‘zlarining muvaffaqiyatsizliklarini xunlarning ajoyib otlari bilan bog‘lashgan, xitoyliklar esa bu borada ularga teng kelolmasdilar. Ammo agar ular ham dushmanlarinikidek yoki undan ham yaxshiroq otlarni qo‘lga kirita olsalar, vaziyat darhol yaxshilanadi.
Xitoyliklar orzu qilgan otlar Pargana davlatida mavjud bo‘lgan, bu davlat taxminan hozirgi Farg‘ona vodiysida joylashgan edi.
Xitoyliklar Parganani Davon yoki Dayuan deb atashgan. Bu davlatning poytaxtida ular xitoyliklarning o‘zlari «samoviy otlar» deb ataydigan otlarni ko‘paytirishgan. Ularning go‘zalligi va chopqirligidan tashqari, ularning bitta o‘ziga xos xususiyati bor edi: ular qon terlashardi (aslida xitoyliklar shunday deb o‘ylashgan). Bu fenomenni anglash uchun ikkita versiya mavjud. Birinchisi, nazmiy, samoviy otlarning terisi shunchalik yupqa bo‘lganki, uning ortida qon tomirlari ko‘rinib turardi. Ikkinchi, oddiyroq nazariyaga ko‘ra, bu otlarning teri osti to‘qimasida yashovchi parazit qurtlar tufayli yuzaga kelgan holat bo‘lishi mumkin.
Bu samoviy otlar aslida qanday edi? Ko‘pgina tadqiqotchilar gap Axal-Teke otlari — chinakam g‘ayrioddiy xususiyatlarga ega bo‘lgan qadimiy, olijanob zot haqida ketmoqda deb hisoblashadi. Bizning davrimizda Xitoyning milliy turizm kompaniyasi bo‘lmish China Tourism Group o‘sha otlar xotirasini qayta tikladi va samoviy otni o‘zining ramzi sifatida qabul qildi.
Xitoyliklar otlarga shunchalik qiziqishganki, ular otlar zotlari uchun ko‘plab nomlarni o‘ylab topishgan. Masalan, oddiy qora otning ikki yoki uchta nomi bo‘lgan. Och qora rang uchun alohida nom, ko‘k rangga qorishuvchi qora ot uchun alohida nom va yashil rangga qorishuvchi qora ot uchun yana bir nom bo‘lgan. O‘rta davlat aholisi, masalan, yevropaliklarga qaraganda ot ranglarini tasvirlashda ancha nozik yondoshganlar. Xitoy tasnifiga ko‘ra, bu yerda bir nechta ot ranglari keltirilgan: qizil, to‘q qizil, qora va oq, qizil va oq, sariq va oq, dog‘li va qora tumshuqli oq, och va to‘q oq tumshuqli, sariq qora og‘izli, qizil qora dumli, qora sariq tizmali, qizil tumshuqdagi oq dog‘lar va h.k.
Hattoki veterinariya tibbiyotining paydo bo‘lishini ham Xitoy aholisi otlarga bo‘lgan g‘amxo‘rlik bilan bog‘lashgan. Va bu yerda gap nafaqat dori-darmonlarga tegishli. Bugungi kunga qadar Xitoyda otlarni igna sanchip davolash va ularning holatini puls orqali tashxislash amaliyoti mavjud, ya'ni xitoyliklar har doim odamlarga nisbatan qo‘llagan tibbiy usullar.
Tan sulolasi davrida bahor boshlanishi bilan otga minib, sayr qilish odat tusiga kirgan — bu bilan bahor ruhlarini ruhlantirish mumkin, deb hisoblashgan. O‘sha paytda bir maqol ham bor bo‘lgan: «O‘g‘il tug‘ilsa, bilim haqida qayg‘urma. Ot mashg‘ulotlari har qanday bilimdan ustun turadi».
Otlarga bo‘lgan qiziqishning ortishi Chingizxon nabirasi Xubilayxon tomonidan asos solingan Yuan sulolasi (1271–1368) davrida yuz beradi. Xitoy imperatori bo‘lganidan so‘ng, mo‘g‘ullar ajdodlarining ko‘chmanchi ruhidan voz kechmaydilar va o‘sha paytlarda besh-olti yoshli kichkina xitoylik bola hech qanday muammosiz ot choptirib yurishi mumkin edi.
Mo‘g‘ullar uchun ot har doim yordamchi, do‘st va deyarli qarindosh bo‘lgan. Ba'zi mo‘g‘ul urug‘larida odamlarning sariq ayg‘irdan kelib chiqishi haqida afsonalar mavjud va ular uchun ot totem hayvonga aylangan. Tabiiyki, mo‘g‘ullar Xitoyda hokimiyat tepasiga kelganlaridan so‘ng, o‘z otlarini og‘ir va iflos ishlardan himoya qilishga harakat qilishgan. Shunday qilib, Yuan sulolasi davrida Xitoyda pochta stantsiyalari qurila boshlangan. Biroq, yuklarni — odamlar, tovarlar va pochtani — otlar emas, balki itlar tashigan. Har bir bunday stantsiyada charchagan itlar yangilari bilan almashtirilib, maxsus chanalarga yoki aravalarga bog‘lanib, keyingi stantsiyaga qadar haydalgan. Bu, ayniqsa, qishda an'anaviy ravishda kuchli qor yog‘adigan Xitoyning shimoli-sharqida keng tarqalgan edi.
Xitoyliklar bu an'ana uchun chiroyli asosni o‘ylab topishgan. Xitoy shimoli-sharqida itlar qirolligi borligiga ishonilgan. Go‘ki aynan o‘sha yerdan Xitoyga it chanalarini yasash va itlardan transport sifatida foydalanish odati kelgan. Bu afsonada, albatta, bir oz haqiqat bor: mo‘g‘ullar, ehtimol, an'anaviy ravishda itlardan transport vositasi sifatida foydalangan chukchalar kabi shimoliy xalqlar bilan aloqada bo‘lishgan – mana shundan Xitoyda chana itlari paydo bo‘lgan.
Otlarga qaytidigan bo‘lsak, u so‘nggi yillargacha go‘zallik timsoli, do‘st va inson yordamchisi sifatida birinchi o‘rinni saqlab kelgan. Hatto 2000 yillarning boshlarida ham Pekin markazida ot aravalarini ko‘rish mumkin edi — shahar atrofidagi aholi o‘z tovarlarini sotish uchun poytaxtga olib kelish uchun ulardan foydalanganlar. Yilning turli fasllarida bu aravalardan olma, xurmo va boshqa mevalar sotilgan, chorrahalarda to‘xtab turgan. Kuzda va qishning boshida yong‘oq, kashtan, bodom va hatto tuzlash va marinadlash uchun xitoy karamini sotib olish mumkin bo‘lgan. Qishda, aravalardagi issiq po‘stinlar ostida apelsin va mandarinlar uyumlari bo‘lgan, yonida turgan otlar nafasidan bug‘lar tarqalib turgan. Biroq, so‘nggi o‘n yillikda bu an'ana to‘xtadi: transport harakatiga xalaqit bermasligi uchun ot aravalarining Pekinga kirishi taqiqlandi.
Kichik oyoqchalardagi bochkacha
Xitoy an'analariga ko‘ra, yangi yilning birinchi haftasidagi har bir kun o‘z nomiga ega bo‘lgan. Birinchi kun Xo‘roz kuni, ikkinchi kun It kuni, uchinchi kun Cho‘chqa kuni, to‘rtinchisi Qo‘chqor kuni, beshinchisi Ho‘kiz yoki Qo‘tos kuni, oltinchisi Ot kuni va nihoyat, yettinchi kun Inson kuni bo‘lgan. Bu kunlarda ushbu kunga bag‘ishlangan mavjudotga alohida e'tibor qaratilgan. Agar u hayvon bo‘lsa, unga eng yaxshi taomlar berilgan, uni ortiqcha ish bilan yuklamaslikka harakat qilishgan va uning homiy ruhiga murojaat (ibodat) qilishgan.
Jumladan, otga bag‘ishlangan oltinchi kuni qadimgi Xitoyda Mashen deb nomlangan ilohga sig‘inishgan. Barcha otlarni qo‘riqlaydigan Ruh yoki otlar ilohining nomi shunday atalgan. Bu kuni, xususan, to‘rt oyoqli do‘stga minish taqiqlangan. Xitoyliklar ramziy o‘yin-kulgining kelib chiqishini aynan shu odat bilan bog‘lashadi. Bu kuni otlarni minish taqiqlangani sababli, odamlar bambuk tayoqni olib, uni minib yurishgan. Shu tariqa otga kuch, tezlik va sog‘liq ato etiladi, deb ishonilgan. Xan sulolasi davridayoq tayoq minib poyga qilish bolalar o‘yiniga aylangan va ikki ming yil davomida yashagan, XXI asrda esa u hatto sport turiga aylandi. Bu sport turi «xobbixorsing» deb ataladi va bu borada milliy va xalqaro musobaqalar o‘tkaziladi.
Qizig‘i shundaki, an'anaviy xitoy rasmlaridagi ot tasviri biz o‘rgangan tasvirlardan farq qiladi. Xitoy rasmlaridagi ot — bu juda katta boshga va kichik oyoqchalarga ega to‘laqonli, bochka shaklidagi jonzot, bu Yevropa rasmlarida tasvirlangan nafis hayvondan mutlaqo farq qiladi. Ehtimol, o‘sha uzoq ming yilliklarda, badiiy kanon o‘rnatilayotgan paytda, Xitoydagi otlar qadimgi rasmlarda ko‘rganimizdek bo‘lgan va bundan tashqari, u paytlar aynan shunday otlar go‘zal hisoblangan.
Biroq, zamonaviy davr yangi an'analarni keltirib chiqardi. Shunday qilib, zamonaviy xitoy rassomligining klassikasi Syuy Beyxun chopayotgan otlar suratlari bilan mashhur bo‘ldi. Va uning otlari aniq Yevropa an'anasi kabi: tezkor, yengil, nafis va shu bilan birga o‘ziga xos kuchga ega.
Qizig‘i shundaki, o‘n ikki hayvonli taqvim faqat titulli Xan xalqi bilan chegaralanib qolmaydi. Bu an'anani Xitoyning ozchilik xalqlari bo‘lmish ko‘plab shaoshu mintszu ham qabul qilgan. Biroq, bu yerdagi hayvonlar an'anaviy xitoy taqvimidagi hayvonlar bilan mutlaqo bir xil bo‘lmasligi mumkin. Xususan, Mintszu taqvimlarida Xan xalqiga tanish bo‘lgan hayvonlardan farqli o‘laroq, toshbaqa, chumoli, chumchuq, baliq, tulki va hatto odamlar o‘rin olgan. Deyarli hamma narsa o‘rin berishga mahkum — va faqat ot betaho hisoblanadi va barcha taqvimlarda o‘z o‘rnini saqlab qolgan.
Kirib kelayotgan Ot yilida «Farg‘ona» o‘z o‘quvchilarini xitoyliklar Yangi yili bilan tabriklaydi va barchani ushbu olijanob hayvonning kuchi, qat'iyati, sadoqati, sabr-toqati va barcha ishlardagi matonatidan o‘rnak olishga undaydi. Bu yil tinchlik, sog‘liq, farovonlik va yaxshi kayfiyat bilan ajralib turadigan baxtli yil bo‘lsin. Yangi yilingiz qutlug‘ bo‘lsin, azizlar!
-
21 yanvar21.01Bulbul gul ishqida yongani kabiMarkaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi? -
22 dekabr22.12FotoTokio drayviYaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi -
18 dekabr18.12Oltovlon uchun sakeMarkaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor -
28 noyabr28.11S5 uchun Ozarbayjon ilovasiIlhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas -
17 noyabr17.11«Buyuk davlatlarga Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy muammolari qiziqmas»Qozog‘istonlik tarixchi Burkitbay Ayagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mintaqadagi dolzarb muammolar haqida -
14 oktyabr14.10O‘rta asrlar tomon ortga bir qadamNima uchun Qirg‘iziston o‘lim jazosini tiklamasligi kerakligi haqida



