Li Syan Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida «samoviy otlar» va Xitoy izlarini topdi

Li Syan Islom sivilizatsiyasi markazida. ITSM fotosurati

Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan 18 oktyabr kuni Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi. Unga O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohlik qildi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Li Syan hozirgi O‘zbekiston hududidagi islomgacha bo‘lgan davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, shuningdek, mintaqaning ilmiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdi.

Ekskursiya davomida Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi tarixiy aloqalarga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, mehmonga Farg‘ona vodiysida joylashgan qadimgi Davan davlati va Xitoyda yuksak qadrlangan mashhur Farg‘ona «samoviy otlari» haqida ma’lumot berildi. Ekspozitsiyada, shuningdek, Buyuk ipak yo‘li, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo hamda madaniy almashinuvga oid materiallar ham namoyish etilgan.

Li Syan Mirzo Ulug‘bek davriga oid kulolchilik buyumlarini ham ko‘zdan kechirdi. Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, ular Xitoy chinnisi ta’sirida yaratilgan. Unga, shuningdek, Shohrux Mirzo davrida Xitoyga yuborilgan elchilik va ushbu missiya ishtirokchisi G‘iyosiddin Naqqoshning sayohati haqida so‘zlab berildi.

Xitoy Bosh vaziriga Markaz foyesidagi Markaziy Osiyo olimlari va tarixiy shaxslariga bag‘ishlangan 14 ta ravoqdagi freskalar ham ko‘rsatildi. Markaz ma’lumotiga ko‘ra, ular Xitoy mutaxassislari ishtirokida 110 xil rangdagi mikromozaika toshlaridan qo‘lda ishlangan.

Tashrif yakunida Li Syan faxriy mehmonlar kitobiga quyidagi tilagini yozib qoldirdi: « Sivilizatsiyalar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va tajriba almashinuvi, dunyo madaniyatlari o‘rtasidagi do‘stlik yo‘lida».

Li Syan 17–18 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. 17 oktyabr kuni uni mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish, savdo, investitsiyalar va qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.

ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.