O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi BRIKS+ ilmiy-texnologik muzeylar alyansiga qabul qilindi. Bu haqda Markaz matbuot xizmati xabar berdi.
Oktyabr oyi o‘rtalarida Ufada «Islom ideallari va qadriyatlari» mavzusidagi XVII xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. U doirasida «Yevroosiyo makonida islom ta’limini rivojlantirish» mavzusidagi II xalqaro davra suhbati ham o‘tkazildi.
Ishtirokchilar islom ta’limi, ma’naviy qadriyatlar va xalqaro ilmiy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Markaz o‘zining ilmiy-ma’rifiy loyihalarini, tarixiy-madaniy merosni o‘rganish hamda ta’lim va muzey faoliyatida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish borasidagi ishlarini taqdim etdi. Markazda jami 800 ga yaqin ilmiy loyiha ishlab chiqilgan.
Davra suhbati davomida O‘zbekiston tomoni 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo va Rossiya olimlari hamda teologlari hamkorligining yagona strategiyasini ishlab chiqishni ham taklif qildi. Ushbu strategiya doimiy ilmiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va qo‘shma ta’lim hamda ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutishi lozim.
Shundan so‘ng Markaz vakillari Moskvadagi «ATOM» muzeyida bo‘lib o‘tgan Discover ATOM III xalqaro turizm forumida ishtirok etdilar.
Forumning asosiy voqealaridan biri BRIKS+ Ilmiy-texnologik muzeylar alyansining kengaytirilishi bo‘ldi. Birlashmaga 12 ta yangi tashkilot, jumladan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham qabul qilindi. Forum ishtirokchilari, shuningdek, 2027–2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasini muhokama qildilar. Unda mutaxassislar almashinuvi, qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish va xalqaro ilmiy turizmni rivojlantirish masalalari qamrab olingan.
«Bu yil biz tomondan tashkil etilgan BRIKS mamlakatlari Ilmiy-texnologik muzeylar alyansiga Rossiya va boshqa davlatlardan yangi ishtirokchilar qo‘shiladi. Bu tashabbusga talab yuqori ekanini hamda muzeylar va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish salohiyati mavjudligini tasdiqlaydi», — dedi «ATOM» muzeyi bosh direktori Yelena Mironenko.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



