Shveysariya Federal jinoiy sudi Lombard Odier xususiy bankini O‘zbekistonning birinchi prezidenti qizi Gulnora Karimova mablag‘larini yuvishining oldini olish choralarini ko‘rmagani uchun 3 million shveysariya franki (3,68 million dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
2026 yil aprelida boshlangan sud jarayonida ayblov tomonining fikricha, jinoiy yo‘l bilan orttirilgan yuzlab million dollarlarni legallashtirish bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqildi. Shveysariya prokurorlari Karimovani pora olish va «Ofis» (The Office) nomi bilan tanilgan jinoiy tashkilotga rahbarlik qilishda ayblagan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashkilot 2005–2013 yillar oralig‘ida Shveysariyadagi hisob raqamlariga katta miqdordagi mablag‘larni yo‘naltirgan. Karimova esa o‘z aybini rad etmoqda.
Sud Jenevada joylashgan Lombard Odier banki va C. deb belgilangan uning sobiq xodimi Karimovaning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini yashirishga yordam bergan, degan xulosaga keldi. Sud qarorda bank pul yuvishning oldini olish uchun «barcha oqilona va zarur tashkiliy choralarni ko‘rmagani» sababli jarimaga tortilganini qayd etadi.
Lombard Odier bank hisob raqamlari bilan ishlagan sobiq menejer pul yuvishda aybdor deb topildi va unga 24 oy muddatga shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, aynan shu xodim Karimova mablag‘larini yuvish sxemasida asosiy rol o‘ynagan. U «Ofis» uchun to‘qqizta hisob raqami ochgan va ular orqali pullar legallashtirilgan. Ushbu hisob raqamlarining haqiqiy egalari haqidagi ma’lumotlarda yolg‘on ma’lumotlar ko‘rsatilgan, chunki yagona benefitsiar egasi Karimova bo‘lgan.
Bundan tashqari, 2011 yil noyabr va 2012 yil iyun oylarida mazkur xodim «Ofis»ning ruxsat berilmagan a’zosiga Lombard Odier bankidagi kompaniya hisob raqamiga bog‘langan seyfdan foydalanish imkoniyatini bergan. Ushbu shaxs pul o‘tkazmalari uchun huquqiy niqob vazifasini bajargan hujjatlarni yo‘q qilgan yoki barcha hujjatlarni boshqa seyfga ko‘chirgan.
Sud jinoyatlar sodir etilganidan keyin ancha vaqt o‘tganini hisobga olib, bank va uning sobiq xodimiga nisbatan jazoni yengillashtirdi. 2011 yil iyul oyigacha bo‘lgan voqealarga oid ayblovlar da’vo muddati o‘tgani sababli to‘liq bekor qilingan.
Jarimadan tashqari, sud 400 milliondan ortiq shveysariya franki (488 million dollardan ziyod) miqdoridagi aktivlarni musodara qilish haqida qaror chiqardi.
Reuters xabarida gap qaysi aktivlar haqida ketayotgani aniq ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, 2023 yil sentyabr oyida Shveysariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga qarshi ayblov xulosasini Federal jinoiy sudga yuborgan va unda O‘zbekistonning birinchi prezidenti qizi jinoiy yo‘l bilan orttirgan, deb hisoblangan 440 million shveysariya frankini musodara qilishni talab qilgan edi.
Tergovchilar Karimovaga tegishli jami 780 million shveysariya franki miqdoridagi aktivlarni — pul mablag‘lari va ko‘chmas mulk ko‘rinishida — aniqlagan. Ushbu mablag‘larning 340 million franki O‘zbekistonga qaytarish maqsadida avvaldan musodara qilingani sababli, Bosh prokuratura qolgan mablag‘larni ham musodara qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, Shveysariya sudi Gulnora Karimovaga nisbatan ish bo‘yicha sud jarayonini 2026 yil aprel oyida to‘xtatgan edi. Qarorga ko‘ra, bunga uning O‘zbekistonda qamoq jazosini o‘tayotgani va mamlakatdan chiqishi mumkin emasligi sabab bo‘lgan: O‘zbekiston hukumati jazoning to‘liq muddati o‘talmaguncha uning chiqishiga ruxsat bermagan. Shu munosabat bilan sud ayblovlar bo‘yicha da’vo muddati tugaguniga qadar uning ozod qilinishi yoki Shveysariyaga ekstraditsiya qilinishi ehtimoli yo‘q, degan xulosaga kelgan.
Ish bo‘yicha yana bir figurant — Rossiyada istiqomat qiluvchi va B. deb ko‘rsatilgan shaxsga nisbatan sud jarayoni ham to‘xtatilgan. Bunga uning o‘z nazoratiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Shveysariyaga kela olmagani sabab bo‘lgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, gap Rossiyaning telekommunikatsiya kompaniyasi MTSning O‘zbekistondagi filiali — «O‘zdunrobita» kompaniyasining sobiq bosh direktori haqida ketmoqda. Bu lavozimni Behzod Ahmedov egallagan.
Lombard Odier banki esa, o‘z navbatida, sud qaroridan shikoyat qilish niyatida ekanini bildirdi. Bank ta’kidlashicha, mazkur ish 2012 yili u o‘z tashabbusi bilan Shveysariya hokimiyat organlariga shubhalar haqida xabar berganidan so‘ng boshlangan.
Bank o‘sha vaqtda pul yuvishga qarshi kurashish bo‘yicha ishonchli ichki nazorat mexanizmlari va tartib-taomillarga ega bo‘lganini ta’kidlamoqda. Avvalroq ham bank ayblovlar atayin pul yuvishda ishtirok etish bilan emas, balki bank bahslashadigan profilaktika choralaridagi ehtimoliy tashkiliy kamchiliklar bilan bog‘liq ekanini bildirgan edi.



