«Potensial Oyl» neft kompaniyasi Qozog‘istonning Atirau viloyatida ekologik qonunchilik talablarini buzgani uchun 1,433 milliard tenge (3,2 million dollar) miqdorida jarima to‘ladi. Bu haqda respublika Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligining Ekologik tartibga solish va nazorat qo‘mitasi xabar berdi.
Qonunbuzarliklar korxonani tekshirish jarayonida hududiy ekologiya departamenti tomonidan aniqlangan. Jumladan, kompaniya ishlab chiqarishda ekologik nazoratni lozim darajada amalga oshirmagan, oqova suvlarni monitoring qilish talablarini buzgan, shuningdek, majburiy ekologik hisobotlarni taqdim etmagan, kechiktirib topshirgan yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirgan.
Bundan tashqari, inspektorlar tomonidan atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalar chiqarilgani va ayrim turdagi ishlar zarur ekologik ruxsatnomalarsiz amalga oshirilgani qayd etilgan. Shuningdek, yo‘l qo‘yiladigan chiqindilar me’yorlaridan oshgani va chiqindilar bilan muomala qilishda qonunbuzarliklar aniqlangan.
«Potensial Oyl» obyektlarida, shuningdek, tegishli ruxsatnomalar va tasdiqlangan limitlarsiz to‘planib qolgan ifloslangan tuproq hamda tub cho‘kindilari — shlam aniqlangan.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha 37 ta bayonnoma tuzilib, umumiy summasi 1 433 815 923 tenge (3,2 million dollar) bo‘lgan yettita jarima undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Kompaniya ular ustidan shikoyat qilishga uringan, biroq birinchi va apellyatsiya instansiyalari sudlari shikoyatlarni qanoatlantirmagan. Hozirgi vaqtga kelib, jarimaning to‘liq summasi davlat daromadiga undirilgan.
Bu kompaniya bilan bog‘liq birinchi mojaro emas. 2026 yil avgust oyida «Potensial Oyl» bosh direktori G‘abiden Qaramoldin Ekologiya departamenti xodimlariga pora berishga urinishda aybdor deb topilgan. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya rahbariyati 15 million tenge (34 ming dollar) evaziga tekshiruv natijalariga ta’sir o‘tkazishni rejalashtirgan. Qaramoldin 270 million tenge (606 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilgan.
Qozog‘iston hukumati ekologik qonunbuzarliklar uchun neft-gaz kompaniyalaridan muntazam ravishda yirik miqdordagi mablag‘larni undirib keladi. 2025 yil yanvar oyida «Mangistaumunaygaz» kompaniyasi yer ostiga oqova suvlarni chiqarish, burg‘ilash chiqindilarini belgilangan limitlardan ortiq miqdorda to‘plash va me’yordan ortiq chiqindilarni atmosferaga chiqargani uchun jami 32,2 milliard tenge (taxminan 61 million dollar) jarimaga tortilgan. O‘sha paytda sud Kashag‘an koni operatori — North Caspian Operating Company kompaniyasidan zarur ruxsatnomasiz gazni fakellarda yoqqani uchun 3,55 milliard tenge (6,7 million dollar) undirish haqida ham qaror chiqargan.
2026 yilda «Qorachig‘anoq Petroleum Opereyting» kompaniyasi me’yordan ortiq chiqindilarni atmosferaga chiqargani va oqova suvlarni tashlagani uchun 2,07 milliard tenge (4,5 million dollar) miqdorida jarimaga tortilgan. Bundan avval, 2018 yilda «Embamunaygaz» Atirau viloyatidagi konlarda yo‘ldosh gazni qonunga xilof ravishda yoqqani uchun 6,6 milliard tenge (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 17,8 million dollar) to‘lagan.
«Potensial Oyl» Atirau viloyatida uglevodorodlarni qidirish, qazib olish va sotish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya obyektlari orasida Isatay tumanida joylashgan «Janatalap Sharqiy qanoti» konining Markaziy va Janubiy gumbazlari ham bor.



