«Krokus» va Kobuldagi teraktlarga aloqador afg‘onistonlik shaxs AQSHda 20 yilga qamaldi

mash.ru sayti fotosurati

Afg‘oniston fuqarosi Muhammad Sharifulla AQSHda bir necha yil davomida «Islom davlati — Xuroson viloyati» (ISHID-X, qator mamlakatlarda taqiqlangan) terrorchilik tashkilotini qo‘llab-quvvatlagani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda AQSH Adliya vazirligi xabar berdi.

Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, Sharifulla 2016 yildan 2025 yilgacha sodir etilgan ISHID-Xning o‘ndan ortiq hujumlariga aloqador bo‘lgan. U razvedka ishlari, xudkush terrorchilarni tashish, qurollarni tashish va tozalash, guruh a’zolari o‘rtasida ko‘rsatmalar va xabarlarni yetkazish, shuningdek, ISHIDning targ‘ibot maqsadlari uchun portlashlarni videoga olish bilan shug‘ullangan.

Eng og‘ir epizodlar qatorida 2021 yil avgust oyida Kobul aeroportida sodir etilgan portlashlar va 2024 yil mart oyida Moskva viloyatidagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida sodir etilgan terakt bor.

Sudda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil 26 avgust kuni xalqaro koalitsiya qo‘shinlari evakuatsiya operatsiyasini o‘tkazayotgan paytda minglab tinch aholi aeroportning sharqiy darvozasi oldida to‘plangan. ISHID-X rahbariyati Sharifullaga aeroportga olib boruvchi yo‘lni kuzatib borish va «Tolibon»ning nazorat-o‘tkazish punktlari bor-yo‘qligini aniqlashni topshirgan. Taxminan soat 14:00 da u ushbu yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib, yo‘l ochiq ekanini xabar qilgan. Taxminan soat 17:36 da ISHID-X jangarisi tanasiga mahkamlangan bombani portlatgan. Hujum oqibatida 13 nafar amerikalik harbiy xizmatchi va qariyb 160 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.

«Krokus Siti Xoll»ga hujum arafasida Sharifulla ISHID-X jangarilariga Kalashnikov avtomatlari va boshqa qurollardan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan, hujum vaqtida esa ular bilan aloqani saqlab turgan.

Eslatib o‘tamiz, «Krokus»dagi terakt 2024 yil 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da «Piknik» guruhining konserti oldidan sodir bo‘lgandi. Qurollangan to‘rt nafar erkak zalga bostirib kirib, odamlarni avtomatlardan o‘qqa tutgan, pichoq bilan yaradorlarning ayrimlarini o‘ldirgan, so‘ng binoga o‘t qo‘ygan. O‘shanda turli ma’lumotlarga ko‘ra, 147 nafardan 150 nafargacha odam halok bo‘lgan. 609 kishi yaralangan, jabrlanganlarning umumiy soni qariyb 1,7 ming nafarni tashkil etgan. Zarar miqdori taxminan 6 mlrd rublni (76 mln dollardan ortiq) tashkil qilgan. Ish bo‘yicha 27 kishi ayblanuvchi sifatida jalb etilgan. Ular orasida to‘rt nafar hujumchi, ularga avtomobil sotgan uch kishi, shuningdek, terrorchilarga kvartira ijaraga bergan yoki pul o‘tkazmalarini amalga oshirgan shaxslar bor. Teraktni bevosita amalga oshirgan to‘rt kishi umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Sharifulla Pokistonda qo‘lga olingan, uni ushlashda mamlakat hukumati Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) razvedka ma’lumotlaridan foydalangan. Terrorchining qo‘lga olingani va keyinchalik AQSHga ekstraditsiya qilingani haqida 2025 yil 5 mart kuni prezident Donald Tramp ma’lum qilgan. U afg‘onistonlikni 2021 yilda Kobul aeroportidagi portlashga aloqador «asosiy terrorchi» deb atagan. Tramp Pokistonga «bu maxluqni qo‘lga olishdagi yordami» uchun minnatdorlik bildirgan.