Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 2024 yil yozida fohishaxona yuritish, pornografik materiallarni tarqatish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilganidan so‘ng to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilingan bir nechta veb-kamera studiyalari egasi Daniel Ajiyevni afv etdi. Bu haqda Kaktus.Media nashri Qirg‘iziston hukumati huzuridagi Jazoni ijro etish xizmati matbuot nashri markaziga tayanib xabar berdi.
Tashkilot ma'lumotlariga ko‘ra, mahbus jazoni o‘tayotgan koloniyadan ozod qilingan. Petrovka qishlog‘ida joylashgan qamoqxona ma'muriyati afv xatini 17 fevral kuni olgan. U o‘sha kuni ozod qilingan.
Ajiyev 2023 yili O‘zbekistonda BAAga uchishga urinayotganda hibsga olingan. U xalqaro qidiruvda bo‘lganligi sababli, tez orada Qirg‘iziston rasmiylarining iltimosiga binoan o‘z mamlakatiga ekstraditsiya qilingan va u yerda tergovga topshirilgan. O‘shanda huquqni muhofaza qilish organlari hibsga olingan shaxsga tegishli bo‘lgan bir nechta yirik studiyalarda 80 ta kompyuter ishlayotganini aniqlagan. O‘ttiz operator uch smenada ishlagan va bu biznesga 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 300 dan ortiq kishi jalb qilingan.
Darvoqe, hukm chiqarilgan kuni, 31 iyulda Japarov veb-kamera studiyalari faoliyati uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishiga oid qonunni imzolagani ma'lum bo‘lgandi.
ℹ️ Daniel Ajiyev qo‘shiqchi sifatida faoliyatini 2009 yili Mino tahallusi ostida boshlagan. 2018 yili u veb-kamera studiyasini, ya'ni pul evaziga internet foydalanuvchilariga yalong‘och tanalarini ko‘rsatuvchi qizlar tarmog‘ini tashkil qilgani uchun hibsga olingan. Sud uni jarimaga tortgan. Keyinchalik u o‘zini biznesmen sifatida ko‘rsatgan, garchi nima bilan shug‘ullanishini aniq aytmasa ham. U faqat bir marta ijtimoiy tarmoqlarda porno sanoatida ishlayotganini gullab qo‘ygan.
2020 yil mart oyida Qirg‘izistonda COVID-19 ning birinchi holatlari aniqlanganda va rasmiylar qattiq karantin joriy qilganida, ko‘plab fuqarolarning daromadlari pasaygan. Ajiyev muhtojlarga oziq-ovqat va moliyaviy yordam tarqatishni boshlagan. Biroq, uning yomonotliq ekani tufayli ko‘pchilik bunday qo‘llab-quvvatlashga salbiy munosabat bildirgan. Bunga javoban Ajiyev qirg‘izistonliklar haqida haqoratli so‘zlar aytib, bir nechta videomurojaatlar tayyorlagan. Natijada, mart oyi oxirida u nafrat qo‘zg‘ash ayblovi bilan hibsga olingan. Sudgacha hibsda bo‘lganida, tadbirkor kameradoshlari tomonidan kaltaklangani borasida bir necha bor shikoyat qilgan. Keyinchalik Ajiyev aqldan ozgan deb topilib, psixiatrik klinikada majburiy davolanishga hukm qilinganidan so‘ng unga nisbatan ochilgan ish to‘xtatilgan.



