16 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bir vaqtning o‘zida uchta vazirni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi.
Transport va kommunikatsiyalar vaziri Absattar Sirgabayev lavozimidan ozod qilindi. Talantbek Soltobayev vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Meder Mashiyev Tabiiy resurslar, atrof-muhit va texnik nazorat vaziri lavozimidan ozod qilindi. Uning o‘rniga Akil Toktobayev vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeyev ham ishdan bo‘shatildi. Urmatbek Shamirkanov Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari vazifasini bajaruvchi sifatida ishlaydi.
ℹ️ 10 fevral kuni Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod qildi. General-mayor Jumgalbek Shabdanbekov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Shu bilan birga, prezident Chegara xizmatini Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqardi va davlat rahbariga bevosita hisobot beradigan Davlat muhofazasi xizmatini tashkil etish to‘g‘risida farmon imzoladi.
Qirg‘iziston Xavfsizlik Kengashi kotibi lavozimida ishlagan Rustam Mamasadiqov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Adilet Orozbekov Xavfsizlik kengashi rahbari bo‘ldi.
Shu bilan birga, Jogorku Kenesh (Qirg‘iziston parlamenti) spikeri Nurlanbek Turg‘unbek uulu iste'foga chiqdi. Deputat Marlen Mamataliyev parlamentga yangi rais etib saylandi.



