Sadir Japarov: «Tashiyev mening do‘stim, lekin u davlat xizmatiga qaytmaydi»

Sadir Japarov va Kamchibek Tashiyev. kg.akipress.org sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov yaqinda ishdan bo‘shatilgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Kamchibek Tashiyev bilan do‘stona munosabatda bo‘lib qolishini, ammo u davlat xizmatiga qaytmasligini aytdi. Bu haqda «Kabar» axborot agentligi xabar berdi.

«Biz do‘st bo‘lib qolamiz. Lekin u davlat xizmatiga qaytmaydi. Men unga aytdim: dam oling, sog‘lig‘ingizni tiklang. Tergov hammasini tekshiradi. Aftidan, uning atrofidagi odamlar uning xabarisiz harakat qilishgan. Ruslar aytganidek, ular unga yaxshi niyatda xizmat qilishmagan. Uning odamlari o‘z lavozimlarini tark yetishyaptimi? Men hech kimga ketishini aytmadim. Lekin agar o‘g‘irliklar aniqlansa, barchasi javobgarlikka tortiladi», — dedi Japarov «Kabar»ga bergan intervyusida.

Agar Sadir Japarov va Kamchibek Tashiyev o‘zaro til topa olmasalar, xalq «shimol» va «janub»ga bo‘linishi mumkin degan taxminga javoban, prezident na davlat to‘ntarishiga, na bo‘linishga yo‘l qo‘ymasligini aytdi.

«Siyosatchilar kerak bo‘lganda bo‘linishlardan o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanadilar. Ular oddiy odamlardan foydalanadilar. Biz tuman hokimlarini, sudyalarni, prokuratura, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi rahbarlarini rotatsiya qildik. Biz hokimlar va sudyalarni 100 foiz rotatsiya qildik. Janubda bitta ham janublik hokim yo‘q — barchasi shimoldan. Va aksincha: shimolda bitta ham shimollik hokim yo‘q — barchasi janubdan», — deb tushuntirdi Japarov.

Qishloq ma'muriyati rahbarlarini ham shunga o‘xshash rotatsiya kutmoqda. 2026 yil 1 sentabrdan boshlab mamlakatda davlat tomonidan moliyalashtiriladigan kvotalar bo‘yicha o‘qiyotgan talabalar rotatsiya qilinadi. Byudjetdan moliyalashtiriladigan 10 000 ta joydan 5000 tasi janubliklarga va 5000 tasi shimolliklarga ajratiladi. Shimolliklar janubda, janubliklar esa shimolda o‘qiydilar. Ularning ba'zilari mahalliy aholi bilan oilalar quradilar, bu ular mentalitetiga ta'sir qiladi.

Japarovning so‘zlariga ko‘ra, bunday choralar foydali: bo‘linish, tarafkashlik ehtimoli kamayаdi.

«20-30 yildan so‘ng «shimol» va «janub» o‘rtasidagi bo‘linishlar yo‘qoladi. Yo‘qsa, qanday choralar bilan bu kasallikni yengish mumkin?», — dedi Sadir Japarov.

Prezident xalqni provokatsiyalarga berilmaslikka chaqirdi.

«Prezident shimoldanmi yoki janubdanmi buning farqi yo‘q — asosiysi, u halol ishlasin. Den Syaopin aytganidek: «Mushukning rangi muhim emas, asosiysi u sichqonlarni tuta bilsin». Prezident halol, adolatli va xolis bo‘lishi va barchaga teng munosabatda bo‘lishi kerak», — deya xulosa qildi Japarov.

ℹ️ Sadir Japarov 10 fevral kuni Kamchibek Tashiyevning Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan bo‘shatilganini ma'lum qildi. O‘sha paytda Tashiyev Germaniyada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan edi. Sobiq Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabar kutilmagan bo‘lgan. Biroq, u har qanday vaziyatdan qat'i nazar, prezident qarorlari bajarilishi kerakligini aytdi.