Japarov MXDQdagi suiiste'molliklarni tekshirishga va qo‘mitani isloh qilishga va'da berdi

vb.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) vakillarining vakolatlarini suiiste'mol qilish holatlari tekshiriladi va aybdorlar javobgarlikka tortiladi. Bu haqda prezident Sadir Japarov «Kabar» axborot agentligiga bergan intervьyusida aytib o‘tdi.

«Bizda kim bo‘lishidan qat'i nazar, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlarni «yashirish» tushunchasi yo‘q. Davlat xalqqa xizmat qilishda qonunni hamma narsadan ustun qo‘yadi. Bu printsip hatto yaqin qarindoshlarimiz va yaqinlarimizga nisbatan ham qo‘llanilgan», — deb ta'kidladi Japarov ijtimoiy tarmoqlarda MXDQ xodimlari shaxsiy manfaatlar yo‘lida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etish uchun maxsus xizmat sobiq rahbari Kamchibek Tashiyev nomidan foydalanganliklari haqidagi ayblovlarga javoban.

«Agar maxsus xizmat yoki boshqa davlat idoralarining ayrim vakillari qonundan chetga chiqib, o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilgani holatlari aniqlansa, ular albatta tekshiriladi va javobgarlikka tortiladi. Biz hammamiz qonun oldida tengmiz», — dedi prezident.

MXDQ kelajagi haqida gapirarkan, Japarov qo‘mita o‘z vazifasini to‘liq bajarganini va «ba'zi sohalarda hatto oshirib bajarganini» ta'kidladi. Biroq, davlat doimiy ravishda rivojlanishi va o‘zgarishi kerak bo‘lgan tirik organizmdir.

«Agar kecha milliy xavfsizlik oldida bir qator masalalar turgan bo‘lsa, bugun u butunlay boshqa muammolarga duch kelmoqda», — dedi Japarov.

Ushbu voqelikni hisobga olgan holda, MXDQ zamonaviy tahdidlar va global o‘zgarishlarni hal qilish uchun puxta islohot o‘tkazadi. Japarov maxsus xizmat tarkibi va funktsiyalarida bo‘lajak o‘zgarishlarga aniqlik kiritmagan.

Xavfsizlik idoralari faoliyatini muhokama qilishni yakunlab, prezident korruptsiya va jinoyatchilikka qarshi kurash hech qachon tugamasligiga, Qirg‘izistondagi bu illat butunlay yo‘q qilinishi kerakligini ta'kidladi.

10 fevral kuni Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod qildi. General-mayor Jumgalbek Shabdanbekov qo‘mita rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Shu bilan birga, prezident Chegara xizmatini MXDQ tasarrufidan chiqardi va davlat rahbariga bevosita hisobot beradigan Davlat muhofazasi xizmatini tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqardi.