«75 imzo» ishi bo‘yicha qo‘lga olinganlar ikki oyga Bishkekdagi izolyatorga jo‘natildi

«TANDЫR-MEDIA«TELEGRAM-KANALI FOTOSURATI

Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi «75 imzo ishi» deb nomlangan ish bo‘yicha besh nafar sudlanuvchini ikki oyga hibsxonaga yubordi. Ular 10 aprelgacha Qirg‘iziston poytaxtidagi tergov izolyatorida saqlanadi, deb xabar beradi 24.kg.

Hibsga olinganlar orasida:

▪️ Jamoat arbobi Bekbolot Talgarbekov,

▪️ Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi va sobiq Qishloq xo‘jaligi vaziri Yemilbek Uzoqboyev,

▪️ Jogorku Keneshning (Qirg‘iziston parlamenti) sobiq a'zosi Qurmanbek Diykanbayev,

▪️ Sobiq Bosh vazir o‘rinbosari va sobiq parlament a'zosi Aali Karashev,

▪️ Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanov.

Ularga qarshi mamlakat Jinoyat kodeksining 278-moddasi («Ommaviy tartibsizliklar») 1-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

ℹ️ Prezident va parlament spikeriga yo‘llangan murojaat 9 fevral kuni e'lon qilindi. Unda darhol yangi prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni boshlash so‘rovi bo‘lgan. Imzo chekkanlar 2021 yilda yangi Konstitutsiyaning qabul qilinishi eski qoidalar asosida saylangan amaldagi prezidentning vakolat muddatiga nisbatan huquqiy noaniqlikni keltirib chiqarganini ta'kidlashgan. Ularning fikricha, muddatidan oldin saylovlar nizolar va noaniq talqinlarning oldini olishga yordam beradi.

Prezident Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, murojaat ayrim fuqarolarning davlat boshqaruv tuzilmalari, xususan, Jogorgu Kenesh ichida nizo chiqarishga urinishi natijasi bo‘lgan.

«Parlament a'zolarining ayrim guruhlari deputatlarni chaqirib, ulardan: «Sen biz tomondamisan yoki u tomondamisan?» deya so‘ray boshlaganlar. «Biz tomon» kimu, «boshqa tomon» kim ekaniga qiziqqan deputatlarga pogonni ko‘rsatib, deyishgan: «Biz tomon — bu general [Kamchibek Tashiyev] tomoni, u tomon — prezident tomoni». Shundan so‘ng, bo‘linish ko‘chadagi «oqsoqollar»ga o‘tgan. Ular muddatidan oldin saylovlar uchun imzo to‘plashni boshlaganlar, «bu masalasa eng yuqori darajada kelishib olingan» va Jogorku Kenesh yaqin orada muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e'lon qiladi, deya odamlarni chalg‘ita boshlaganlar», — dedi prezident.

10 fevral kuni Japarov Kamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari lavozimidan ozod qildi. U o‘z qarorini «jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishning oldini olish va aksincha, birlikni mustahkamlash» istagi bilan izohladi. MXDQ rahbarining uchala o‘rinbosari ham o‘z lavozimidan ayrildi va maxsus xizmatning o‘zida ham bir qator o‘zgarishlar yuz berdi.