Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi lavozimidan ozod qilish orqali do‘stini qutqarganini va mamlakatda bo‘linishning oldini olganini aytdi.
Davlat rahbari «Kabar» axborot agentligiga bergan intervyusida bo‘linish jarayoni Jogorku Keneshda (Qirg‘iziston parlamenti) boshlanganini aytdi. Parlament a'zolarining ayrim guruhlari deputatlarni chaqirib, ulardan: «Sen biz tomondamisan yoki u tomondamisan?» deya so‘ray boshlaganlar. «Biz tomon» kimu, «boshqa tomon» kim ekaniga qiziqqan deputatlarga pogonni ko‘rsatib, deyishgan: «Biz tomon — bu general tomoni, u tomon — prezident tomoni».
Shundan so‘ng, bo‘linish ko‘chadagi «oqsoqollar»ga o‘tgan. Ular muddatidan oldin saylovlar uchun imzo to‘plashni boshlaganlar, «bu masalasa eng yuqori darajada kelishib olingan» va Jogorku Kenesh yaqin orada muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishini e'lon qiladi, deya odamlarni chalg‘ita boshlaganlar.
«Agar men o‘z vaqtida bunday qat'iy choralar ko‘rmaganimda, bu oddiy fuqarolarga ham tarqalishi mumkin edi va xalq ham ikkiga bo‘linishni boshlagan bo‘lardi», — deb tushuntirdi prezident.
U deputatlar va ayrim davlat xizmatchilari qo‘rqitilganiga oid dalillarga ega ekanini ta'kidlagan.
«Ularga aytishgan: agar biz tomonga o‘tmasang, general sen bilan shug‘ullana boshlaydi», — deya qo‘shimcha qilgan davlat rahbari.
Japarov iste'fo borasida qaror qabul qilishdan oldin Tashiyevga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirganini va uni lavozimidan ozod qilishini aytganini ta'kidlaydi.
«Menimcha, bunday tezkor qaror bilan men, aksincha, do‘stimni qutqarib qoldim. Chunki unga yaqin kimsalar – ularni «oqsoqollar» deymizmi yoki «ko‘ksoqollar» deymizmi — har qanday holatda ham ular do‘stimni yo‘ldan ozdirishgan», — dedi prezident.
Uning fikricha, agar Tashiyev lavozimidan ozod qilinmaganida, tartibsizlik keltirib chiqaruvchilarning xatti-harakatlari hukumat mulozimlari va jamiyat o‘rtasida nizolarga, shuningdek, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin edi.
«Davlatdagi barqarorlik men uchun eng muhimi», — dedi Japarov.
Japarov va Tashiyev «eki dos» («ikki do‘st») o‘rtasidagi do‘stlik davom etadimi degan savolga prezident ijobiy javob bergan. «Do‘stligimizni biron bir lavozim yoki biron bir manfaat bilan bog‘lash noto‘g‘ri», — deya qo‘shimcha qilgan Japarov.
U Konstitutsiya prezidentni davlat yaxlitligini, xalq birligini va davlat xizmatchilarini saqlashga majbur qilishini eslatdi. 2021 yilda xalqning aksariyati unga mamlakat taqdirini ishonib topshirgan va uni prezident etib saylagan.
«Men bu vazifani qat'iy bajardim. Chunki davlat va butun xalq manfaatlari lavozimlardan va do‘stlikdan yuqori turadi», — deb ta'kidlaydi Qirg‘iziston prezidenti.
ℹ️ Sadir Japarov 10 fevral kuni Kamchibek Tashiyevning Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan ozod qilinganini ma'lum qildi. O‘sha paytda Tashiyev Germaniyada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan bo‘lgan. Sobiq Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabar kutilmagan bo‘lgan. Biroq, u har qanday vaziyatdan qat'i nazar, prezident qarorlari bajarilishi kerakligini aytgan.



