Qirg‘iziston MXDQ jamoatchilikni Tashiyev iste'fosi fonida xavfsizlik xizmatini tanqid qilmaslikka chaqirdi

knews.kg sayti fotosurati

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) bir necha kun oldin tashkilot rahbari Kamchibek Tashiyev iste'foga chiqqanidan so‘ng axborot makonida qo‘mitani obro‘sizlantirishga urinishlar kuzatilganini ma'lum qildi. Shuning uchun xavfsizlik xizmati jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va hukumat mulozimlarini shaxsiy tarkibga nisbatan qattiq tanqidlardan tiyilishga chaqirdi, deya xabar beradi Kaktus.Media MXDQ matbuot markaziga tayanib.

Xavfsizlik idoralari rasmiylari tashkilot raisi o‘zgarganidan so‘ng, «davlat muassasalariga jamoatchilik ishonchini yo‘qotishga qaratilgan bir tomonlama bayonotlar va sharhlar» tarqatilayotganini ta'kidlamoqda. Qo‘mita MXDQ mamlakat oliy bosh qo‘mondoniga (Qirg‘iziston prezidenti – «Farg‘ona izohi) hisobot berishini va Konstitutsiya va amaldagi qonunchilik doirasida faoliyat yuritishini yana bir bor ta'kidladi. Uning ishi «qonuniylik, xolislik va jamoatchilik oldida javobgarlik» printsiplariga asoslangan».

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi tashkilotning ustuvor vazifalari ham sanab o‘tdi: milliy xavfsizlikni ta'minlash, konstitutsiyaviy tuzumni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, terrorizm, ekstremizm, korruptsiya va boshqa tahdidlarga qarshi kurashish.

Shu bilan birga, qo‘mita har qanday savol va xavotirlar faqat qonuniy doirada — faktlar va tasdiqlangan ma'lumotlarga asoslanib ko‘rib chiqilishi kerakligini ta'kidladi. Dalillarni taqdim etmasdan davlat idoralarining obro‘siga putur yetkazishga urinishlar nafaqat qo‘mitaning o‘ziga, balki «jamiyatdagi umum ishonch darajasiga» ham zarar yetkazadi.

MXDQ tashkilot xodimlari o‘z vazifalarini vijdonan va mas'uliyat bilan bajarishini, milliy xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha ishlar xalq va davlat manfaatlari yo‘lida izchil va printsipial tarzda davom etishini qo‘shimcha qildi.

10 fevral kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod qilgani ma'lum qildi. General-mayor Jumgalbek Shabdanbekov qo‘mita raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, bu payt Tashiyev Germaniyada tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan bo‘lgan. Ofitserning so‘zlariga ko‘ra, uning ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabar kutilmagan bo‘lgan. Biroq, u, qanday vaziyatda bo‘lishidan qat'i nazar, prezidentning qarorlari bajarilishi kerakligini ta'kidlagan.

Shuningdek, 10 fevral kuni davlat rahbari Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasida tarkibiy o‘zgarishlarni tasdiqladi. U qo‘mita tarkibidan Chegara xizmatini olib tashladi va MXDQning to‘qqizinchi xizmati negizida Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Davlat muhofazasi xizmatini tashkil etish to‘g‘risida farmon chiqardi. Mazkur tashkilot to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga bo‘ysunadi.