Qirg‘iziston prezidenti Davlat muhofazasi xizmati raisini tayinladi

Sadir Japarov. Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati fotosurati

Sirgak Berdiqo‘joyev Qirg‘iziston Davlat muhofazasi xizmati (DMX) raisi etib tayinlandi. Prezident Sadir Japarov tegishli farmonni 11 fevral kuni imzoladi.

Ochiq manbalarda Berdiqo‘joyev haqida hech qanday ma'lumot yo‘q. Faqatgina 2016 yili u Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Terrorizmga qarshi kurash markazining bosh inspektori bo‘lib ishlagani ma'lum.

Berdiqo‘joyevning yangi lavozimidagi ilk bayonotlaridan biri — sobiq Bosh vazir o‘rinbosari va MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev shaxsiy xavfsizlik choralarisiz qolmasligi bo‘ldi.

«Fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlarda Qamchibek Tashiyevning xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlari tegishli davlat idoralari tomonidan hisobga olinmoqda. Prezident Sadir Japarov zarur ko‘rsatmalar berdi. Qamchibek Tashiyev ilgari himoyalangan shaxs bo‘lgan va keyinchalik ham uning shaxsiy xavfsizligi choralari belgilangan tartibda ta'minlanadi», — dedi DMX boshlig‘i.

ℹ️ Davlat muhofazasi xizmati 10 fevralda tashkil etildi. U to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunadi.

DMX tashkil etilishidan oldin Qamchibek Tashiyev va MXDQ rahbarining uch nafar o‘rinbosari iste'foga chiqdi, bu haqda o‘sha kuni e'lon qilindi. Japarov ushbu qarorni milliy birlikni mustahkamlash va jamiyatda bo‘linishning oldini olish istagida amalga oshirganini tushuntirdi. Biroq, bo‘linish haqida gapirarkan, prezident Tashiyevni emas, balki «harakatlari jamiyatda salbiy vaziyatning paydo bo‘lishiga sharoit yaratayotgan» bir nechta jamoat arboblarini nazarda tutgan.

Jumgalbek Shabdanbekov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Rustam Mamasadiqov uning birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. MXDQ rahbarining yana ikki o‘rinbosari ham tasdiqlandi: Alisher Erbayev Terrorizmga qarshi kurash markazi direktori, Uranbek Shadibekov Kiberxavfsizlikni muvofiqlashtirish markazi rahbari etib tayinlandi.