Qamchibek Tashiyev: «Nima bo‘lishidan qat'iy nazar, biz prezident qarorini bajarishga majburmiz»

Qamchibek Tashiyev. sputnik.kg sayti fotosurati

10 fevral kuni iste'foga chiqqan Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari va Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev bayonot berdi, uning matni «Region TV» tomonidan e'lon qilindi.

«Sog‘lig‘im yomonlashgani sababli, prezidentning ruxsati bilan men avvali operatsiya qilingan joyda tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun Germaniyaga keldim. Biroq, kecha lavozimimdan ozod qilinganimni bildim. Bu men uchun mutlaqo kutilmagan holat bo‘ldi.

Har qanday vaziyatdan qat'i nazar, biz prezident qarorini amalga oshirishga majburmiz.

Men davlatga, xalqqa va prezidentga halollik va fidoyilik bilan xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Yagona afsus qiladigan joyim shundaki, men shaxsiy tarkib bilan shaxsan xayrlasha olmadim.

Men har bir MXDQ xodimiga minnatdorchilik bildiraman va ularga xizmatlarida muvaffaqiyatlar tilayman.

Sizlarni shunga chorlayman: mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlik uchun hech kim noqonuniy harakatlarga qo‘l urmasligi kerak. Barcha harakatlarimiz qat'iy qonun doirasida bo‘lishi kerak», — deyiladi Tashiyev bayonotida (Akipress tomonidan tarjima qilingan).

ℹ️ 2026 yil 10 fevralda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni Bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan ozod qildi. Keyinchalik maxsus xizmat raisining barcha o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatildi va ularning o‘rniga yangi odamlar tayinlandi. Bundan tashqari, prezident yuqori lavozimli amaldorlar va muhim ob'ektlarni himoya qilishni MXDQ tasarrufidan chiqardi va Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘tkazdi va uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z nazoratiga oldi. Chegara xizmati ham alohida tashkilotga aylandi.