Sadir Japarov Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevni barcha davlat mukofotlaridan mahrum qildi

Sadir Japarov (chapda), Almazbek Atambayev. nazarnews.org sayti fotosurati

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Almazbek Atambayevni barcha davlat mukofotlaridan mahrum qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Sobiq prezident Qirg‘iziston Respublikasining eng oliy mukofoti — «Kirgiz Respublikasinin Baatiri», II darajali «Manas» va «Danaker» ordenlari hamda «Dank» medalidan mahrum qilindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Sud ijrochilari xizmatiga Atambayevning davlat mukofotlari va unga ilova qilingan hujjatlarni musodara qilish va ularni davlat mukofotlari fondiga o‘tkazish topshirildi.

Farmon Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi tomonidan 2025 yil 3 iyunda chiqarilgan hukmni bajarish maqsadida imzolandi. O‘shanda Atambayev Qo‘y-Tosh voqealari munosabati bilan mol-mulki musodara qilingan va davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda sirtdan 11,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi. Japarov hukmni qattiq deb atadi va agar Atambayevning vakillari hukumatga murojaat qilsa, sudlangan shaxsni avf etishga tayyorligini bildirgandi.

ℹ️ Almazbek Atambayev 2011 yildan 2017 yilgacha Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. 2019 yil avgust oyida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi maxsus kuchlari Almazbek Atambayevni Bishkek yaqinidagi Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida hibsga olishga uringan. Ammo siyosatchining tarafdorlari xavfsizlik kuchlariga qarshilik ko‘rsatgan. Natijada bir nafar maxsus kuchlar zobiti halok bo‘lgan, 100 dan ortiq odam yaralangan.

Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha sud jarayoni 2022 yilda boshlangan. Keyinchalik korrupsiya bilan bog‘liq ayblovlar sud jarayoniga qo‘shilgan. 2023 yil fevral oyida ish bo‘yicha asosiy sudlanuvchi Atambayev chet elda tibbiy davolanish uchun hibsdan ozod qilingan. Sobiq prezident Ispaniyaga uchib ketgan va vataniga qaytmagan. 2025 yil sentyabr oyida sud ijrochilari sobiq prezidentning oilasini Qo‘y-Toshdagi uylaridan majburan chiqarib yuborishgan.