Qirg‘izistonda Korumdu cho‘qqisida bedarak yo‘qolgan belaruslik alpinistni qidirish ishlari to‘xtatildi

Nikolay Sviridov. 24.kg sayti fotosurati

Qirg‘izistonda Korumdu cho‘qqisiga ko‘tarilgandan so‘ng bedarak yo‘qolgan 60 yoshli belaruslik alpinist Nikolay Sviridovni qidirish ishlari to‘xtatildi. Uning jasadini topishning iloji bo‘lmadi, deb xabar beradi 24.kg nashri qidiruv-qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan ko‘ngillilar guruhiga tayanib.

To‘rt kun davomida hudud dronlar yordamida tekshirilgan. Mutaxassislar cho‘qqi tizmasi, yonbag‘irlar va kuluarlarni suratga olganlar, Sviridovga tegishli krossovka va chodirni topganlar, shuningdek, guruhning taxmin qilingan qulab tushgan joyini aniqlaganlar.

Olingan tasvirlarda alpinistni aniqlashning iloji bo‘lmagan. Operatsiya ishtirokchilarining baholashicha, Sviridov ehtimol qor ko‘chkisi olib kelgan qor qatlamlari ostida yoki yonbag‘irning quyi qismidagi yoriqlardan birida qolgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatda uni havodan turib topishning imkoni yo‘q.

Qidiruv hududida qor yog‘ishi boshlangani sababli yonbag‘irlarni keyinchalik tekshirish imkoni bo‘lmay qolgan.

«Qidirilgan barcha narsa hozir qor ostida qolgan. Bugun ishlar rasman to‘xtatildi. Guruh tog‘dan tushirilmoqda. Qidiruv ishlarini qayta boshlash rejalashtirilmagan», — deyiladi «Kurumduda qidiruv» loyihasi xabarida.

Sviridov tarkibida 43 yoshli belaruslik Maksim Polyanskiy va 37 yoshli Litva fuqarosi Sergey Rubsov bo‘lgan guruh a’zosi edi. 1 avgust kuni alpinistlar balandligi taxminan 6,6 ming metr bo‘lgan Korumdu cho‘qqisiga ko‘tarilgan, 2 avgust kuni esa ular bilan so‘nggi bor aloqa o‘rnatilgan. 4 avgust kuni ularni olib ketishi kerak bo‘lgan mashinaga guruh qaytib kelmagan.

Qidiruv ishlari avgust oyining dastlabki kunlarida boshlangan. Noqulay ob-havo tufayli qidiruv bir necha bor to‘xtatilgan: qutqaruvchilarning ishlariga tuman, qor yog‘ishi, qor ko‘chkisi xavfi va tosh ko‘chkilari xalaqit bergan. Operatsiyada Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari, alpinistlar va bir nechta davlatlardan kelgan mutaxassislar ishtirok etgan. Qidiruvda vertolyot va baland tog‘ sharoitida ishlaydigan dronlardan foydalanilgan.

24 avgust kuni qutqaruvchilar guruhning ikki a’zosi jasadini topganlar. Ertangi kuni ular tog‘dan tushirilgan, 27 avgust kuni esa qarindoshlari halok bo‘lganlar Polyanskiy va Rubsov ekanini tasdiqlaganlar. Shundan so‘ng Sviridovni qidirish ishlari davom ettirilgan.

Polyanskiy va Sviridov «Qor qoploni» unvoniga ega edilar — ularning har ikkisi sobiq SSSR hududidagi 7 ming metrdan baland beshta cho‘qqiga ko‘tarilgan. Sviridov guruhning eng tajribali a’zosi bo‘lib, ko‘p yillar davomida Pomirga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda ishtirok etgan va tog‘ yurishlariga o‘zi rahbarlik qilgan.

Korumdu cho‘qqisi Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoy chegaralari tutashgan hududdagi Chon-Olay tizmasida joylashgan. Unga ko‘tarilish eng yuqori murakkablik toifasiga kiradi. Cho‘qqiga birinchi tasdiqlangan ko‘tarilish 2001 yilda amalga oshirilgan.