Singapurning katta vaziri Li Syan Lun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, mamlakat tarixi, ilmi va madaniy merosiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar bilan tanishdi.
Markazda Singapur delegatsiyasiga hozirgi O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan qadimgi sivilizatsiyalar, islomdan oldingi davr, islom madaniyati va ilm-fanining rivojlanishi, shuningdek, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga oid materiallar taqdim etildi.
Li Syan Lun e’tiborini Qur’on zalida namoyish etilayotgan VII asrga oid Usmon Mus'hafi tortdi. U Markazning asosiy muqaddas yodgorliklaridan biri hisoblanadi.
Faxriy mehmonlar kitobida yozuv qoldirgan Li Syan Lun O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini ta’kidlab, Markazning madaniyatlararo muloqotga yondashuviga alohida e’tibor qaratdi.
«Markaz amal qilayotgan madaniyatlararo muloqotga yondashuv ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali, tinchlik va hamjihatlik tamoyillari asosida yashovchi Singapur vakillari uchun ayniqsa yaqin», — deb yozgan katta vazir. U Markazga o‘zining «muhim va ezgu faoliyati»da muvaffaqiyatlar tiladi.
Li Syan Lun 27–31 avgust kunlari O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘ldi. Toshkentda u prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi va Oliy Majlisda (parlamentda) nutq so‘zladi, so‘ng Samarqandga tashrif buyurdi. Bu singapurlik siyosatchining Markaziy Osiyoga birinchi tashrifi bo‘ldi.
Li Syan Lun Singapurning birinchi Bosh vaziri va zamonaviy Singapur asoschilaridan biri Li Kuan Yuning o‘g‘li. 2004–2024 yillarda u mamlakat hukumatini boshqargan, Bosh vazir lavozimidan ketganidan so‘ng esa katta vazir lavozimini egallagan.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



