O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkazilgan «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi mamlakat va Markaziy Osiyoning xalqaro axborot makonida yanada kengroq namoyon bo‘lishiga xizmat qilishi mumkin. Bu haqda BBC Studios kompaniyasining Yevroosiyodagi tijorat vakili Sergey Stanovkin ma’lum qildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi matbuot xizmati.
Stanovkinning so‘zlariga ko‘ra, yirik professional ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki O‘zbekistonga o‘z tarixi, madaniyati va sivilizatsion merosi haqida xorijiy auditoriyaga bevosita so‘zlab berish imkonini beradi.
«Professional ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamlash axborot muhitida mutlaqo boshqa natija beradi. Bugun blogerlik jadal rivojlanayotgan muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lsa-da, an’anaviy OAVning o‘z auditoriyasi, ta’sir doirasi, ishonch darajasi va tahririy siyosati bor», — dedi Stanovkin.
Uning ta’kidlashicha, keyingi vazifalardan biri Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning xalqaro media kun tartibidagi ishtirokini kengaytirishdan iborat bo‘lishi kerak.
«Buning uchun O‘zbekiston va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘z ovozi, o‘z kontenti va samarali kommunikatsiyalariga ega bo‘lishi kerak. Axir Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoga aytadigan gapi va taqdim etadigan boy merosi bor», — dedi BBC Studios vakili.
Stanovkinning fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tadqiqot va muzey maydoni, balki xalqaro gumanitar muloqot maskaniga ham aylanishi mumkin.
BBC Studios vakili BBC telekanalida namoyish etilgan «O‘zbekiston — sivilizatsiyalar chorrahasi» reklamaviy kampaniyasini ham eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Islom sivilizatsiyasi markazi gumanitar sohada shunga o‘xshash vazifani bajarishi — turli mamlakatlar vakillarini Toshkentga jalb etishi va xalqaro hamkorlik uchun sharoit yaratishi mumkin.
«U nafaqat mamlakatlar o‘rtasida, balki o‘tmish va kelajak o‘rtasida ham ko‘prik yaratadi. Tarixni anglash kelajakni to‘g‘ri qurishga yordam beradi», — dedi Stanovkin.
Uning fikricha, O‘zbekistonga xalqaro qiziqish ortib borayotganining sabablaridan biri mamlakatning faolligi va tarixiy meros bilan bir vaqtning o‘zida ishlash hamda kelajak kun tartibini shakllantirishga intilayotganidir.
«Ayniqsa, kelajakka qaratilgan qarash O‘zbekistonni ajratib turadi. O‘tmishni o‘rganish juda muhim, ammo kelajak haqida gapirish va rivojlanish yo‘nalishini belgilash ham shunchalik ahamiyatli. Ana shunda yangi hamkorlar va yangi tarafdorlar paydo bo‘ladi», — dedi Stanovkin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, aynan shunday yondashuv O‘zbekistonning xalqaro aloqalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
«Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi avgust oyi oxirida Toshkentda bo‘lib o‘tdi. Unda o‘nlab mamlakatlardan jurnalistlar, media-menejerlar va ekspertlar ishtirok etdi. Forumning asosiy maydonlaridan biri Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ldi.
ℹ️ Islom sivilizatsiyasi markazi Xasti-Imom majmuasi yonida qurildi. Inshoot qadimgi me’moriy obidalar shaklida bunyod etildi. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan. Bu yerda Qur’on zali, 550 o‘rinli anjumanlar zali va muzey mavjud bo‘lib, ko‘rgazmalar O‘zbekistonning islomgacha bo‘lgan davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan butun tarixini qamrab oladi. ITSM O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi va dunyoning ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim markazlari bilan hamkorlikda ajdodlar merosini o‘rganish, idrok etish borasida ma’rifiy maskanga aylanishi ko‘zda tutilgan.



