Qadim Toshkent «muhofizi» vafot etdi

Mashhur o‘lkashunos va O‘zbekiston tarixi targ‘ibotchisi Boris Anatolevich Golender olamdan o‘tdi
Boris Golender. Andrey Kudryashov fotosurati, «Farg‘ona"

«Farg‘ona» axborot agentligi taniqli o‘zbekistonlik tarixchi, o‘lkashunos, jurnalist va yozuvchi Boris Anatolevich Golenderning vafot etganini chuqur qayg‘u bilan ma'lum qiladi.

U 2026 yil 5 fevralda, 78 yoshida, og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi. Bu insonning Toshkent va butun O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosini asrash yo‘lidagi fidoiyligi ko‘p avlodlar uchun haqiqiy mayoq vazifasini o‘tagandi.

Boris Golender 1947 yil 12 sentabrda Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkent davlat universitetining kimyo fakultetini tamomlagan va 1978 yili kimyo fani bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Biroq, tarix va o‘lkashunoslik uning hayoti mazmuniga aylandi. Jurnalistikaga o‘tib, u butun hayotini ona shahri va mamlakatining o‘tmishini o‘rganish va ommalashtirishga bag‘ishladi. Boris Anatolevich Toshkentdagi Sergey Yesenin nomidagi davlat muzeyida ishlagan va u yerda adabiyot va tarixni jonlantirgan holda qiziqarli ekskursiyalar o‘tkazgan.

Boris Golender O‘zbekiston tarixi va madaniyatiga oid 100 dan ortiq kitob, maqola va nashrlarning muallifidir, «Oliyjanob toshkentliklarim» va «O‘tmishga nazar: Turkiston qadim pochta otkritkalarida (1898–1917)» shular jumlasidandir.

Uning ma'ruzalari, ekskursiyalari, podkastlari va videolari — qadimgi Chilonzor tarixidan tortib, Toshkent ko‘chalari sirlariga qadar hikoyalari — tinglovchilar uchun o‘tmishning unutilgan sahifalarini ochib berardi.

Boris Anatolevich nafaqat olim, balki haqiqiy vaqt qo‘riqchisi, Toshkent asori-atiqalari jamlovchisi bo‘lib, bor bilimlarini samimiy ishtiyoq va jonli hazil tuyg‘usi bilan baham ko‘rardi.

Boris Anatolevichni «Farg‘ona» axborot agentligi bilan samarali hamkorlik bog‘lab kelgan. Uning video ma'ruzalari va platformalarimizda nashr etilgan materiallari Markaziy Osiyo madaniy merosini yoritishga qimmatli hissa qo‘shdi.

Biz bunday oliyjanob inson bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan faxrlanamiz, uning tadqiqotlari o‘quvchilarimiz va tomoshabinlarimizni o‘z yurtining tarixini, o‘zligini chuqur anglashga ilhomlantirardi.

Boris Anatolevich vafoti o‘zbek tarixshunosligi, o‘lkashunosligi va uni ustoz va do‘st sifatida qadrlagan barcha odamlar uchun ulkan yo‘qotishdir. Golenderning asarlari kelajak avlodlar uchun bilim manbai bo‘lib qoladi va uning xotirasi insonlar qalbida yorqin iz qoldiradi.

«Farg‘ona» axborot agentligi Boris Anatolevich Golenderning oilasi, do‘stlari va hamkasblariga samimiy hamdardlik bildiradi.

Oxiratlari obod bo‘lsin!

Boris Golender. Andrey Kudryashov fotosurati, «Farg‘ona"