O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgiladi. Ulardan biri Sanoat kooperatsiyasi xaritasini ishlab chiqishdan iborat. Loyiha maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayonlari, sotuv bozorlari va logistikani biznes vakillari, investorlar hamda davlat tuzilmalari uchun yagona raqamli platformaga birlashtirishga qaratilgan. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
1 sentyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida so‘zga chiqqan Mirziyoyev tashkilot a’zolari uchun yana bir qator muhim tashabbuslarni sanab o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, «SHHT-2040: umumiy taraqqiyot makoni» konseptual tasavvurini ishlab chiqishni boshlash zarur.
– Uning asosiy maqsadi investitsiyalar, texnologiyalar va bilimlar erkin almashiniladigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar kengayib boradigan o‘zaro bog‘liq va barqaror makonni shakllantirishdan iborat bo‘lishi lozim, – dedi davlat rahbari.
Asosiy amaliy qadamlardan biri transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi loyihalarni saralab olish bo‘lishi kerak. Ular SHHT Taraqqiyot banki faoliyati boshlanganidan so‘ng amalga oshiriladi.
O‘zbekiston prezidenti iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq chaqiriqlarga ham e’tibor qaratdi. U tashkilotdagi hamkorlarni oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha yagona kun tartibini shakllantirishga chaqirdi. Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, 2035 yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish zarur.
O‘zbekiston rahbari Xitoyning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va ushbu alyans bilan yaqin aloqalar o‘rnatishni taklif qildi. Bundan tashqari, Mirziyoyev O‘zbekistonda SHHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Zamonaviy texnologiyalarni birgalikda rivojlantirish mavzusiga yana bir notiq — Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham o‘z nutqida to‘xtaldi.
«Katta ilmiy va innovatsion salohiyatga ega bo‘lgan SHHT davlatlari tajriba almashishdan texnologiyalarni birgalikda yaratish va kompetensiyalarni oshirishga o‘tishni jadallashtirishi, izchil ravishda sun’iy intellekt sohasida o‘z ekotizimini shakllantirishi mumkin», — deya ta’kidladi respublika rahbari.
U Qozog‘iston sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha Jahon tashkilotining muassislari qatoriga kirganini qo‘shimcha qilib, SHHT shafeligida yetakchi universitetlar, ilmiy muassasalar va texnologik kompaniyalar ishtirokida sun’iy intellekt markazlari tarmog‘ini tashkil etishni taklif qildi.
To‘qayev ilgari surgan boshqa tashabbuslar qatorida Yevroosiyoning transport-logistika karkasini yaratish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish, elektron hujjatlarni o‘zaro tan olish va «yashil» yo‘laklar tamoyilini qo‘llash kabi takliflar bor.
Davlat rahbari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yo‘nalish sifatida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Zero, SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 trillion dollarga yaqinlashmoqda. Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun pilot sanoat konsorsiumlari mexanizmini joriy etish taklif qilinmoqda. Bu tashkilotning barcha a’zolari qo‘shilishini kutmasdan, loyihalar tayyor bo‘lishi bilan ularni amalga oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, To‘qayevning ta’kidlashicha, amaldagi chegaraoldi hamkorlik markazlari negizida SHHTning chegaralararo savdo zonalarini ishga tushirish, shuningdek, SHHT Taraqqiyot bankini tashkil etish muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Yuqorida qayd etilgan tashabbuslarning aksariyatini Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon qo‘llab-quvvatladi. U ham ekologik kun tartibiga alohida urg‘u berdi. Siyosatchi jahon energetika bozorlaridagi keskinlikni inobatga olgan holda, an’anaviy energetika sohasida harakatlarni muvofiqlashtirish va «yashil» transformatsiya loyihalarini ilgari surishni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Rahmon SHHT makonida iqtisodiy o‘sish zonalari va Mintaqaviy raqamli hamda agroekologik platformani tashkil etish masalasini ishlab chiqishni taklif qildi. U suv xavfsizligi mavzusiga ham to‘xtaldi.
«Muzliklarni saqlab qolish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerlar degradatsiyasining oldini olish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash bugungi kunda barqaror rivojlanishning strategik vazifalaridir», — deya xulosa qildi Tojikiston prezidenti.
ℹ️ Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yil iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, o‘shanda Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rahbarlari tegishli deklaratsiyani imzolagan edi. 2026 yilga kelib SHHT a’zolari soni o‘ntaga yetdi — alyans tarkibiga Belarus, Hindiston, Eron va Pokiston qo‘shildi. Tashkilotda Afg‘oniston va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlatlar hisoblanadi.



