16 sentyabr kuni Seulda tarixda birinchi marta «Markaziy Osiyo — Koreya» sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari ishtirok etdi. Sammit doirasidagi tadbirlar dasturi juda sermazmun bo‘ldi: ikki tomonlama uchrashuvlar, kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar, biznes-forumlar, idoralararo yig‘ilishlar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi. Sanoat, savdo, investitsiyalar va iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Muhokamalarda muhim minerallar, «yashil» energetika, yuqori texnologiyalardan, jumladan sun’iy intellektdan (SI) foydalanish sohalaridagi hamkorlik alohida o‘rin tutdi. C5+1 sammitida yana qanday masalalar muhokama qilingani haqida — «Farg‘ona» materialida o‘qing.
Qozog‘iston
Mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Janubiy Koreya zamonaviy dunyoda milliy yuksalishning eng ilhomlantiruvchi namunasi bo‘lganini ta’kidladi. Zero, ta’lim, innovatsiyalar va inson kapitaliga e’tibor qaratish orqali ushbu davlat qisqa vaqt ichida dunyoning yetakchi texnologik davlatlari qatoriga kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Shundan so‘ng Markaziy Osiyo respublikasi rahbari alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir nechta hamkorlik yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Xususan, gap savdo-iqtisodiy aloqalar haqida bordi. Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Markaziy Osiyo va Koreya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 10 milliard dollardan oshgan. Bunda ko‘rsatkichning qariyb yarmi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq o‘sish sur’ati jadallashmoqda: joriy tashrif doirasida 19 milliard dollarlik tijorat shartnomalari imzolandi.
To‘qayev Qozog‘iston koreyalik investorlar va kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratishni davom ettirishini bildirdi. Shu maqsadda, masalan, Altyn Visa dasturi ishga tushirilgan.
Prezident Markaziy Osiyo respublikalari va Koreya sanoat vazirlarining birinchi uchrashuvi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Mazkur mavzuni davom ettirgan holda, 5S+1 formatida Sanoat va texnologik rivojlanish hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnologiyalar transferi, mintaqaviy kooperatsiya va tayyor mahsulot eksportiga urg‘u bergan holda qo‘shma flagman loyihalar portfelini shakllantirish g‘oyasi ilgari surildi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida logistika ham tilga olindi. Xususan, tranzit tashuvlar hajmini oshirish va Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagidan keng ko‘lamda foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qozog‘iston rahbari koreyalik hamkorlarni neft-gaz sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etishga taklif qildi. Shuningdek, ayni paytda Sharqiy Qozog‘iston viloyatida «Yashil energetika majmuasi»ni tashkil etish tashabbusi muhokama qilinayotganini ma’lum qildi.
To‘qayev Koreyani global texnologik poygada yetakchilardan biri deb atadi. Prezident Qozog‘istonda allaqachon qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganidan mamnunligini ta’kidladi. Masalan, Turkistonda Woosong universiteti yoki SeoulTech ishtirokida Qizilo‘rdada faoliyat yuritayotgan Sun’iy intellekt instituti shular jumlasidandir. Shuningdek, Alatau City shahrida Koreya Ilg‘or texnologiyalar universiteti filialini ochish, mintaqadagi mamlakatlar uchun sun’iy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan AI Talent dasturini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.
Muhim materiallar haqida gapirar ekan, To‘qayev Qozog‘istonning resurs salohiyati va Koreyaning texnologik imkoniyatlari uyg‘unligi ushbu yo‘nalishda o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng istiqbollar ochishini ta’kidladi. Hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad xom ashyoni qazib olishdan tortib, uni global darajada qayta ishlash va tayyor mahsulotlar — yarim o‘tkazgichlar, mikroelektronika, akkumulatorlar, robotlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirini shakllantirishdan iborat bo‘ladi.
Qirg‘iziston
Respublika rahbari Sadir Japarov Seul sammiti Markaziy Osiyo respublikalarining Koreya bilan hamkorligida yangi sahifa ochayotganini ta’kidladi. Prezident Markaziy Osiyo ishonch, mintaqaviy kooperatsiya va umumiy uzoq muddatli manfaatlarga asoslangan dinamik, jipslashgan va iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liq makonga aylanganini qayd etdi.
Siyosatchi Koreyani, ayniqsa investitsiyalar, savdo, transport, energetika, raqamlashtirish va ta’lim kabi sohalarda ishonchli hamkor deb atadi.
Shu bilan birga, Japarov kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. U C5+1 formati doirasida Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlarining rolini kuchaytirishni, ushbu mexanizmga erishilgan kelishuvlarni siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ularning bajarilishini monitoring qilish vazifalarini yuklashni taklif qildi.
Iqtisodiyot sohasida amaldagi Sanoat vazirlari maslahat mexanizmi negizida investitsiyalar bo‘yicha davlat muassasalari kengashini tashkil etish zarur. Bundan tashqari, muhim loyihalarning yagona portfelini shakllantirish va ustuvor tashabbuslarni moliyalashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda koreya kompaniyalarining Markaziy Osiyo bozoriga chiqishi uchun qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etish foydali bo‘ladi.
Yuqori texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish sohasidagi hamkorlik masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Japarov qo‘shma pilot texnologik maydonchalar tarmog‘ini shakllantirishni taklif qildi.
Iqlim kun tartibi haqida gapirar ekan, Qirg‘iziston rahbari tog‘li hududlarning iqlim barqarorligi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish tashabbusi bilan chiqdi va barcha manfaatdor tomonlarni 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan «Bishkek+25» global sammitiga taklif qildi. Japarovning so‘zlariga ko‘ra, gidroenergetika va «yashil» mobillik sohalarida ham yanada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.
Prezident inson kapitalini rivojlantirishni yana bir tizimli yo‘nalish deb atadi. U hamkasblarini ta’lim dasturlari, akademik almashinuvlar va qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirishga chaqirdi.
Japarov «Markaziy Osiyo — Koreya» formatidagi keyingi uchrashuvga qadar real natijalar, ya’ni ishga tushirilgan ishlab chiqarish korxonalari, jalb etilgan investitsiyalar, joriy etilgan texnologiyalar va fuqarolar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar namoyish etilishi kerakligini ta’kidladi.
Tojikiston
Prezident Emomali Rahmon zamonaviy dunyoning ziddiyatli sharoitlarini hisobga olgan holda, bugungi sammit alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi forum so‘nggi yillarda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashning samarali mexanizmiga aylangan.
Tojikiston rahbarining ta’kidlashicha, hamkorlikni davlat rahbarlari uchrashuvi darajasiga olib chiqish birgalikdagi taraqqiyotni ta’minlash va mintaqada mustahkam tinchlik hamda barqarorlik yo‘lida xalqaro aloqalarni kengaytirishga qaratilgan maqsadli sa’y-harakatlarning ifodasidir. Shu munosabat bilan Rahmon Seulning «Yangi shimoliy siyosat» tashabbusini yuqori baholab, uni Markaziy Osiyo va Janubiy Koreyaning ilg‘or iqtisodiyoti o‘rtasidagi texnologik o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashning muhim elementi deb atadi.
Tojikiston prezidenti iqtisodiy hamkorlikni davom ettirish va barqaror ta’minot zanjirlarini yaratishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, u iqlim tahdidlariga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishi, chuchuk suv tanqisligi va muzliklarning erishi kabi global muammolarni hal etish mintaqadagi barcha davlatlar va ularning hamkorlari o‘rtasida yanada yaqin hamkorlikni talab qilishini ta’kidladi.
Turkmaniston
Respublika rahbari Serdar Berdimuhamedov hamkasblar e’tiborini Markaziy Osiyoning boy resurslarini Janubiy Koreyaning ilg‘or texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishga qaratdi.
Avvalo, gap Turkmaniston yoqilg‘i-energetika majmuasi korxonalari bilan hamkorlik qilish haqida bordi. Berdimuhamedov koreyalik hamkorlarni bir qator konlardagi tabiiy gaz zaxiralarini o‘zlashtirishga taklif qildi. Bunday hamkorlik natijasida qo‘shimcha qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar, xususan, o‘g‘itlar va neft-kimyo sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlar paydo bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan tranzit yo‘laklarini, Kaspiy dengizidagi port infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, kemasozlikda «aqlli» logistika texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish maqsadga muvofiq. Prezident, shuningdek, Koreyaning resurslarni tejashga qaratilgan noyob tizimlaridan foydalangan holda mintaqadagi suv infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni muhim deb atadi.
Shu bilan birga, respublika rahbari sun’iy intellekt, sanoat boshqaruvi, optik tolali kabellar ishlab chiqarish va Turkmanistonning Arkadag shahri misolida «aqlli» shaharlar qurish sohalarida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston
Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya 2007 yildayoq strategik uzoqni ko‘ra bilishni namoyon etgani va dunyoda birinchi bo‘lib Markaziy Osiyoda yaqin va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ulkan salohiyat borligini ko‘rganini ta’kidladi. Shu bois ushbu davlatning mintaqa mamlakatlarini sanoatlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanish uchun mustahkam poydevor yaratishga qo‘shayotgan hissasi juda salmoqli.
Mirziyoyev sammitdagi nutqida mintaqaning Janubiy Koreya bilan kelgusidagi hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.
Xususan, hamkorlikni rejalashtirish uchun uzoq muddatli istiqbolni shakllantirish zarur. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu zamonaviy dunyoda ayniqsa muhim, chunki global o‘zgarishlar sur’ati tobora ko‘proq mamlakatlarning vaziyatga moslashish qobiliyatidan o‘zib ketmoqda. Ta’lim, texnologiyalar va inson kapitali sohalarida yangi talablar paydo bo‘lmoqda. Bu chaqiriqlarga javoban «Markaziy Osiyo — Koreya: ildam rivojlanish hamkorligi» konseptual qarashini ishlab chiqish taklif etildi.
Shundan so‘ng savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlarni yagona biznes mantig‘i asosida birlashtirish zarur, deya ta’kidladi respublika rahbari. Uning qayd etishicha, bugun Markaziy Osiyo faqat xom ashyo yetkazib beruvchi mintaqa emas, balki tobora ko‘proq qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarmoqda va hamkorlik doirasini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, prezident sanoat va savdo vazirlari uchrashuvlari uchun platforma yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Bunday yondashuv 2030 yilga qadar mintaqa mamlakatlari va Koreya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 20 milliard dollarga yetkazish imkonini beradi.
Shuningdek, Mirziyoyev muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni faol rivojlantirishga chaqirdi, chunki bu xom ashyoga talab juda yuqori. Markaziy Osiyo zaminidagi foydali qazilmalar zaxiralarini hisobga olgan holda, mintaqa yaqin orada jahon bozorida yetakchi o‘rinlarga chiqishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti muhim minerallar bo‘yicha Mintaqaviy investitsiya alyansini tuzishni taklif qildi. Bu esa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish siklini qamrab oluvchi kuchli qayta ishlash klasterlarini yaratish imkonini beradi.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi «yashil» rivojlanish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish ehtiyojlaridan kelib chiqadi. Bu borada O‘zbekiston rahbari C5+1 formulasi asosida Iqlim va uglerod hamkorligi formatini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.
Nihoyat, Mirziyoyev yosh avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shma ishlarni yo‘lga qo‘yish tarafdori ekanini aytdi. U Markaziy Osiyo demografik salohiyati yuqori bo‘lgan mintaqa ekanini, bu yerda 30 yoshgacha bo‘lgan aholi umumiy aholining yarmidan ko‘pini tashkil etishini eslatdi. Shu bois inson kapitalini «buyurtma — tayyorlash — ishga joylashtirish» tamoyili asosida rivojlantirish g‘oyasi ilgari surilmoqda, deya xulosa qildi O‘zbekiston prezidenti.
Koreya Respublikasi
Prezident Li Je Myon Markaziy Osiyodagi hamkasblariga murojaat qilar ekan, bugun bir vaqtlar Sharq va G‘arbni bog‘lab turgan «Buyuk Ipak yo‘li ruhi»ni qayta tiklash zarurligini ta’kidladi.
Koreya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, dunyo iqtisodiyot, energetika, bozorlar, texnologiyalar va xavfsizlik bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yangi silsilalar davriga kirmoqda. Davlat rahbari bir nechta ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni taklif qildi. Xususan, Markaziy Osiyoning muhim minerallar va energetika resurslariga boy zaxiralarini «Tonggi tarovat o‘lkasi»ning foydali qazilmalarni qidirish va qayta ishlash sohasidagi tajribasi bilan birlashtirgan holda, global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish zarur.
Bundan tashqari, C5+1 formatidagi hamkorlik alohida loyihalarni amalga oshirish doirasidan chiqib, respublikalarning sanoat salohiyatini birgalikda rivojlantirish va qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalarni tashkil etish darajasiga ko‘tarilishi kerak. Bunday yondashuv, pirovardida, yangi ish o‘rinlarini yaratish va uchinchi davlatlarga eksport hajmini oshirishga olib keladi.
Prezident Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida muhim sohalar, jumladan, muhim minerallar, energetika, infratuzilma qurilishi va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni nazarda tutuvchi kelishuvlar allaqachon tuzilganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, sun’iy intellekt va boshqa texnologik innovatsiyalar sohasida hamkorlik qilish tashabbusi tasdiqlangan.
«Koreya va Markaziy Osiyoning kuchli jihatlari birgalikda umumiy muammolarni hal etish uchun cheksiz imkoniyatlar yaratadi. Bu, pirovardida, o‘zaro farovonlikka erishishni tezlashtiradi», — deya xulosa qildi Li Je Myon.
***
«Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammiti yakunlari bo‘yicha Seul deklaratsiyasi qabul qilindi.
Hujjat asosini mintaqa mamlakatlari va Koreya hukumati o‘rtasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida va boshqa sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlar tashkil etadi. Xususan, unda quyidagi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash belgilangan:
✅ xavfsizlik, jumladan terrorizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va kibertahdidlarga qarshi kurash;
✅ savdo, investitsiyalar, transport, infratuzilma, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi;
✅ muhim minerallar, energetika;
✅ raqamlashtirish, sun’iy intellekt, yangi texnologiyalar;
✅ sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniyat.
Bundan tashqari, deklaratsiyada gumanitar aloqalarni rivojlantirish va Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi etnik koreyslar — koryo-saramni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi band ham mavjud.
Tomonlar, shuningdek, C5+1 formatidagi sammitni har ikki yilda bir marta o‘tkazishga kelishib oldi. Keyingi uchrashuv 2028 yilda Ostonada bo‘lib o‘tadi.
-
09 sentyabr09.09«Hakan va Bilge» Turkistonga yo‘l olmoqdaEndi turkiyalik maktab o‘quvchilari hech qachon «Markaziy Osiyo» atamasini eshitmasligi haqida -
27 avgust27.08Intriga keyinga qoldirildiKuzatuvchilar va ekspertlar — Qozog‘istondagi yangi parlament — Qurultoyga ilk saylovlar haqida -
23 iyul23.07Qozog‘iston taqdiri bilan bog‘liq quvurQora dengizdagi tankerlarga qilingan hujumlar Qozog‘iston neft eksportini qanday qilib to‘xtatib qo‘ygani haqida -
13 iyul13.07VideoMarkaziy Osiyoda maishiy zo‘ravonlik markaziRossiyalik bloger Qozog‘istondagi maishiy zo‘ravonlik haqida film suratga oldi -
01 iyul01.07Rossiyada benzin kamaydiBu Qirg‘iziston va umuman Markaziy Osiyoga qanday ta’sir ko‘rsatadi? -
01 iyun01.06Golodomor endi yo'q, ammo «yorqin kelajak» borQozog'iston Prezidenti qatag'on qurbonlari haqida birorta ham so'z ishlatmadi



