Qozog‘istonlik sobiq bankir Jomart Yertayev Bank RBK banklaridan milliardlab mablag‘ni o‘zlashtirganlik uchun sudlangan bo‘lib, jazoni to‘liq o‘tab bo‘lganidan so‘ng ozodlikka chiqdi. Bu haqdagi ma’lumotni «Kursiv»ga Jinoyat-ijroiya tizimi qo‘mitasida (JITQ) tasdiqlashdi.
Idora ma’lum qilishicha, ozodlikka chiqqanidan so‘ng Yertayev ustidan olti yil muddatga ma’muriy nazorat o‘rnatiladi.
2020 yil noyabr oyida Yertayev Bank RBKdan 144 mlrd tenge (322 mln dollar) miqdorida mablag‘ni o‘zlashtirish ishi bo‘yicha mol-mulkini musodara qilish bilan 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatlar 2011 yildan 2017 yilgacha sodir etilgan. Ta’kidlanishicha, Yertayev Bank RBK boshqaruv raisi maslahatchisi bo‘lgan paytda soxta kompaniya uchun kredit olinishiga yordam bergan. Uning o‘zi esa kreditlar ajratilishiga ta’sir ko‘rsatmaganini aytgan.
2017 yilda bank inqirozga duch kelganida, Yertayevdan qarzlarni to‘lash yoki unga tegishli «Almatel Kazaxstan» («Alma-TV») telekommunikatsiya kompaniyasi aksiyalarini berish talab qilingan. Keyinchalik unga nisbatan firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Yertayevning o‘zi esa shu yo‘l bilan undan biznesini tortib olishga urinish bo‘layotganini ta’kidlagan.
Tadbirkor hibsga olingunga qadar so‘nggi bir necha yilni Rossiyada o‘tkazgan va u yerda bir necha bor qo‘lga olingan. Dastlab, 2018 yil may oyida Yertayev uy qamog‘iga olingan, ammo keyinchalik qochqin maqomi berilgach, ozod qilingan. Keyinroq Yertayev ushbu maqomdan mahrum qilindi va yana qo‘lga olinib, takroran uy qamog‘iga jo‘natildi, so‘ngra SIZOga o‘tkazildi. 2019 yil mart oyida Yertayev Qozog‘istonga ekstraditsiya qilinib, hibsga olindi. Unga nisbatan hibsda ushlab turish ehtiyot chorasi bir necha bor uzaytirilgan.
2021 yil mart oyida sobiq bankir yana bir bor qamoq jazosiga hukm qilinadi — bu safar soxta don tilxatlari garovi evaziga banklarning kredit mablag‘larini o‘zlashtirish ishi bo‘yicha. U 9 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Shu bilan birga, sud birinchi jinoyat ishi bo‘yicha Yertayevga tayinlangan jazoni yengillashtiradi. Jazo muddatiga uning hibsda o‘tkazgan vaqti ham hisobga olingan.
Natijada sobiq bankir koloniyada olti yilni o‘tkazadi.
Qozog‘iston OAVlari Jomart Yertayevni Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning katta qizi Darig‘a Nazarboyeva bilan bog‘laydi. U bir necha yil davomida Darig‘a Nazarboyeva va uning o‘g‘li Nurali Aliyevga tegishli bo‘lgan «Alma-TV» MCHJni bosh direktor sifatida boshqargan.
❗ 2025 yil kuzida Yertayev amnistiya doirasida muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilingani haqida xabar berilgan edi. Biroq, keyinchalik shartli ozod qilish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinib, u yana koloniyaga qaytarilgan.



