Qozog‘istonda sobiq soliq xizmati xodimi Rossiyadan kelgan mashinalarni pora evaziga o‘tkazib yuborgani uchun sudlandi

astana.sud.kz sayti fotosurati

G‘arbiy Qozog‘iston viloyati bo‘yicha Davlat daromadlari departamenti boshqarmasining sobiq vaqtincha rahbari pora olgani uchun 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Ostona shahrining jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudi xabar berdi. Sud hukmiga ko‘ra, mahkum Rossiyadan kelgan yuk mashinalarining chegaradan to‘siqsiz o‘tishi uchun 100 million tenge (221 ming dollar) olgan.

Sud aniqlashicha, 2025 yil sentyabr–oktyabr oylarida mansabdor shaxs Rossiya fuqarosi bilan G‘arbiy Qozog‘iston viloyatidagi nazorat-o‘tkazish punktlari orqali yuk tashishda unga homiylik qilish bo‘yicha kelishib olgan.

U pora evaziga Rossiyadan Qozog‘istonga 1003 ta yuk mashinasining to‘siqsiz o‘tishini ta’minlashga va’da bergan.

Bundan tashqari, mansabdor shaxs tashuvchi kompaniyalar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning xatarlarni boshqarish tizimiga kiritilishi haqida ma’lumot berib turgan va shu bilan bog‘liq cheklovlarni qanday chetlab o‘tish mumkinligini tushuntirgan.

Pul unga vositachi orqali berilgan. Vositachining o‘zi bu xizmat uchun 24,8 million tenge (55 ming dollar) olgan.

Davlat ayblovchisi DDDning sobiq xodimini 12 yilga, vositachini esa bir yilu olti oyga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Sud har ikki ayblanuvchining voyaga yetmagan farzandlari borligini jazoni yengillashtiruvchi holat deb topgan. Shu bilan birga, sobiq mansabdor shaxs uchun og‘irlashtiruvchi holat sifatida qasamyodni buzgan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilgani e’tirof etildi.

Natijada DDDning sobiq xodimi 10 yilga, vositachi esa bir yilu olti oyga ozodlikdan mahrum etilgan. Har ikkisiga mol-mulkni musodara qilish jazosi tayinlangan va muayyan lavozimlarni egallash umrbod taqiqlangan. Sud, shuningdek, jinoiy yo‘l bilan topilgan deb e’tirof etilgan pullarni davlat daromadiga musodara qilish va mahkumlardan noqonuniy olingan mablag‘larni undirish haqida qaror chiqargan.

Hukm hozircha qonuniy kuchga kirmagan.

Qozog‘iston va Rossiya chegarasida yuk mashinalaridan iborat navbatlar muntazam ravishda yuzaga keladi. Odatda, bu holat ikki mamlakat bojxona xizmatlari faoliyati bilan bog‘liq, biroq idoralarning o‘zi ham transport oqimi ko‘payganini vaj qilib, bunday bog‘liqlikni muntazam ravishda rad etib keladi. Vaziyat ayniqsa 2025 yil kuzida keskinlashgan, o‘shanda Rossiya va Qozog‘iston chegarasida minglab yuk mashinalari to‘xtab qolgan edi. O‘shanda ekspertlar bu holatga «Qozog‘iston va Rossiya tomonlarining “yashirin” importga qarshi kurashni faollashtirish istagi bir vaqtga to‘g‘ri kelgani» sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan edi.