IPHR va CPJ «Orda»ning sobiq bosh muharriri Gulnara Bajkenovaga chiqarilgan hukmni qoraladi

bureau.kz sayti fotosurati

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlik (IPHR) va Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) Orda.kz nashrining sobiq bosh muharriri Gulnara Bajkenovaga chiqarilgan hukmni qoraladi. Tashkilotlar bayonotlarida qayd etilishicha, huquq himoyachilari uning ishini Qozog‘istonda Qurultoy (parlament) saylovlari arafasida mustaqil OAVga bosim o‘tkazilishining bir qismi sifatida baholamoqda.

«Gulnara Bajkenovaga nisbatan chiqarilgan sakkiz yillik shafqatsiz qamoq jazosi Qozog‘istonda 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari arafasida matbuotni sukut saqlashga majburlashga qaratilgan hukumat harakatlaridan dalolat beruvchi hibslar va ayblov hukmlarining tashvishli tendensiyasining bir qismidir», — dedi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasining Nyu-Yorkdagi dasturiy direktori Karlos Martines de la Serna.

U Qozog‘iston hukmatini matbuotga bosim o‘tkazishni to‘xtatishga va Bajkenova hamda «nishonga olingan» boshqa jurnalistlarga erkin ishlash imkonini berishga chaqirdi.

«Hukmning ovoz berishdan atigi bir necha kun oldin chiqarilgani xavotir uyg‘otmoqda. Bu, ayniqsa, saylovlar davrida muhim, chunki aynan shu paytda voqealarni mustaqil yoritish va hokimiyat harakatlari ustidan jamoatchilik nazorati alohida ahamiyat kasb etadi», — dedi IPHR mintaqaviy direktori Reychel Gasovski 19 avgust kuni «Vlast» nashriga elektron maktub orqali.

IPHR, shuningdek, Bajkenovaning advokati Murat Adam uning ishidagi protsessual qoidabuzarliklar haqida ommaviy ravishda bayonot berganidan so‘ng advokatlik litsenziyasidan mahrum qilinganidan xavotir bildirdi. Tashkilot fikricha, bu jurnalistga nisbatan ta’qib amalga oshirilayotgani haqidagi xavotirlarni yanada kuchaytiradi.

«Bajkenovaning ishi yagona holat emas. O‘tgan haftagi qo‘shma bayonotimizda tilga olingan boshqa so‘nggi ishlar bilan bir qatorda, u Qozog‘istonda nozik mavzularni tanqidiy yorituvchi jurnalistlar duch kelayotgan xavf-xatarlar tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi», — dedi Gasovski.

13 avgust kuni IPHR, CPJ va yana to‘rtta xalqaro huquqni hamda matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilot Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart To‘qayevga qo‘shma maktub yo‘lladi. Ular davlat rahbarini jurnalistlarni hibsga olish va mustaqil OAVga bosim o‘tkazishning «yaqindagi to‘lqini»ni to‘xtatishga chaqirdi.

Tashkilotlar, shuningdek, Jinoyat kodeksining qasddan axborot tarqatish haqidagi 274-moddasini dekriminalizatsiya qilishga chaqirdi. Bajkenovaga aynan shu modda bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Ushbu modda avval ham jurnalistlarga qarshi ishlarda bir necha bor qo‘llanilgan.

18 avgust kuni sud Gulnara Bajkenovani sakkiz yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi va unga besh yil davomida jurnalistlik faoliyati bilan shug‘ullanishni taqiqladi. U qasddan axborot tarqatish, ishonib topshirilgan mol-mulkni o‘zlashtirish va noqonuniy tadbirkorlikda aybdor deb topildi.

❗ So‘nggi vaqtlarda Qozog‘istonda mustaqil jurnalistlar va OAVga bosim kuchaydi. Lukpan Axmedyarov, Dinara Yegeubayeva va Azamat Omarovga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi. Jurnalist Aleksandra Alexova shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish bilan bog‘liq ish bo‘yicha haqiqiy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlarning akkauntlari muntazam ravishda bloklanmoqda. Xalqaro so‘z erkinligini himoya qilish fondi «Әdіl sөz» yuz berayotgan voqealarni so‘z erkinligining «yaqqol cheklanishi» deb atadi.

O‘z navbatida, Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva bu borada hokimiyatga bildirilayotgan barcha da’volarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar, blogerlarning kasbiy faoliyati yoki so‘z erkinligining asossiz cheklanishi sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan harakatlar nafaqat jurnalistlarning o‘ziga, balki davlat organlariga ham zarar yetkazadi.