Rossiya Qozog‘istonning tranzit orqali tashiladigan KEBCO neftini Boltiq dengizidagi Ust-Luga portidan Novorossiyskka yo‘naltirmoqda va shu orqali Boltiq terminallari orqali o‘z neftini yetkazib berish hajmini oshirish uchun quvvatlarni bo‘shatmoqda. Bu haqda Reuters agentligiga sohadagi to‘rt manba xabar bergan.
Moskva Qora dengizda Rossiya tankerlari uchun xavf-xatarlar ortib borayotgani va dronlar hujumlari tufayli portlar ishida uzilishlar yuzaga kelayotgani fonida neft eksportini Boltiq dengizidagi Primorsk va Ust-Luga portlari orqali oshirishga intilmoqda.
Uch manbaning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyi oxirida Ust-Luga portida yuklanishi rejalashtirilgan KEBCO nefti ortilgan kamida ikkita tanker Novorossiyskka yo‘naltirilgan.
Manbalarning xabar berishicha, sentyabr oyida avval Ust-Luga orqali yuklangan Qozog‘iston neftining butun hajmi Novorossiyskka yo‘naltirilishi mumkin. Ushbu davrda Boltiq dengizidagi portdan KEBCO yetkazib berish rejalashtirilmagan.
Marshrutning bunday o‘zgarishi Ust-Luga portida oyiga qariyb 400 ming tonna — kuniga taxminan 100 ming barrel — eksport quvvatini Rossiya neftini yuklash uchun bo‘shatishi mumkin.
Rossiyalik eksportchilar xavfsizlik xatarlari yuqorilagani sababli Qora dengiz portlaridan neft tashish uchun tankerlar topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ikki manbaning ma’lum qilishicha, ayrim kema egalari Rossiya yuklarini tashishdan bosh tortmoqda.
Shu bilan birga, Reuters suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Qozog‘iston neftini tashuvchi kompaniyalar uchun xavflar pastroq bo‘lib, bu tankerlarni topishni osonlashtiradi.
Ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston neft ishlab chiqaruvchilari o‘z neftini Boltiq portlaridan Novorossiyskka yo‘naltirishni qo‘llab-quvvatlagan, chunki hozir Qora dengiz orqali eksport qilish iqtisodiy jihatdan foydaliroq.
KEBCO neftining asosiy qismi O‘rta yer dengizi mintaqasidagi neftni qayta ishlash zavodlariga sotiladi yoki davlatga qarashli «QazMunayGaz» kompaniyasining Yevropadagi NQZlariga yo‘naltiriladi.
Qozog‘iston sifati jihatidan Rossiyaning Urals neftiga o‘xshash, ammo Qozog‘iston xomashyosi sifatida sertifikatlangan KEBCO neftini eksport qiladi. KEBCO yetkazib berish Novorossiysk va Ust-Luga portlari orqali amalga oshiriladi.
Qora dengiz orqali neft tashish bilan bog‘liq vaziyat Novorossiysk hududida tankerlar va infratuzilmaga qator hujumlar sodir etilganidan so‘ng keskinlashdi. 12 avgust kuni The Financial Times Ukraina AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensning iltimosidan so‘ng Kaspiy quvurlari konsorsiumi (KQK) terminalidan foydalanuvchi tankerlarga hujumlarni to‘xtatgani haqida xabar berdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kiyev KQK infratuzilmasi va Rossiyaga tegishli bo‘lmagan kemalarga, agar ular Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lmasa va Rossiya nefti yoki yuklarini tashimasa, hujum qilmaslikka rozi bo‘lgan.
16 avgust kuni Bloomberg manbalarga tayanib, Novorossiysk yaqinidagi Kaspiy quvurlar konsorsiumi (KQK) terminalida yuklanganidan so‘ng Gretsiyaning Skiros tankeri hujumga uchraganini xabar qildi. Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, tankerga yuklangan neft partiyasi go‘yo Rossiyaniki bo‘lgan. Bu qariyb uch haftalik tanaffusdan keyin KQK terminaliga kirgan kemaga qilingan birinchi hujum bo‘ldi.



