Qozog‘istonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

t.me/atamekenbusiness fotosurati

Qozog‘istonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, deb xabar berdi respublika Fan va oliy ta’lim vazirligi.

Loyiha xalqaro texnologiya kompaniyasi AgiBot (Shanxay shahri) bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. U Ostonadagi Alem.ai majmuasida bo‘lib o‘tgan Qazbot Robotics Forum forumida taqdim etildi.

AgiBot gumanoid robotlar va Embodied AI sohasidagi yechimlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hamkorlik doirasida texnologiyalarni Qozog‘istonda mahalliylashtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish va soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

«Bizning vazifamiz tayyor texnologik yechimlarni joriy etish bilan cheklanib qolmasdan, Qozog‘istonda o‘z muhandislik va ilmiy salohiyatimizni shakllantirishdan iborat. Gumanoid robotlar ishlab chiqarish universitetlar, olimlar va sanoatni yagona texnologik zanjirga birlashtiruvchi maydonga aylanishi kerak. Gap mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlardan tortib, texnologik yechimlarni ishlab chiqish va ularni sanoatda qo‘llashgacha bo‘lgan to‘liq sikl haqida bormoqda», — dedi Fan va oliy ta’lim vaziri Sayasat Nurbek.

Loyihaga, shuningdek, Nazarboyev universitetining Aqlli tizimlar va sun’iy intellekt instituti (ISSAI) ham qo‘shildi. Institut gumanoid robototexnika sohasida salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy va tizimli integratsiya hamkori sifatida ishtirok etadi.

Yaqinda Atameken Business telekanali Ostonada AgiBot bilan hamkorlikda QAZBOT majmuasi qurilishi boshlangani haqida xabar berdi. Mazkur majmua Qozog‘istonda gumanoid robotlar ishlab chiqarish va sun’iy intellekt sohasida yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha birinchi maydonga aylanishi kerak. Loyihaning birinchi bosqichiga investitsiyalar taxminan 200 mln dollarga baholanmoqda.

Majmua hududida o‘z R&D markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu yerda dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt modellarini ishlab chiqish, robototexnika tizimlarini sinovdan o‘tkazish va moslashtirish, shuningdek, muhandis kadrlarni tayyorlash ishlari olib boriladi.

  • Markaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi?

  • Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi

  • Rossiya matbuoti «nato» snaryadlari tufayli Qozog‘istonga hujum qila boshladi

  • Markaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor