Saltanat Nukenova qotilligi bo‘yicha jinoyatni yashirishda ayblanib sudlangan Baxitjan Bayjanov amnistiya asosida ozodlikka chiqadi. Bu haqda uning advokati Gaziz Intiqbayev «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Bayjanov — Qozog‘istonning sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Quandik Bishimbayevning amakivachchasi bo‘lib, Bishimbayev fuqarolik nikohidagi turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani o‘ldirganlik uchun 24 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Ushbu ish bo‘yicha Baxitjan Bayjanov jinoyatni yashirganlikda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Sud hukmi 2024 yil may oyida e’lon qilingan.
Advokatning so‘zlariga ko‘ra, Stepnogorsk shahar sudi uning himoyasidagi shaxsga nisbatan amnistiya to‘g‘risidagi qonunni qo‘llagan va uni zudlik bilan ozodlikka chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
«Jazoning o‘talmay qolgan qismi uch oydan biroz ko‘proq edi. Bugunning o‘zidayoq Baxitjan oilasi bag‘riga qaytadi», — dedi advokat.
Nashr qayd etishicha, sud qarori mahkumning jazoni ijro etish muassasasidan berilgan ijobiy tavsifnomasi inobatga olingan holda qabul qilingan. Koloniya ma’muriyati uning namunaviy xulqi, intizom bo‘yicha birinchi ijobiy darajaga egaligi, ikki marta rag‘batlantirilgani, shuningdek, sud hukmiga muvofiq qo‘yilgan barcha fuqarolik da’volarini to‘liq qoplaganini qayd etgan. Ozod qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani prokuror ham qo‘llab-quvvatlagan.
Ta’kidlash joiz, Bayjanovga nisbatan bunga o‘xshash yengillik avval ham qo‘llanilgan. 2025 yil iyul oyida Stepnogorsk shahar sudi Qozog‘iston Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiyani unga nisbatan qo‘llash haqidagi iltimosnomasini qanoatlantirgan edi. O‘shanda jazo muddati uchdan bir qismga qisqartirilgan va uning 2026 yil noyabr oyida ozodlikka chiqishi kutilgan (dastlabki hukmga ko‘ra, jazo muddati 2027 yil iyul oyida yakunlanishi kerak edi).
2024 yil may oyida Qozog‘istonning sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Quandik Bishimbayev fuqarolik nikohidagi turmush o‘rtog‘i Saltanat Nukenovani qiynoqqa solib o‘ldirganlikda aybdor deb topilib, 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan mazkur sud jarayoni hakamlar hay’ati ishtirokida o‘tkazilgandi. Sobiq vazir ustidan o‘tgan sud muhokamasi fonida Qozog‘istonda oilaviy zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi. U xalq orasida «Saltanat qonuni» nomi bilan mashhur bo‘ldi.



