Rus pravoslav cherkovining sobiq ruhoniysi Iakov Vorontsov unga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilayotganini da'vo qildi. Bu haqda uning hibsxonadan tashqariga uzatgan va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan xatida so‘z yuritiladi.
Iakov Vorontsov — Rus pravoslav cherkovining Ostona va Olmaota yeparxiyasining sobiq iyeromoni. U 2023 yili Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi va Rus pravoslav cherkovi rahbariyatini tanqid qilganidan so‘ng keng ommaga tanilgan. Keyinchalik u diniy unvoni va lavozimidan chetlashtirilgan.
Sobiq ruhoniy 13 fevral kuni Olmaotada politsiya va maxsus kuchlar guruhi tomonidan tungi tintuv o‘tkazilgandan so‘ng hibsga olingan. Uning uyidan qandaydir bir kukun topilgani aytiladi. Politsiya Vorontsovni tibbiy bo‘lmagan giyohvand moddalarni iste'mol qilishda aybladi va sud uni 10 kunlik qamoq jazosiga hukm qildi. Keyinchalik politsiya sobiq ruhoniyni «giyohvand moddalar iste'mol qilish uchun yashirin joy tashkil qilish»da ayblab, tergov boshlaganini ma'lum qildi.
«Mening uyimda hech qachon yashirin joy bo‘lmagan. Turli odamlar tasalli va yaxshi so‘zlar ilinjida uyimga kelishgan. Fikrdoshlarim va dindoshlarim suhbat qurish va ibodat uchun kelishgan.
Uyimdan topilgan kukun menga tegishli emas. Menimcha, bu narsa qasos olish va obro‘sizlantirish maqsadida atayin uyimga tashlab qo‘yilgan. Bundan kim foyda ko‘rishini va kim buyurtma bergan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish qiyin emas. Meni yolg‘on va tuhmat bilan obro‘sizlantirishga urinayotgan kimsalarni hamma biladi. Menga qarshi kim jinoiy qasos olishga chorlaganini hamma biladi», — deb yozgan Vorontsov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sud uni «noto‘g‘ri ekspertiza xulosalari asosida» 10 kunlik hibsga olish jazosiga hukm qilgan. «Sudya advokatim va mening dalillarimni tingladi, lekin e'tiborsiz qoldirdi. Men sud qaroriga qo‘shilmayman. Oldinda meni uydirma holidagi jinoiy tergov kutmoqda», — deya ta'kidlaydi u.
Xatining so‘nggida Vorontsov do‘stlari va dindoshlariga murojaat qilib, ulardan bordiyu uni «uzoq vaqtga qamashadigan bo‘lishsa», Moskva Patriarxatiga bo‘ysunmaydigan Pravoslav cherkovi diniy birlashmasini ro‘yxatdan o‘tkazishni yakunlashni so‘ragan. «Avvaliga jamoa ruhoniysiz ham mavjud bo‘lishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tgandan so‘ng, Konstantinopolga yozing, sizni qabul qiladigan va mendan ko‘ra munosibroq ruhoniyni tayinlaydigan yepiskopni qidiring», — deya xulosa qilgan u.
So‘nggi yillarda Vorontsov diniy birlashmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Qozog‘iston Adliya vazirligiga bir necha bor murojaat qilgan, ammo har doim rad javobini olgan. Hibsga olinishidan avval, u mazkur qarorga qarshi sudga shikoyat arizasi topshirgani ma'lum bo‘lgandi.



