Qozog‘istonda yil boshidan beri vafot etgan beshinchi harbiy xizmatchi bilan bog‘liq holat tekshirilmoqda

gov.kz sayti fotosurati

Mang‘istov (Qozog‘istonning janubi-g‘arbiy qismi) viloyatidagi poligonda dala mashg‘ulotlari paytida muddatli harbiy xizmatchi halok bo‘ldi, deb xabar beradi Tengrinews.kz nashri Quruqlikdagi qo‘shinlar matbuot xizmatiga tayanib.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, 17 fevral kuni «Beyneu» poligonida rejali dala mashg‘ulotlari paytida Quruqlikdagi qo‘shinlarning «G‘arb» mintaqaviy qo‘mondonligi harbiy xizmatchisi qurol bilan ishlayotgan paytda o‘qdan yaralanib o‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hodisa sabablari aniqlanmoqda. Bosh prokuratura tergovni o‘z nazoratiga olgan. Mudofaa vazirining ko‘rsatmasi bilan voqea joyiga Mudofaa vaziri o‘rinbosari general-mayor Shayx-Xasan Jazikbayev boshchiligidagi komissiya yuborilgan.

«Qurolli kuchlar qo‘mondonligi marhumning oilasi va do‘stlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Uning oilasiga amaldagi qonunchilikka muvofiq barcha zarur yordam ko‘rsatiladi», — deb xabar beradi Quruqlikdagi qo‘shinlar matbuot xizmati.

Qozog‘iston armiyasida harbiylar o‘limi bilan bog‘liq hodisalar tez-tez sodir bo‘lmoqda. Bu holat nafaqat faollar, balki prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan ham bir necha bor ta'kidlangan. O‘tgan yozda u Mudofaa vaziri Dauren Kosanovga «armiyadagi fojiali hodisalar sonini kamaytirish bo‘yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishni» buyurgan edi. Biroq, ularning soni haliyam kamaymagan. Birgina shu yilning yanvarь oyida to‘rtta o‘lim holati qayd etildi: 23 yanvarda muddatli harbiy xizmatchi Ust-Kamenogorsk garnizonidagi harbiy qismda qo‘riqlash paytida o‘q jarohatidan vafot etdi. 27 yanvarda yana bir muddatli harbiy xizmatchi Jambil viloyatida qurol bilan ishlayotganda halokatli yaralandi. 14 yanvarda Aktau garnizonida kichik serjant KAMAZ yuk mashinasi urib yuborganidan so‘ng vafot etdi va 6 yanvarda Qozog‘iston Respublikasi Milliy gvardiyasining muddatli harbiy xizmatchisi Chimkentda vafot etdi. U to‘satdan yurak xurujiga uchradi.

O‘tgan oyda Qozog‘iston Mudofaa vazirligi «shaxsiy tarkib hayoti va sog‘lig‘ini avaylash» borasida favqulodda choralar ko‘rganini ma'lum qildi. Xususan, intizom va ta'lim ishlari, qurol bilan ishlash va mashg‘ulotlar uchun xavfsizlik talablari kuchaytirildi. Harbiy xizmatchilarning psixologik holatini qayta baholash uchun barcha harbiy qismlarga komissiyalar yuborildi. Vazirlik, shuningdek, qo‘mondonlar va serjantlarning shaxsiy javobgarligini oshirdi, «harbiy politsiya tomonidan keng qamrovli tekshiruvlar»ni tashkil qildi va shu jumladan, shaxsiy tarkib ustidan xizmatdan tashqari 24 soatlik monitoringni joriy etdi.