«Bishkeklik manyak» tergov izolyatori kamerasida o‘lik holda topildi

Qumarbek Abdirov. 24.kg sayti fotosurati

«Bishkeklik manyak» nomi bilan tanilgan Qumarbek Abdirov Qirg‘iziston poytaxtidagi 1-sonli tergov izolyatori kamerasida o‘lik holda topildi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Jazoni ijro etish davlat xizmati (JIDX) bir qator shov-shuvli qotilliklarda ayblangan 41 yoshli shaxs o‘lganini tasdiqlagan. Jasad 7 fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da topilgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, mahbus o‘z joniga qasd qilgan. Mazkur fakt yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlangan.

Qumarbek Abdirov 2025 yil sentabrida 17 yoshli Oysulu Mukashevani o‘ldirganlikda ayblanib qo‘lga olingan edi. Ish shu qadar rezonansga ega bo‘ldiki, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘lim jazosini qaytarishni buyurdi.

So‘roq paytida Abdirov bir nechta ayollarni, jumladan, Qirg‘iziston sobiq Bosh prokurorining amakisi bilan aloqasi tufayli keng shov-shuvga sabab bo‘lgan 19 yoshli Kamila Duyshebayevani zo‘rlab, so‘ng o‘ldirganini tan olgan.

Abdirovning tirik qolgan jabrlanuvchilaridan biri so‘roq paytida uning aytgan so‘zlarini eslagan: «Qanday qilib ozod bo‘lishga muvaffaq bo‘lding? Sendan oldin hech kim buni uddalash olmagandi». Bu so‘zlar tergovchilarni jinoyatchi ilgari ham tajovuzlar sodir etgan deb o‘ylashga majbur qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Abdirovning qurbonlari uni taksi haydovchisi deb o‘ylab, mashinasiga o‘tirgan qizlar va yosh juvonlar bo‘lgan. Jinoyatlar asosan tog‘li hududlarda va shaharlar chekkasida sodir etilgan.

2016 yili sud «bishkeklik manyakni» qotillikka urinish uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgan, keyinchalik muddat yetti yilga qisqartirilgan. 2018 yili u qamoqdan shartli ravishda ozod qilingan.

2025 yili Abdirov hibsga olinganidan so‘ng Bishkek shahar sudining uch nafar sobiq sudyasi va prokurori hibsga olingan, zero ularning qarori bilan jinoyatchining jazosi yengillashtirilgan edi.