Qozog‘istonning Akmola viloyati ixtisoslashtirilgan tumanlararo jinoyat sudi hakamlar hay’ati bilan birgalikda Atbasar koloniyasida mahbuslarni qiynashda ayblangan 12 nafar sobiq qamoqxona xodimining ishini ko‘rib chiqdi. Viloyat sudi matbuot xizmatiga ko‘ra, hakamlar hay’ati sudlanuvchilarni aybsiz deb topgan, deb xabar beradi Vlast.kz.
Oqlangan sudlanuvchilarga reabilitatsiya huquqi berilgan. Sud hukmi hali qonuniy kuchga kirmagan.
Bir guruh mahbuslar qiynoqqa solinganiga oid video 2023 yil avgust oyida ommaga oshkor bo‘lgandi. Qiynoqqa solinganlarning orasida siyosiy faol Timur Danebayev ham bo‘lgan. Videoda qamoqxona xodimi undan hojatxonani tozalashni so‘ragan. U rad etganidan so‘ng, «maxsus vositalardan foydalanish» buyrug‘i berilgan va qamoqxona xodimlari Danebayevning bel va oyoqlarini rezina tayoq bilan kaltaklashgan. IIV Jinoyat-ijroiya tizimi qo‘mitasi matbuot xizmati o‘shanda qamoqxona xodimlari shu tariqa «qamoqxona ma’muriyati qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holatlarining oldi olayotgani»ni ta’kidlagan, shu bmlan birga xodimlar xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilishganini tan olgan. Bu holat tergov olib borilishiga asos bo‘lgan.
Keyinchalik Ichki ishlar vazirligi 11 nafar qamoqxona xodimiga salbiy asoslar bilan ishdan bo‘shatish tavsiya etilganini xabar qilgan.
Sud jarayoni 2024 yil iyul oyida boshlangan. Uch nafar qamoqxona xodimi hibsda bo‘lgan, qolganlari garov evaziga ozod qilingan (jami 12 nafar sudlanuvchi ishda ishtirok etgan). Qirq to‘rt nafar mahbus jabrlanuvchi sifatida qayd etilgan.
Joriy yil fevral oyida sudlanuvchilar hakamlar hay’ati tomonidan oqlangan. Akmola viloyati prokuraturasi hukmga rozi bo‘lmagan va unga qarshi apellyatsiya shikoyati bergan. Aprel oyida oqlov hukmi bekor qilingan va ish yangi sud muhokamasiga yuborilgan.



