23 yoshli Yana Legkodimovaning shafqatsizlarcha o‘ldirilishida ayblangan Atirau (Qozog‘iston g‘arbidagi shahar) fuqarolari Rizuan Xayrjanov va Altinbek Katimov umrbod qamoq jazosi ustidan apellyatsiya shikoyati berishdi. Bu haqda jabrlanuvchi tomoni vakili Ajar Abdil Tengrinews.kz nashriga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlanuvchilarning himoyasi umrbod qamoq jazosini yengilroq jazo bilan almashtirishni so‘ramoqda. Xayrjanov va Katimov advokatlari ilgari qotillik ishida sudlanuvchilarning o‘z aybini tan olganini yengillashtiruvchi holat deb atagandilar.
Atirau shahrida yashovchi 23 yoshli Yana Legkodimova 2024 yil 18 oktabrda bedarak yo‘qolgan. U tanishining qo‘ng‘irog‘idan so‘ng uyidan chiqib ketgan va qaytib kelmagan. Ayolning jasadi oradan sakkiz oy o‘tgach, 2025 yil iyun oyida Taldiko‘l qishlog‘i yaqinidagi O‘rol daryosi bo‘yida topilgan.
Politsiya gumondorlarni Yananing kundaligi orqali topgan, unda u qiz «R» bosh harfi bilan yozilgan odamni tilga olgan. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, Rizuan Xayrjanov qizni mashinada bo‘g‘ib o‘ldirgan, uning sherigi Altinbek Katimov esa eshikni berkitib, qizning qochishiga yo‘l qo‘ymagan. Qotillikdan so‘ng, qizning jasadini O‘rol daryosiga tashlashgan.
Tergovchilar Xayrjanov ishqiy aloqalarini Yana uning xotiniga aytib berishidan qo‘rqib o‘ldirishga qaror qilgan deb hisoblashadi. U sherigi Katimovga yordam uchun 500 000 tenge (956 dollar) va’da qilgan. Tergov aniqlashicha, qotillikdan oldin erkaklar Yanani o‘ldirishning o‘nlab usullarini muhokama qilishgan. Ular, shuningdek, qizning telefonini yo‘q qilishni rejalashtirishgan va sudlanuvchilardan biri qotillikdan so‘ng mashina salonini tozalaganini tan olgan.
Sud majlisida ikkala erkak ham aybini tan olgan.
Tengrinews.kz xabariga ko‘ra, ishdagi asosiy dalillardan biri ikki sudlanuvchi o‘rtasida topilgan yozishmalar bo‘lgan (ular uni o‘chirishga urinishgan). Unda yigitlar hamma narsa «mukammal bo‘lishi kerak»ligi va «bundan ham yomonroq ishlarni qilganini» yozishgan. «Yerga ko‘milish vaqti keldi, azizam», deb yozgan ulardan biri. Sudlanuvchilar shuningdek, amaldorlarga pora berish ehtimolini ham muhokama qilishgan.
Mazkur sud jarayoni Qozog‘istonda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Yetakchi qozog‘iston ommaviy axborot vositalari ularni yoritib bordi.
Atirau viloyatining ixtisoslashtirilgan tumanlararo jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Rizuan Xayrjanov va Altinbek Katimovni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Sudlanganlar jazoni favqulodda xavfsizlik tizimi joriy etilgan jazoni ijro etish muassasasida o‘taydilar.



