Afg‘onistonning Oliy Rahbari va «Tolibon»* yetakchisi Mulla Haybatulloh Axundzoda yangi Jinoyat-protsessual kodeksini (JPK) ma'qulladi. 2026 yil 4 yanvarda imzolangan va viloyat sudlariga tarqatilgan hujjat inson huquqlari faollarining keskin tanqidiga uchradi. Hujjat nusxasini olgan Afg‘oniston inson huquqlari tashkiloti «Ravadari» ma'lumotlariga ko‘ra, kodeks uchta bo‘lim, 10 bob va 119 ta moddadan iborat bo‘lib, ular zamonaviy sud jarayonlarining asosiy tamoyillarini amalda bekor qiladi.
«Ravadari» tahlilchilari kodeks qoidalari xalqaro sud standartlariga mutlaqo zid degan xulosaga kelishdi. Hujjatda aybsizlik prezumptsiyasi, qonun oldida tenglik, himoyalanish huquqi va sukut saqlash huquqi kabi asosiy tamoyillar yo‘q. Kodeks minimal yoki maksimal jazolarni belgilamaydi va aybdorlikning asosiy dalili sudlanuvchining iqrornomasi va guvohlarning ko‘rsatmalaridir, bu esa mutaxassislar ta'kidlashicha, iqror uchun qiynoqlar qo‘llanishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri rag‘batlantiradi.
«Ta'zir» qoidasi alohida tashvish uyg‘otadi — unda harakat jinoyat deb tan olinadi, ammo jazo qonunda aniq belgilanmagan va sudya tomonidan o‘z xohishiga ko‘ra qo‘llaniladi.
Diniy kamsitish va o‘zgacha fikrlarni bostirish
Kodeksning asosiy yangiliklaridan biri diniy ozchiliklarga nisbatan kamsitishni huquqiy kodifikatsiya qilishdir. Hujjatning 2-moddasining 8-bandida faqat Hanafiy mazhabi izdoshlari musulmon sifatida belgilangan, boshqa harakatlar va dinlar vakillari esa «mubtadeh» (bid'atchi) deb ta'riflangan.
Ushbu qoida Afg‘onistondagi ko‘plab diniy ozchiliklarning, jumladan, ja'fariy shialari, ismoiliylar, sinkhlar, hindular va boshqalar manfaatlariga bevosita ta'sir qiladi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, shialar mamlakat aholisining 15% dan 30% gacha qismini tashkil qiladi va ular endi rasman bid'atchi deb e'lon qilingan.
Kodeksning 14-moddasi «Islomga zid bo‘lgan yolg‘on e'tiqodlarni» himoya qiluvchi yoki targ‘ib qiluvchi odamlarni «jamoat manfaati uchun» o‘ldirishga ruxsat beradi. Jinoyat-protsessual kodeksi bunday qatllarni «imom»ning ruxsati bilan amalga oshirishga ruxsat beradi. 26-modda Hanafiy mazhabi izdoshlarining diniy e'tiqodini o‘zgartirishini aniq taqiqlaydi. Agar biror kishining sudda e'tiqodini o‘zgartirgani isbotlansa, u ikki yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
So‘z yerkinligi ham tahdid ostida qolgan. 17-moddada islomiy hukmlarni «tahqir qilinishi» va «masxara qilinishi» uchun ikki yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan, garchi qonunda masxara nima ekanligi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham.
2-moddaning 11-bandida «bagi» — «isyonchi» atamasi «buzg‘unchilikni tarqatishga intiladigan» shaxs sifatida belgilangan. Kodeksga ko‘ra, «ularning zarari ijtimoiy ahamiyatga ega va u o‘lim jazosisiz bartaraf etilmaydi». Ushbu qoida toliblarga adolatli sud jarayoni kafolatisiz raqiblar, tanqidchilar va inson huquqlari faollarini qatl qilish uchun qonuniy asoslar beradi.
4-moddaning 6-bandi har qanday musulmonga gunohkor deb hisoblagan kishisini jazolashga huquq beradi.
Ushbu qoida nafaqat sudlarga, balki oddiy fuqarolarga, axloq politsiyasi xodimlariga va «Tolibon»ga aloqador diniy ulamolarga jazolash vakolatini beradi. Bu yondashuv shaxsiy daxlsizlik huquqini, o‘zboshimchalik bilan hibsga olishni taqiqlashni va adolatli sud jarayoni huquqini qo‘pol ravishda buzadi.
Ijtimoiy tabaqalanish va qullikni qonuniylashtirish
Yangi kodeksning eng dahshatli jihati — ijtimoiy tabaqalanishning rasmiy ravishda mustahkamlanishi va qullikka amalda qonuniy tus berilishidir. Hujjatning 9-moddasida Afg‘oniston jamiyati to‘rt toifaga bo‘lingan: «Islom olimlari va ulamolari», «elita» (ashraf), «o‘rta sinf» va «quyi sinf».
Ana endi bir jinoyat uchun jazo uning og‘irligiga emas, balki jinoyatchining kelib chiqishiga bog‘liq bo‘ladi. Hujjatga ko‘ra, ulamo tanbeh berilishi mumkin, elita vakili esa so‘roq qilish uchun sudga chaqirilishi mumkin. O‘rta sinfdan bo‘lgan shaxs qamoqqa olinadi, «quyi sinf»ga mansub shaxs esa qamoqdan tashqari jismoniy jazo ham oladi.
Inson huquqlari faollari bunday yondashuv qonun oldida tenglik tamoyilini va xalqaro huquqda mustahkamlangan kamsitishni taqiqlashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzishini ta'kidlaydilar.
Bundan tashqari, kodeks qullikni samarali ravishda qonuniylashtiradi: «qul» (g‘ulom) so‘zi hujjatning turli moddalarida bir necha bor tilga olingan. Masalan, hujjatning 15-moddasida shunday deyilgan: «Hadd» (oldindan belgilangan jazo) bo‘lmagan har qanday jinoyat uchun, jinoyatchi ozod yoki qul bo‘lishidan qat'i nazar, ta'zir (ixtiyoriy jazo) qo‘llaniladi». 4-moddaning 5-bandida «ta'zir jazosi»ni ijro etish «er» va «xo‘jayin» (badaar) tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.
Mutaxassislar ta'kidlashicha, toliblar rasman qullikni joriy qilmaydi, balki «ozod» va «g‘ulom» (qul, qaram) tushunchalari bilan ishlaydi, chunki bu farq hanafiylarning asosiy matnlarida muhim ahamiyatga ega. Biroq, kodeksda shaxsning qul maqomini qanday olishi yoki undan qutulishi haqida hech narsa aytilmagan.
Gender siyosati: zo‘ravonlikka qonuniy tus berildi, ayollar huquqlari nolga tengalashtirildi
Yangi kodeks afg‘on ayollari uchun ayniqsa og‘ir oqibatlarga olib keladi. Hujjat oiladagi zo‘ravonlikni qonuniylashtiradi va ayollarni erlarining zo‘ravonligidan himoya qilishdan mahrum qiladi.
Kodeksning 32-moddasida, agar tayoq bilan urish jiddiy jarohatlarga olib kelsa, er atigi 15 kunlik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin va ayol buni sudyaga isbotlashi lozim. Hujjatda ayollarga nisbatan jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllari hatto noqonuniy harakatlar sifatida ham tilga olinmagan.
Taqqoslash uchun, Kodeksning 70-moddasida itlar, tuyalar, qo‘ylar yoki qushlar ishtirokida hayvonlarni urishtirish uchun besh oylik qamoq jazosi belgilangan. Shunday qilib,
xo‘roz urishtirish qonuniy ravishda xotinni kaltaklashdan ko‘ra og‘irroq jinoyat deb tan olingan.
Shu bilan birga, 34-moddada erining uyidan ruxsatsiz chiqib ketgan va ortga qaytishdan bosh tortgan ayol uchun qamoq jazosi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, ayolni erining uyiga qaytarishdan bosh tortgan oila a'zolari ham jazoga tortiladi. Ushbu qoida ayollarni ota-onalari uyida oiladagi zo‘ravonlikdan boshpana izlash imkoniyatidan mutloq mahrum qiladi.
Bolalar ham zo‘ravonlikdan himoyalanmagan. 30-modda o‘qituvchilarga faqat suyaklar yoki terining yorilishiga olib keladigan jismoniy jazolarni taqiqlaydi, bu esa bilvosita boshqa barcha jismoniy zo‘ravonlik turlariga yo‘l qo‘yadi. 48-modda otaga o‘n yoshli o‘g‘lini, masalan, ibodat qilishdan bosh tortgani uchun jazolashga aniq ruxsat beradi.
So‘z erkinligini bostirish va to‘liq nazorat
Yangi kodeks rasmiylarga qarshi har qanday norozilik va tanqidni bostirish uchun huquqiy asos yaratadi. 19-modda «Tolibon» rahbari tomonidan taqiqlangan harakatni sodir etishni, shuningdek, «mumkin maslalar»ga nisbatan tanqid yoki e'tirozni jinoyat deb hisoblaydi.
Inson huquqlari faollari ta'kidlashicha, ushbu qoida shunchalik umumiyki, u rasmiylarga fuqarolarni har qanday harakatlar yoki bayonotlar uchun ta'qib qilish imkonini beradi. Masalan, toliblar tomonidan ayollar uchun ta'lim berishga qo‘yilgan taqiq «ruxsat etilgan maslalar» toifasiga kiradi va bu taqiqni tanqid qilish endi jinoyat hisoblanadi.
23-modda «Tolibon» rahbarlarini haqorat qilganlar uchun 20 ta darra va olti oylik qamoq jazosini belgilaydi. Ushbu qoida amaldorlariga qarshi har qanday tanqidni jinoyat deb hisoblaydi va sudyalarga muxolifat arboblarini bostirish uchun keng vakolatlar beradi.
24-modda barcha fuqarolarni «rejimga qarshilar»ning «qo‘poruvchi» yig‘ilishlari va faoliyati haqida tegishli organlarga xabar berishga majbur qiladi. Buni qilmaslik ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Shunday qilib, mamlakatda to‘liq kuzatuv va chaqimchilik amaliyoti joriy etilmoqda va xalqaro gumanitar huquq bilan kafolatlangan tinch aholining betarafligi endi tan olinmaydi.
59-modda aniq ta'rifsiz raqsga tushish va uni tomosha qilishni jinoyat deb hisoblaydi. 13-modda «axloqiy buzuq joylarni» yo‘q qilishni talab qiladi, bu atama sartaroshxonalar va go‘zallik salonlarini ham o‘z ichiga olishi mumkin.
▶️ «Ravadari» inson huquqlari tashkiloti xalqaro hamjamiyat, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro organlarni Afg‘onistonning yangi Jinoyat-protsessual kodeksining amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha mavjud huquqiy vositalardan foydalanishga chaqiradi. Tashkilot vaziyatni kuzatishda davom etish va ommaviy axborot vositalari va inson huquqlari tashkilotlarini yangi qonunchilik oqibatlari haqida muntazam ravishda xabardor qilib turish niyatida ekanini bildiradi.
12 fevral kuni BMT Xavfsizlik Kengashi 1988 yilgi Afg‘oniston sanktsiyalari qo‘mitasini qo‘llab-quvvatlovchi Kuzatuv guruhi vakolatini uzaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Muhokama davomida a'zo davlatlar vakillari Afg‘onistondagi gumanitar va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat, xususan, ayollar va qizlar duch kelayotgan sharoitlar borasida xavotir bildirdilar.
Shu kuni Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar Qobul-Bagram yo‘li qurilishini ochish marosimida toliblar ma'muriyati afg‘onlarni yagona «islomiy va milliy pozitsiya» ostida birlashtirish ustida ishlayotganini aytdi. U Afg‘onistonning siyosiy, etnik va lingvistik xilma-xilligini «ma'nosiz bo‘linishlar» va toliblar bartaraf etmoqchi bo‘lgan muammo deb atadi. Ushbu bayonot xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistondagi barcha etnik guruhlarni ifodalovchi inklyuziv hukumatni tuzish haqidagi bir necha bor chaqiriqlari fonida yangradi.
Inson huquqlari faollarining fikriga ko‘ra, mustaqil va samarali ichki nazorat mexanizmlaridan holi yangi Jinoyat-protsessual kodeksining joriy etilishi muqarrar ravishda inson huquqlarining buzilishiga, asosiy erkinliklarning bostirilishiga va Afg‘onistonning xalqaro hamjamiyatdan yanada yakkalanishiga olib keladi.
*Ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi sifatida tan olingan va taqiqlangan tashkilot.
-
16 fevral16.02Olovli, qizil va go‘zalQanday qilib ot xitoyliklar tavimida bebaho hayvonga aylangani haqida -
21 yanvar21.01Bulbul gul ishqida yongani kabiMarkaziy Osiyo mamlakatlariga MHO xavfi bormi? -
22 dekabr22.12FotoTokio drayviYaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalarga taxminan 20 milliard dollar sarmoya kiritadi -
18 dekabr18.12Oltovlon uchun sakeMarkaziy Osiyo respublikalarining Yaponiya bilan yaqinlashuvida ko‘z ilg‘amas masalalar bor -
28 noyabr28.11S5 uchun Ozarbayjon ilovasiIlhоm Aliyev Markaziy Osiyo uchun begona emas -
17 noyabr17.11«Buyuk davlatlarga Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy muammolari qiziqmas»Qozog‘istonlik tarixchi Burkitbay Ayagan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va mintaqadagi dolzarb muammolar haqida



